Bugun, 20 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi, ellikboshilar va shifokorlar jamoalari ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari haj kunlariga qadar ziyoratchilar bilan muntazam ma’rifiy suhbatlar tashkil etish, ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va odoblari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish hamda zikru duolar bilan mashg‘ul bo‘lish va barcha murojaatlarini ijobiy hal etish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, yurtdoshlarimiz muborak zamindagi har bir daqiqasini g‘animat bilib, uni mazmunli va ibodatlar bilan o‘tkazishi hamda haj amaliga ruhan va jismonan tayyorgarlik ko‘rishuchun voiz ulamolar, ellikboshilar bor kuch-g‘ayratlarini sarflashi lozimligini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilishda ziyoratchilarning ibodatlari mukammal bo‘lishi uchun ularga qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish borasida Makka va Madina shaharlaridagi ishchi guruhi faoliyat olib borayotgani, mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar hozirlangani, Mino, Arafot va Muzdalifadagi joylar ko‘zdan kechirilgani haqida ma’lumot taqdim etildi.
Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov va boshqa mutasaddilar so‘zga chiqib, tibbiy jihatlar, ziyoratchilar salomatligi, issiq kunlarda harakatlanish tartibi, qonun-qoidalarga amal qilish, transport xizmati, hojilar xavfsizligini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalar berdilar.
Yig‘ilish yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab, Qur’oni karim xatmlari va xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlari bilan xalqimizning bag‘rikenglik va qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida "Qurbon hayiti" (Eid al-Adha) munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga 183 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari Balx viloyatiga yetkazildi.
Insonparvarlik yuklari Hayraton shahridagi "Astras" kompaniyasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatorining o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris, shuningdek, ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirildi.
Insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh o‘rin olgan.
Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llashdi.