Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
U Hajarul asvad rukni bilan Ka’ba eshigi oralig‘i bo‘lib, o‘lchami ikki metrdir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Multazam rukn bilan eshik oralig‘idadir», dedilar.
Mujohid: «Rukn bilan eshik orasida multazam bordir», dedilar.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat kilinadi:
«Bu zot tavof qilib, namoz o‘qib, keyin ruknni o‘pib, so‘ngra tosh bilan eshik oldida tik turib, ikki qo‘l, chakkalarini ko‘kraklariga yopishtirib: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana shunday qilib turganlarini ko‘rdim», dedilar.
Abu Zubayr: «Abdulloh ibn Umar, Ibn Abbos, Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhular multazamda turishganini ko‘rdim», dedilar.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Biror kishi qora tosh bilan Ka’ba eshigi oldida turib Allohga duo qilsa, barcha yaxshi ko‘rgan narsalarining hojati chiqqanini ko‘radi», dedilar.
Mujohid: «Rukn bilan eshik orasidagi joy Multazam deb nomlanadi. Odamlar o‘sha yerda Allohdan biror narsa so‘rashsa yoki biror narsadan panoh tilashsa, Alloh uni ularga beradi», dedilar.
Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari» kitobidan
Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.
Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.
Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.
Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.
Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).
Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.
Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.
Ilyosxon AHMЕDOV