Inson uchun kindik qoni to'kilgan er qadrli bo'ladi, qayerda bo'lmasin unga talpinaveradi. Vatanni sevish, uni ardoqlash inson tabiatidagi nozik, teran tuyg'u.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilayotib, tug'ilib o'sgan Vatani – Makka shahriga yuzlanib: “Qanday yaxshi yurtsan! Men uchun naqadar sevimlisan! Agar qavmim meni sendan chiqarmaginda, sendan boshqa yurtda yashamas edim”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Hayotimizga ma'no va mazmun olib kiruvchi tinchlik-hotirjamlik kabi ilohiy ne'matlarning qadriga etish, ularga shukr qilish, uni asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamizdir. Buni, ayniqsa, yurt himoyachisi degan sharafli va mas'uliyatli kasbni tanlagan harbiylarimiz yanada teranroq anglaydi.
1992 yil 14 yanvar' kuni mustaqil davlatimiz tarixida muhim voqea yuz berdi. Respublikamiz Qurolli Kuchlari tashkil topdi. Bugun ushbu tarixiy voqeaga 32 yil to'ldi. 1993 yildan e'tiboran 14 yanvar' yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni”, deb e'lon qilindi.
Insonning o'z xalqiga bo'lgan sadoqati va fidoiyligi ona Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo'lishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qo'shishi bilan o'lchanadi.
Ushbu qutlug' sana bilan yuragida Vatan va xalq sevgisi mahkam joy olgan shijoatli o'g'lonlar, yurt sarhadlarini sergaklik bilan qo'riqlayotgan aka-ukalarimiz qatori yurt tinchligi va osoyishtaligi yo'lida turli sohalarda xizmat qilayotgan barcha vatandoshlarimizni muborakbod etamiz.
Bahriddin HUShBOQOV
tayyorladi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya 23 avgust kuni Rossiyaning Janubiy federal okrugiga amaliy tashrifi doirasida Rostov viloyatida bo‘ldi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ish safari davomida viloyat rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, unda O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalari, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Migrantlar huquqlari, ularni ijtimoiy himoyalash, mehnat faoliyatini qonuniylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Delegatsiya Don davlat texnika universitetiga (DDTU) tashrif buyurib, u yerda muzokaralar o‘tkazdi, ta’lim va fan sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishdi.
Eng yirik mashinasozlik korxonasi – "Rostselmash" korxonasi faoliyati o‘rganildi, "YugStroyInvest" va "Avakon" qurilish obyektlarida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi, yashash va dam olish sharoitlari o‘rganildi.
Ishchi tashrif yakunlari bo‘yicha migrantlar huquqlarini himoya qilish, o‘zaro tajriba almashish va madaniy aloqalarni kengaytirish sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston va Rostov viloyati o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirish va "yo‘l xaritalari"ni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhlar tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili masjidlarda O‘zbekiston fuqarolari bilan juma namozida ishtirok etdi. Jamoatchilik bilan ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va diniy bag‘rikenglik masalalari yuzasidan suhbatlar o‘tkazildi. O‘zbekiston fuqarolarini qiziqtirgan savollarga tegishli javoblar berildi.
Mustaqillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan ishchi tashrifi doirasida Rostov shahrida mehnat qilayotgan fuqarolar uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov tomonidan fuqarolarning ekstremistik tashkilotlar faoliyatiga kirib ketishining oldini olishga qaratilgan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Ichki ishlar vazirligining Rostov viloyati boshqarmasi rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazdi va unda migratsiya siyosati, huquqbuzarliklarning oldini olish, viloyatda istiqomat qilayotgan mamlakatimiz fuqarolarining huquqiy holatini qonuniylashtirish masalalari muhokama qilindi. O‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, xorijiy fuqarolarning xavfsiz va qonuniy yashashi uchun shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati