Shu yil 21 may kuni ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, otinoyilar faoliyatini takomillashtirish maqsadida Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan otinoyilar va targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirokida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Egamova va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning mas’ul xodimi Shahzod G‘afurovich ishtirok etdi.
O‘quv-seminarda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi mazmun-mohiyati tushuntirildi. Shuningdek, otinoyilar faoliyati bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi qo‘llanma bilan tanishtirilib, har bir bandiga izoh berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Hazorasp tumanida yangidan qurib bitkazilgan “Hazrati Shayx Muxammad Amin” jome masjidining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Hazorasp tumani hokimi Maqsudbek Abdullayev, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va masjid imom-xatiblari, mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Qur’oni karim tilovatidan so‘ng masjidning to qiyomatgacha Haq taologa ibodat qilinadigan sajdagoh bo‘lishini, xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib xizmat qilishini so‘rab, bu xayrli ishga ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqiga duolar qilindi.
Ma’lumot o‘rnida zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur masjid 1600 nafar namozxonga mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati