Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati
Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.
Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir...
Savbon roziyallohu anhuning muhabbati
Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati
Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!” – dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Niso surasi, 69-oyat.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sahobai kiromlar iymonu Islom, shariatu tariqat, axloqu odob va shunga o‘xshash barcha kerakli narsalarda har birlari biz uchun muqtado bo‘lgan ajoyib insonlar jamoasidir.
Ushbu mavzuga kirishdan avval «sahoba» va «fazl» so‘zlarining ma’nolarini yaxshilab o‘rganib olishimiz lozim.
«Sahoba» so‘zi «sahiba» o‘zagidan olingan bo‘lib, lug‘atda «suhbatdosh bo‘lmoq» va «sohib bo‘lmoq» degan ma’nolarni anglatadi.
Istilohda esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni musulmonlik hollarida ko‘rgan odamga sahoba deyiladi.
Musulmon odam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rsa bo‘ldi, suhbatlashib o‘tirmasa ham sahoba bo‘laveradi.
Ulamolar bu masalada ko‘plab batafsil bayonotlar, turli fikr-mulohazalarni keltirganlar. Lekin mazkur tortishuvlarning barchasining natijasi yuqoridagi ta’rifga borib taqaladi.
«Fazl» so‘zi lug‘atda «ziyoda», «ortiqlik», «ustunlik» degan ma’nolarni anglatadi.
Shundan «Sahobalarning fazli» iborasining ma’nosini tushunib olish mumkin.
Payg‘ambar alayhissalom hazrati Jobir roziyallohu anhuga va «Bay’atir-Rizvon»da ishtirok etgan boshqa sahobiylarga qarata: «Sizlar yer yuzidagi eng yaxshi odamsizlar», deganlar.
Shunga binoan, har bir musulmon mazkur baxtiyor shaxslarni sevishi, hurmatlashi va e’zozlashi lozimdir.
Alloh taolo ularga «yaqin fath»ni mukofot qilib berdi. Hudaybiyadan so‘ng tezda butun dunyoni fath qilish boshlandi. Ikki oydan ko‘p vaqt o‘tmay, birinchi, eng muhim fathlardan biri – Xaybar fathi bo‘ldi. Undan keyin esa navbatdagi fathlar ketma-ket sodir bo‘laverdi.
Musulmonlar Islom jamiyatining asl mag‘zini, javharini tashkil etar edilar. Ular uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qism peshqadam muhojirlar edi.
«Birinchi peshqadam muhojirlar».
Ular Makkai Mukarramada hech kim iymonga kelmagan paytda iymonga kelgan, kofirlarning ozorlariga chidagan, ularning zulmlariga bardosh bergan ulkan sahobiylardir.
Ulamolar: «Ushbu oyatda «oliy maqom egalari» deb sifatlanayotgan muhojirlar Badr urushiga qadar Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga hijrat qilgan sahobalardir», deydilar. Chunki ular eng qiyin vaqtda iymonga kelib, eng qiyin vaqtda hijrat qilgan shaxslardir. Badr urushida musulmonlar g‘olib kelib, Islom jamiyati yuzaga chiqib, o‘z tayanchiga ega bo‘lganidan keyin hijrat qilish ham oson bo‘lib qolgan.
Ikkinchi qism – «ansoriylar», ya’ni Madina ahllaridan birinchi bo‘lib Islomga kelgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Aqaba»da bay’at qilgan, din qardoshlarini o‘z yurtlari – Madinaga taklif etgan, makkaliklar hijrat qilib borganlarida o‘zlari yemay, ularga yedirgan, o‘zlari kiymay, ularga kiydirgan, uylarini, molu mulklarini bo‘lib bergan, dinu diyonatlari uchun molu jonlaridan kechishga tayyor turgan madinalik peshqadam musulmonlardir.
Uchinchi qism – «ularga yaxshilik bilan ergashganlar», ya’ni peshqadam muhojir va ansoriylarga yaxshilik bilan ergashganlardir. Ular vasf qilinmish peshqadam muhojir va ansoriylardan keyin, mazkur mashhur voqealardan keyin musulmon bo‘lib, xuddi peshqadam musulmonlar kabi ixlosli, ibodatli va taqvodor kishilar bo‘lganlar. Ularga faqat peshqadamlik, ya’ni eng qiyin damda safda bo‘lmaganliklari yetishmaydi, xolos. Alloh ana shu uch toifadagi musulmonlarning barchasidan «rozi bo‘ldi, ular ham Allohdan rozi bo‘ldilar».
Banda erishishi mumkin bo‘lgan eng yuqori martaba Allohning roziligidir. Zotan, har bir bandaning oliy maqsadi ham mana shu. Bandaning Allohdan roziligi Uning qadariga ishonishi, qazosidan yaxshilik kutishi, ne’matlariga shukr qilishi, balo-ofatlariga sabr qilishidir.
Alloh ulardan rozi ekanligi uchun: «Ularga ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarni… tayyorlab qo‘ydi».
Ular mazkur jannatga vaqtinchalikka kirmaslar, balki «ular u (yer)larda abadiy mangu qoluvchi bo‘lgan hollarida».
Alloh taolo ulardan rozi bo‘lmaganida, ularni bunday ikromga sazovor qilmas edi.
«Ana o‘sha ulkan yutuqdir».
Bundan ortiq yutuq bo‘lishi mumkinmi?
Alloh «Hashr» surasida sahobai kiromlarni shunday madh etadi:
«Diyorlaridan va mol-mulklaridan judo qilingan, Allohdan fazl va rozilik umid qiladigan hamda Allohga va Uning Rasuliga yordam beradigan faqir muhojirlargadir. Ana o‘shalar sodiqlardir» (8-oyat).
Muhojirlar aslida makkalik kishilar bo‘lib, dinu iymon yo‘lida ona yurtlarini, mol-mulklarini, qarindosh-urug‘larini tashlab, Madinai Munavvaraga hijrat qilganlar (ko‘chib o‘tganlar). Shu sababli ularning ko‘pchiligi miskin, faqirga aylanganlar.
Ular faqatgina Alloh beradigan fazlni deb, Uning roziligini topamiz, deb bu mashaqqatlarga bo‘yin egdilar. Qiyin ahvolga qaramasdan, Allohning va Rasulining ishiga qo‘llaridan kelgan barcha yordamlarini ayamadilar. Shuning uchun ham Alloh ularni «Iymonlarida sodiq kishilar» deb maqtamoqda.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi