Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: "Namozni O‘zim bilan bandam orasida ikkiga bo‘lganman, bandam nimani so‘rasa, beraman". Agar u (banda): "Alhamdu lillaahi Robbil ’aalamiyn", desa, Alloh: "Bandam Menga hamd - shukr aytdi", deydi. Banda: "Ar-Rohmanir Rohiym", desa, Alloh: "Bandam Menga sano - maqtov aytdi", deydi. Banda: "Maaliki yavmid-diyn", desa, Alloh: "Bandam Meni ulug‘ladi", deydi. Banda: "Iyyaaka na’budu va iyyaaka nasta’iyn", desa, Alloh: "Bu - Men bilan bandam orasidagi narsa, bandam nimani so‘rasa, beraman", deydi. Agar banda: "Ihdinas-sirotol mustaqiym, sirotollaziyna an’amta ’alayhim g‘oyril mag‘dubi ’alayhim valaddolliyn", desa, Alloh: "Bu bandamga xos, so‘raganini berdim", deydi" (Imom Nasoiy rivoyati).
Bir daqiqada Fotiha surasini 6 marotaba o‘qiy olasiz. Uning harflari soni 122 ta. Agar uni bir marotaba o‘qisangiz, 122x10=1220 ta savob beriladi. Chunki hadisga muvofiq, har bir harf uchun 10 ta savob va’da qilingan. Agar siz uni 6 marotaba o‘qisangiz, 7320 ta savobga ega bo‘lasiz. Bu Allohning fazli, kim uni ziyoda qilsa, Alloh ham fazlini ziyoda qilaveradi.
«Fazilatli amallar - ajri ulug‘ amallar» kitobidan
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV