Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.
Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Savol: Bir birodarimning qalbi notinch bo‘lmoqda. Shu birodarim nomidan ushbu savolni yo‘llamoqdaman. Bomdod namozi vaqtida imomlikka u kishidan boshqa tajvidi yaxshi kishi bo‘lmagani sababli, jamoatga namoz o‘qib bergan. Namozdan so‘ng bavosir kasalligi esiga tushib, tahoratxonaga borib qarasa, kiyimida qonni ko‘rib qolibdi. U qon namozdan oldin chiqqanmi yoki keyin, buni aniq bilolmayapti. Endi o‘qilgan namozimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, jamoatga: “Namozingizni qayta qazo qilib o‘qib qo‘ying”, deb aytaymi-yo‘qmi, bilmay turibman, deb ko‘ngli notinch bo‘lmoqda. Buning hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kishi kiyimida najosat ko‘rib qolib, uning qachon tekkanini bila olmasa, ko‘rgan vaqtidan boshlab tekkan hisoblanadi. Ammo bu hukm tashqaridan tekkan yoki tashqaridan tegishi ehtimoli bor bo‘lgan najosatlarga tegishli. Agar qon yoki yiring o‘zining badanidan chiqqani aniq bo‘lsa, bunda kiyim najosat bo‘lish bilan birga tahorat ham ketgan bo‘ladi. Ko‘rgan paytda qon yoki yiring qotgan holatda bo‘lsa, u avvalroq chiqqan hisoblanadi. Agar ho‘l holatda bo‘lsa, hozir chiqqan hisoblanadi. Demak, birodaringiz qonni ko‘rgan vaqtda, u ho‘l holatda bo‘lsa, namozni qayta o‘qish shart emas. Agar qon qurib qolgan bo‘lsa, birodaringiz namozni qayta o‘qishi lozim. Jamoatga kelsak, qaraladi, agar ularga aytilsa, fitnaga sabab bo‘lsa, ularga bu haqida aytilmaydi. Balki imom o‘zi qaytib o‘qiydi va istig‘for aytadi. Jamoatning namozi durust bo‘lgan hisoblanadi. Lekin jamoatga bu haqida aytsa, fitna va ixtilof chiqmaydigan bo‘lsa, u holda ularga ham bu haqda aytib qo‘yish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi