– Yirik anjumanda ishtirok etish uchun O‘zbekistonda bo‘lganimda yurtingizda ma’naviy-ma’rifiy, diniy jabhada juda katta yangilanishlar, ijobiy o‘zgarishlar yuz berganiga, yirik ta’lim, ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilganiga guvoh bo‘ldim. Shunday yirik loyihalardan biri – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani. Ushbu majmua ekspozitsiyasi islom ilmi va gumanitar fanlarga oid ko‘plab noyob materiallar bilan boyitilmoqda. Ayniqsa zaminingizdan yetishib chiqqan buyuk olimlarning boy merosi, ular haqidagi muhim ma’lumotlar barkamol avlod tarbiyasida juda muhim ahamiyat kasb etadi. “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” VIII Xalqaro kongressi ham o‘zbek xalqi boy merosiga qayta murojaat qilish, jarayonning beqiyos ahamiyatini ta’kidlashga ishoradir. Qadim meros, ilmiy bilimlar, xususan kognitiv, tabiiy va eksperimental fanlar rivojini Ibn Sino, Al-Farobiy, Abu Rayhon Beruniy kabi olimlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Islom ilmi, masalan fiqh va hadis haqida gapirganda esa Al-Buxoriy, At-Termiziy, Az-Zamaxshariy, Ash-Shoshiy kabi ajdodlaringizni alohida sanab o‘tish joiz. Bu nomlar dunyoda va islom olamida beqiyos mavqega ega.
Biz ham kelajakda O‘mon – O‘zbekiston hamkorligini yanada jadallashtirish uchun bor imkoniyatni safarbar etamiz. Xususan, Sulton Qobus universiteti O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar almashinuvi, o‘zaro tashrif, forum, konferensiya, seminar va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga tayyor.
Tarixga nazar tashlasak, marhum Sulton Qobus bin Said O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining hozirgi binosini qurishda faollik ko‘rsatganiga guvoh bo‘lamiz. Bu Hazrati oliylarining din, fiqh, tarix, astronomiya, matematika kabi fanlarga mehri, shu yurtdan yetishib chiqqan olimlarga hurmat-e’tibori ramzi edi. Qolaversa, loyiha davlatlarimiz o‘rtasidagi mavjud madaniy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga ham hissa qo‘shgan. 2018 yil mart oyida institut yangi binosining ochilish marosimida ishtirok etgan O‘mon delegatsiyasiga Sulton Haysam bin Toriq Ol Said rahbarlik qilgan. Tadbirda hukumat, UNESCO tashkiloti va arab davlatlari elchixonalari vakillari, mamlakatdagi ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari, arxiv va ilmiy muassasalar mas’ullari ishtirok etgani xorijiy matbuotda ham keng yoritilgan edi.
Ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘mon har doim o‘zbek xalqining boy tarixi va buyuk merosini e’tirof etadi, bunday ezgu ishlarni targ‘ib etishda O‘zbekistonni faol qo‘llab-quvvatlaydi.
Muharrama Pirmatova, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Rahmonning bandalari qanday bo‘ladi?» degan savolga Furqon surasi so‘ngida javob bor:
1. Ular yerda tavozu ila yuradilar.
2. Johillar gapirganda, ular bilan tortishmasdan, “omon bo‘linglar”, deb javob qaytaradilar.
3. Tunlarni Rabbilariga sajda qilib bedor o‘tkazadilar.
4. “Rabbano, O‘zing bizni jahannamdan saqla, u juda yomon joy”, deb iltijo qiladilar.
5. Infoq qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaydilar, o‘rtacha bo‘ladilar.
6. Allohdan boshqa birortaga iltijo qilmaydilar.
7. Biror jonni nohaq o‘ldirmaydilar.
8. Zino qilmaydilar. Zino qilsa, qiyomat kuni azobi bir necha barobar ko‘paytirilib, do‘zaxda xor bo‘lib, abadiy azobda qolishdan qo‘rqadilar.
9. «Ammo kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, Alloh ana o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtiradi. Alloh mag‘firatli, rahmli Zotdir. Kim tavba qilib, solih amal qilsa, Allohga (U zotning mag‘firatiga) qaytgan bo‘ladi», degan oyatlarini o‘qib, chin tavba qiladilar, yomonliklardan tiyiladilar, yaxshi amallar qiladilar, hech qachon noumid bo‘lmaydilar.
10. Ular yolg‘on guvohlik bermaydilar.
11. Behuda narsalar oldidan o‘tsalar, hurmatlarini saqlagan holda o‘tadilar.
12. Rabbilarining oyatlarini eshitganda, gung va karlarga o‘xshab turmaydilar.
13. Rahmonning bandalari “Rabbano, O‘zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘zimiz quvonadigan narsalarni hadya et, bizni taqvodorlarga yo‘lboshchi qil”, deb duo qiladilar.
Abdug‘ofur Iskandar