Ibrohim ibn Adham Basrada ekanliklarida u kishini odamlar qurshab olishib: “Nimaga biz duo qilsak ijobat bo‘lmayapti? Holbuki, Alloh taolo: «Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” dedi...»[1], deyishdi.
Ibrohim ibn Adham javob berib aytdilar: “Ey Basra ahli, o‘n narsa sababli qalblaringiz o‘lib bo‘lgan bo‘lsa, qanday qilib duolaringiz ijobat bo‘lsin?!
1. Allohni tanib turib, Uning haqqini ado qilmaysiz.
2. Qur’onni o‘qib turib, unga amal qilmaysiz.
3. Rasulullohning muhabbatlariga da’vogar bo‘la turib, u zotning sunnatlarini tashlab qo‘yasiz.
4. Shaytonning dushmanligini aytasiz-u, o‘zinigiz unga itoat qilasiz.
5. Jannatga kirishga da’vogarsiz-u, buning uchun amal qilmaysiz.
6. Jahannamdan qutulish da’vosida bo‘la turib, o‘zingizni unga uloqtirasiz.
7. O‘lim haq deb turib, unga tayyorgarlik ko‘rmaysiz.
8. O‘zingizning kamchiliklaringiz qolib, boshqalarning ayblari bilan ovorasiz.
9. O‘liklarni ko‘masizlar-u, undan ibrat olmaysiz.
10. Allohning ne’matlarini yeb, shukr qilmaysiz”.
Duolarimiz ijobat bo‘lishini xohlasak, ushbu o‘n narsa borasida nafsimizni tergab, hisob-kitob qilishimiz darkor ekan.
Qalbingiz qalblarning qay bir toifasidan?!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Qalblar to‘rt turlidir: (Birinchisi) Nur taratadigan chirog‘i bor sof qalb. (Ikkinchisi) G‘ilofli qulflangan qalb. (Uchinchisi) Teskari qalb. (To‘rtinchisi) Ikki tomonli qalb. Sof qalbga kelsak, u mo‘minning qalbi bo‘lib, uning chirog‘i nuridir. G‘ilofli qalb esa kofirning qalbidir. Teskari qalb munofiqning qalbi bo‘lib, u tanib, so‘ng inkor qilgan qalbdir. Ikki tomonli qalb esa o‘zida iymon va munofiqlikni jamlagan qalbdir. Undagi iymon pokiza suv bilan o‘sadigan o‘simlikka o‘xshaydi. Undagi munofiqlik esa qon va yiring bilan kattalashadigan yaraga o‘xshaydi. Qaysi biri ko‘p bo‘lsa, shunisi ustun keladi”[2].
Mustafo Sodiq Rofiiy rahmatullohi alayh: “Eng katta xato – atrofingni tartibga solib, qalbingni nazoratsiz tashlab qo‘yishingdir”, deganlar.
[1] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[2] Ibn Kasir rivoyati, Isnodi jayyid hasan.
Nima uchun chumoli yer ostiga to‘plab qo‘ygan donlar yerdan o‘sib chiqmaydi?!
Olimlar tadqiqot olib borishlaricha, chumoli o‘ziga kerakli bo‘lgan don va urug‘larni yer ostiga to‘plab, jamg‘arganidan keyin uni ikkiga bo‘lib qo‘yadi. Chunki don va urug‘lik ikkiga bo‘lib qo‘yilsa, har qancha yer unumdor bo‘lmasin, u o‘sib chiqmaydi.
Lekin chumoli kashnich donini to‘rt bo‘lakka bo‘lganini ko‘rgach, olimlar taajjubga tushishdi.
Bu xususda kerakli tadqiqot olib borgach, quyidagi narsani kashf qildilar. Kashnich doni agar ikkiga bo‘linsa ham o‘sib chiqaverar ekan.
Lekin to‘rt bo‘lakka bo‘linsa o‘sib chiqmas ekan. Chumoliga bu narsani ta’lim bergan Alloh har qanday ayb nuqsonlardan pokdir.
"Parvardigorimiz barcha narsaga o‘z xilqati (shakli)ni ato etib, so‘ngra (uni) to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ygan Zotdir" (Toha surasi, 50-oyat).