«Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Yo Allohning Rasuli, shayton men bilan namozim va qiroatim orasida to‘siq bo‘ldi. U meni qiroatda adashtiryapti», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "O‘sha Xanzab deb nomlanadigan shaytondir. Qachon uni sezsang: «A’uzu billahi»ni aytgin-da, chap tomonga uch marta tuflagin", dedilar.
U: «Men shunday qilgan edim, Alloh mendan uni ketkazdi», dedi.
Muslim «Ruqya» – «Dam solish» bobida keltirgan.
Sharh: Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhuning savollari namoz ichidagi shayton vasvasasi haqida bo‘lgan.
Ushbu hadislarga binoan, Hanafiy mazhabida «Birinchi rakatda «a’uzu billahi» ichida aytiladi», deyilgan.
«Hadis va hayot» kitobining 4-juzi asosida tayyorlandi.
O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi.
Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.
Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.
«Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan