Shu yil, 12 may kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikromov boshchiliklarida viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari hamda "Haj – 2024" ziyoratchilaridan iborat tuzilgan ishchi guruhi a’zolari uchun Namangan viloyati Yangi Namangan tumanidagi “Imom Buxoriy“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lgan hojilar bilan Yangi Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
birinchi yo‘nalish – imom-xatibning “Haj-2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish;
ikkinchi yo‘nalish – imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
uchinchi yo‘nalish – imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Ishchi guruh a’zolari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Yangi Namangan tumanida faoliyat olib bordi.
Shuningdek Ishchi guruh a’zolari Yangi Namangan tumani masjidlari hududidagi mahallaning bir necha xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘raldi. Xonadondagi yoshlarni ta’lim tarbiyasi bilan tanishildi, ularning muammolari o‘rganildi, taklif fikr, mulohazalari tinglandi va mahallalarda namunaviy bo‘lgan oilalarga kirib keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bir o‘smir “ulg‘ayib, boy bo‘lsam hammaga yordam beraman” deb yurar edi. U boylik bo‘lsagina odamlarga yordam berish mumkin, degan fikrda ekan, bir kuni Payg‘ambar alayhissalomning bir xurmoni yarmini sadaqa qilib bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlanish lozimligi haqidagi hadisini eshitib qoldi. Bir kichik xurmoning yarmi qancha bo‘lardi, deb tasavvur qilolmadi.
Ertasiga ko‘chaga chiqish oldidan bir xurmoni cho‘ntagiga solib oldi. Yo‘l bo‘yda tilanib turgan otaxonning yonidan o‘tarkan, cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, beixtiyor kechagi hadisni esladi. Xurmoni olib, yarmini otaxonga uzatdi. Shunda otaxonning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. O‘smir yigit o‘yladiki, “hatto ko‘p pul berilsa ham bu qadar xursand bo‘lmasdi”, deb o‘yladi. Qilgan ishidan o‘ziyam shodlandi. Angladiki, otaxon o‘ziga berilgan narsaning qiymatidan emas, o‘ziga berilgan e’tibor va baham ko‘rishdan nihoyatda shodlangandi.
Yigitcha bu ishidan keyin yuqoridagi hadisning hikmatini tushunib ketdi. Endi u bir ko‘ngilni obod qilish uchun boy bo‘lishni kutib yurmaslik kerakligini bildi. Zero, ko‘ngil Xudoning nazargohidir. Uni quvontirgan kishini Alloh quvontirishi shubhasizdir.
Akbarshoh Rasulov