2024 yil haj mavsumida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olib, hojilar O‘zbekistonga qaytgach, jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lishlariga umid bildirgan edilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mazkur ko‘rsatmalardan kelib chiqib, muhtaram Yurtboshimizga hojilar bilan birga murojaat yo‘llagan edilar.
Murojaatda Vatanga qaytgach, har bir hoji ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchisi bo‘lishi ta’kidlangan edi.
Hojilar imom-xatiblar bilan birga mahallalarga, oilalarga kirib, xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yuksalishiga xizmat qilyaptilar.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahor domla Yunusov poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi «Hazrati Ali» jome masjidiga tashrif buyurdilar.
Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, Uchtepadagi masjidlar imom-domlalari, mahalla faollari, hoji otalar, hoji onalar ham dastlab mazkur masjidda yig‘ildilar.
So‘ngra Abduqahhor domla boshchiligida imom-domlalar, mahalla faollari, hoji otalar, hoji onalar bo‘linib, tumandagi 22 ta mahallaga kirib bordilar.
Abduqahhor domla muayyan sababga ko‘ra jazo muddatini o‘tab qaytgan bir yigit bilan gaplashib, unga zarur tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar berdilar.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari notinch xonadonlar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borib, ularga zarur ko‘mak bermoqdalar.
Bunday xayrli ishlar izchil davom ettirilib, poytaxtimizning har bir mahallasida o‘tkazilyapti.
Shu paytgacha imom-xatiblar, otinoyilar, mahalla faollari, hoji otalar, hoji onalar birgalikda 50 mingdan ortiq xonadonga kirishdi.
Tadbirlar tugagach, imomlar, mahalla faollari, hojilar yana «Hazrati Ali» masjidiga qaytib kelib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar. Kelgusidagi ishlar rejasini belgilab oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
— Haj vaqtida ziyoratchilarimiz shaytonga tosh otishadi. Tosh nima uchun otiladi?
— Darhaqiqat, haj vaqtida qilinadigan amallardan biri bu – Minoda shaytonga tosh otishdir. Shayton hamma yerda ham bo‘lishi mumkin. Aynan hajda va ma’lum joylarda shaytonga tosh otish, shayton o‘sha vaqt va joylarda Ibrohim alayhissalomga qutqu solganda u zot uni tosh otib quvganlari uchundir. Bunda shaytonga qarshi kurashning ramzi bordir.
Shaytonga tosh otish, avvalo ichdagi shaytonni toshbo‘ron qilish ila boshlanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Shaytonga tosh otish va Safo bilan Marva orasida say’ qilmoq, faqat Allohning zikrini qoim qilmoq uchun amr qilingandir”.
Yana tosh otishdan maqsad, shaytonni yomon ko‘rishdir. Tosh otilar ekan, shayton qalbga vasvasa solganida “A’uzubillahi minashshaytonir rojim” (toshbo‘ron qilingan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘rayman) ifodasi bilan bartaraf etish lozim.
Mo‘minlar shaytonning har turli fasodlariga qarshi o‘yg‘oq bo‘lishga harakat qilishi zarur. Haj safari asnosida esa vasvasalarga yengilmaslik, sabr qilish va imtihon ekanini tushunib, haj ibodatini mukammal ado etishdir.
Ustoz Muhammad Ayyub Homidov