3 aprel kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov boshchiliklarida viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari hamda "Haj-2024" ziyoratchilaridan iborat tuzilgan ishchi guruhi a’zolari uchun Namangan viloyati Chortoq tumanidagi “Zayd ibn Xorisa“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lgan hojilar bilan Chortoq tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
birinchi yo‘nalish – imom-xatibning “Haj-2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish;
ikkinchi yo‘nalish – imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
uchinchi yo‘nalish – imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Ishchi guruh a’zolari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Chortoq tumanida faoliyat olib bordi.
Shuningdek Ishchi guruh a’zolari Chortoq tumani masjidlari hududidagi mahallaning bir necha xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘raldi. Xonadondagi yoshlarni ta’lim tarbiyasi bilan tanishildi, ularning muammolari o‘rganildi, taklif fikr, mulohazalari tinglandi va mahallalarda namunaviy bo‘lgan oilalarga kirib keksalardan yurtimiz haqqiga duoi xayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bir qishloqda Ibrohim ismli bolakay onasi bilan yashardi. Ularning yashash sharoiti uncha yaxshi emasdi. Shunga qaramasdan uning onasi har kuni eshiklari yoniga boshqalar olib yeyishi uchun yegulik qo‘yardi.
Bir kuni Ibrohim: “Onajon, siz nega boshqalar uchun har doim eshigimiz yoniga yegulik qo‘yasiz? Axir o‘zimiz ham nochor yashayapmiz-ku?” deb so‘radi. Shunda onasi tabassum bilan: “O‘g‘lim, qachonki biz Alloh bergan ne’matlarga shukr qilib, oziga qanoatlansak, borini boshqalar bilan baham ko‘rsak, shunda Alloh u ne’matlarni ko‘paytirib beradi”, dedi. Ibrohim onasining bu gaplariga unchalik ham tushunmadi. Qanday qilib uydagi narsani ikkiga bo‘lib ko‘paytirish mumkinligiga aqli yetmadi.
Bir oqshomda o‘rta yoshlardagi kishi kelib ularning eshigini qoqdi. “Har kuni sizlarning eshigingiz oldida yegulik ko‘rib, olib yerdim. Alloh sizlarning topganlaringizga baraka bersin, deya duo qilardim. O‘zim oldin tijoratchi bo‘lganman. Hozir ozroq daromad topdim. Shuni sizlarga bersam”, dedi. Ibrohim u pul bilan o‘qib, ilm oldi.
Yillar o‘tib Ibrohim juda katta olim bo‘ldi. U boshqalarga ham ilm berar ekan, onasining gaplarini eslab: “Har doim imkon darajasida yaxshilik qilishdan to‘xtamaslik kerak ekan. Qiymatidan qat’iy nazar, bor narsangizni boshqalar bilan bo‘lishish baxt ekan”, deydi. Zero, “Ular yengillikda ham, og‘irlikda ham nafaqa qiladiganlar, g‘azabini yutadiganlar va odamlarni avf qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradi” (Oli Imron surasi, 134-oyat).
Akbarshoh Rasulov