Olimjon akaning o'g'li mohir usta edi. Kattaroq hovli va yangi mashina olish ilinjida, mo'mayroq daromad topsin, deb farzandini xorijga ishlashga jo'natdi. Uni o'zga yurtda o'rtoqlari kutib oldi. Ishi ham yurishdi, tuzukkina pul yubora boshladi. Qisqa vaqt ichida namoz o'qishni boshlab, kimlardandir saboq ham oldi.
Olimjon aka o'g'lining namoz o'qiyotganidan va ko'p pul jo'natayotganidan mamnun edi.
Olti oydan keyin o'g'li ustozlari va yana bir nechta tengdoshi bilan Turkiyaga borib ishlashini, u joyda bundan-da ko'p pul topishini aytib, otasidan ruxsat oldi. Ota bundan sevindi. Ammo uning bu xursandchiligi uzoqqa cho'zilmadi. Bir kuni imomning juma mav'izasida so'zlagan ogohlikka chorlovchi nutqi Olimjon akani dovdiratib qo'ydi. O'g'li shubhali kimsalarning qaramog'ida ekanini butun vujudi bilan his qildi. Negaki, bunday kishilar Turkiya bahonasida Suriyaga olib ketilishi bor gap-da.
Olimjon aka – hech kimga lom-mim demasdan tegishli idoraga borib, bu haqda xabardor qildi. Yaxshi hamki, davlatimizning sa'y-harakati bilan aldangan bolalar vatanga qaytarib kelindi. Olimjon akaning farzandi hech narsadan xabari yo'qligini bildirib, uzr so'radi va yana avvalgi ishini davom ettirdi.
Azizlar, qanchadan-qancha farzandlar xorijda pul topaman, deb aldanib, boshqa oqimlarga o'tib, hatto qo'liga qurol olib, jihodchilar guruhiga qo'shilib, alal-oqibat janozasiz ham ko'milib ketdi.
Matbuot orqali yurtdoshlarimizning haq yo'ldan adashmaslikka da'vat qilinayotgani yaxshi samara beryapti. Shuningdek, imom-domlalarimizning mahallalarda, to'y va marosimlardagi diniy-ma'rifiy suhbatlari xalqimizni ogohlikka undamoqda.
Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa,
bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan go'zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 97-oyat).
Haqiqatan, tinchlikning qadriga etib, haq yo'ldan adashmay yurishdek baxtli hayot hech qachon yurtimizni tark etmasin! Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Haqiqiy musulmon boshqa musulmonlarga tili bilan ham, qo'li bilan ham
ozor etkazmagan kishidir” (Muttafaqun alayh).
Ozor berish musulmon kishining ishi emas. Haqiqiy musulmon bo'lish uchun harakat qiling va haq yo'ldan adashmang!
Nozbuvi TYeMIROVA,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi
"Mo'minalar", 6-son, 2023 yil
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey Abu Hurayra, faroiz (meros) ilmini o‘rganinglar va odamlarga o‘rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir. U eng birinchi unutiladigan ilmdir. Ummatim orasidan eng birinchi ko‘tariladigan ilm ham shudir".
Saidjamol domla MASAYITOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi ulamosi.