Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning ustiga yolg‘onchi yillar soya soladi. O‘sha kezlarda yolg‘onchi tasdiqlanadi, rostgo‘y yolg‘onchiga chiqariladi. Xoin kishi ishonarli bo‘ladi, omonatdor kishi xoinga chiqarib qo‘yiladi va ruvaybiza gapiradi”, dedilar. U zotga: “Ruvaybiza” kim? – deyildi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ommaning ishini gapiradigan esi past odam”[1], dedilar.
Ibn Manzur “Lisonul arab” kitobida: “Ruvaybiza – bir ish qilish qo‘lidan kelmaydigan notavon odam. Ko‘pincha, bu so‘z esi pastlarga nisbatan ishlatiladi, chunki ular uyida ko‘p o‘tirishadi va katta ishlar bilan kam shug‘ullanishadi”, degan[2].
Davralarda o‘tirib poyintar-soyintar gap gapiradigan kishini uchratganmisiz?
Yoki maza-bemaza ishlar to‘g‘risida uzundan-uzun maqolalar yozadigan muxbirlarni uchratasizmi?
Yoxud bekorchi ko‘rsatuvlarga chiqib, birorta foyda keltirmaydigan ishlarni gapiradigan odamlarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ko‘pincha bunday holatlar zarar keltirib, dilni xira qiladi. Odamlarning boshini aylantirib, fikrlarini chalg‘itadi.
Hammajlislarning qay biri yaxshiroq?
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Yo Allohning Rasuli, bizlarga qay bir hammajlis yaxshiroq?” – deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uni ko‘rish sizga Allohni eslatadigan, u bilan gaplashish ilmingizga ilm qo‘shadigan va amali sizlarga oxiratni eslatadiganidir”, [3] dedilar.
Bizning hamsuhbatlarimiz orasida bunday sifatlilar topiladimi?
Do‘st-yorlar bilan birga o‘tirsangiz, o‘sha o‘tirishingizni Habibimiz sollallohu alayhi vasallam o‘rgatgan lafzlar bilan yakunlash esingizdan chiqmasin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Birov bir davrada o‘tirsa va behuda gaplar ko‘payib ketsa, o‘rnidan turayotib: “Subhanakallohumma va bihamdika, ashhadu allaa ilaha illaa anta. Astag‘firuka va atuubu ilayk”, deydigan bo‘lsa, o‘sha majlis davomida bo‘lgan ishlar mag‘firat qilinadi”[4].
O‘ylab ko‘ring, shu zikrni aytish uchun qancha vaqt ketadi? Bor-yo‘g‘i bir necha soniya. Biroq qanchadan-qancha odamlar bu fazilatdan bebahra qolishyapti. Axir, bu olamlar Robbi tarafidan bo‘ladigan afv va mag‘firatku...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Ibn Moja rivoyati.
[2] Lisonul arab, 7/153.
[3] Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Termiziy rivoyati.
Bir kuni Fath ibn Xoqon xalifa Mutavakkilning huzuriga kirdi. Xalifa jim o‘tarar va bir narsa haqida chuqur o‘ylardi. Fath bu jimlikni buzib: “Nimalar haqida o‘ylayapsiz, ey mo‘minlar amiri?” – deya so‘radi. Xalifa: “Men yer yuzida turmushi eng farovon kishi kim ekan?” deb o‘ylayotgan edim”, dedi. Fath bo‘lsa: “Dunyoda eng faravon hayot kechirayotgan kishi siz-da! Allohga qasamki, u – sizsiz!” – dedi. Xalifa: “Yo‘q! Men emas. Keng hovlisi, soliha ayoli, qobil farzandlari va yetarli rizqi bo‘lgan kishi – hayoti eng faravon odamdir”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: “To‘rt narsa baxtning belgisidir: soliha ayol, keng turar-joy, solih qo‘shni, yaxshi ulov. To‘rt narsa esa badbaxtlik belgisidir – yomon xotin, yomon qo‘shni, chatoq ulov, tor xonadon”, deganlar.
Ba’zilar baxtni mashhurlikda, molu davlatga ega bo‘lishda deb biladilar. Bu dunyoda Allohning muxlis bandalarigina his qiladigan saodat ta’mini totish baxtiga musharraf bo‘lmagan holda yashab o‘tadilar.
Oriflardan biri: “Podshohlar bizda qandayin baxt borligini bilganlarida edi, unga yetishish uchun bizga qarshi qilich ko‘tarib jang qilishardi”, deydi.
G‘alaba bilan saodat orasida katta farq bor. G‘alaba bu – o‘zingiz istab turganning ustidan zafar qozonish bo‘lsa, nening ustidan g‘olib bo‘lsangiz, u sizning xohishingizga mansub bo‘lmog‘i chin saodatdir.
Oskar Uayld[1]ning shunday gapi bor: “Baxt faqatgina unga bir nechta kishilar bilan birga yetishsang haqiqiy bo‘ladi. Og‘riq, azob ham faqatgina bir o‘zingning boshingga tushsa alamli bo‘ladi. Saodat – boshqa kishilarni baxtli qilishdir”.
Olmon fizigi Maks Plank: “Saodatni muhofaza qilish uchun uni boshqalar bilan bo‘lishishing kerak”, degan.
G‘arb mutafakkirlaridan yana biri: “Tajribamdan o‘tgan narsa shuki, eng buyuk baxt – yaxshilikni yashirincha qilganimdan keyin kutilmaganda bu yaxshiligim odamlar qulog‘iga yetib borishini ko‘rishim”, degan edi.
Ingliz yozuvchisi Uilyam Somerset Moem[2]: “Biz ulg‘ayib borarkanmiz saodat – olishda deb o‘ylardik, keyinchalik bildikki, baxt – berishda ekan”, deydi.
Baxt – boshqalarga tortiq qilish va yaxshi ishlarni amalga oshirishda mujassam. Baxt birovdan narsa olish va o‘zganing qo‘liga qarashda emas.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] To‘liq ismi: Oskar Fingal O’Flaerti Uills Uayld. 1854 yilda Dublin shahrida tug‘ilgan. Shoir, dramaturg, ssenarist. 1900 yil 30 noyabrda 46 yoshida Parijda vafot etgan.
[2] 1874 yil 25 yanvarda Fransiyada tug‘ilgan. 1965 yil16 dekabrda Nitssa shahrida vafot etgan. 1897 yilda chop etilgan “Lambetlik Liza” romani bilan mashhur bo‘lgan.