Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

Olimga nimani nasihat qilaman?

09.06.2025   9426   2 min.
Olimga nimani nasihat qilaman?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.

Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».

Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

ANKASAM: “Yangi O‘zbekiston: Diniy sohadagi islohotlarning muvaffaqiyat formulasi”

03.07.2025   6637   2 min.
ANKASAM: “Yangi O‘zbekiston: Diniy sohadagi islohotlarning muvaffaqiyat formulasi”

Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’limni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda o‘rganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berdi.

Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qildi. 


“Yangi O‘zbekiston: Diniy sohadagi islohotlarning muvaffaqiyat formulasi” deb nomlangan ushbu tahliliy maqolada mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’limni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda o‘rganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berilgan.


ANKASAMga ko‘ra, O‘zbekistonda qabul qilingan yangi siyosat va inson qadrini ustuvor qiymat sifatida belgilagan yondashuv so‘nggi yetti yilda diniy sohada chuqur, tizimli islohotlarni amalga oshirishga poydevor bo‘ldi. Xususan, tahlilchilarning tomonidan davlat va din munosabatlarini demokratiya va ma’rifat asosida qayta yo‘lga qo‘yish, diniy ta’lim muassasalarini xalqaro andozalarga mos ravishda rivojlantirish, ilm-fan va ma’rifatni islom dini bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar e’tirof etilgan.

Maqolada ayni paytda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy  xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi muassasalarning faoliyati, ular orqali islom dinining haqiqiy insonparvarlik va ma’rifiy mohiyati keng yoritilayotgani ta’kidlangan. Ushbu markazlar faqat diniy emas, balki ilmiy-tadqiqot, madaniy-tarixiy merosni saqlash va ommalashtirish vazifasini ham bajarmoqda.

ANKASAM tahliliga ko‘ra, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlarning muvaffaqiyati – bu siyosiy iroda, strategiyali yondashuv, ilmiy asos va xalqaro hamkorlikni o‘zida uyg‘unlashtirgan modeldir. Shu jihatdan, O‘zbekiston tajribasi mintaqa davlatlari va islom olami uchun o‘rganishga arziydigan namunalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

ANKASAM kabi xalqaro nufuzga ega tahlil markazlari tomonidan bu kabi tahliliy maqolalar e’lon qilinishi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiqligi, xalqaro standartlarga mosligi va jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

https://cisc.uz/ky/news-item/328/

MAQOLA