Savol: Ayol kishi rukuda tizzasini bukadimi yoki erkaklar kabi tekis tutadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namoz o‘qishda, ayollar bilan erkaklarning bir nechta farqlari bo‘lib, ayollar satrliroq holda namoz o‘qishga buyurilganlar. Rukuda ham shunday, ya’ni ayollar rukuda erkaklardan farqli ravishda, tizzalarini biroz bukib ruku qiladilar.
Mashhur tobeiy Ato ibn Abu Raboh bunday deganlar:
تَجْتَمِعُ الْمَرْأَةُ إِذَا رَكَعَتْ تَرْفَعُ يَدَيْهَا إِلَى بَطْنِهَا وَتَجْتَمِعُ مَا اسْتَطَاعَت. مصنف عبدالرزاق
“Ayol kishi ruku qilganda, imkon qadar yig‘ilibroq, ikki qo‘lini qorniga yaqinlashtirib turadi” (“Musannafi Abdurrazzoq”).
“Fatavoi Olamgiriya”da bunday deyilgan:
وَالْمَرْأَةُ تَنْحَنِي فِي الرُّكُوعِ يَسِيرًا وَلَا تَعْتَمِدُ وَلَا تُفَرِّجُ أَصَابِعَهَا وَلَكِنْ تَضُمُّ يَدَيْهَا وَتَضَعُ عَلَى رُكْبَتَيْهَا وَضْعًا وَتَحْنِي رُكْبَتَيْهَا وَلَا تُجَافِي عَضُدَيْهَا .كَذَا فِي الزَّاهِدِيِّ
“Ayol kishi rukuda biroz egiladi, tizzalariga suyanmaydi, barmoqlarini ochmaydi, balki qo‘llarini birlashtirib, tizzalariga qo‘yadi va tizzalarini biroz bukadi va bilakalarini tanasidan ajratmaydi. “Zohidiy”da shunday deyilgan”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.
Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi