Savol: Birovning telefoni va undagi ma’lumotlarni ruxsatsiz ko‘rish mumkinmi? Chunki ba’zan avtobus, metro kabi ommaviy transport vositalarida ayrim shaxslarning shunday ishlar qilayotganiga guvoh bo‘lib qolamiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, birovning telefonidan uning ruxsatisiz foydalanish yoki undagi ma’lumotlarni o‘qish shar’an to‘g‘ri emas. Bu birovning uyiga ruxsatsiz mo‘ralash, xatiga ruxsatsiz qarash kabidir. Zero, bu ishlar Qur’on va hadislarda man etilgan.
Ammo agar murabbiy (ota, ustoz va hokazo) qo‘l ostida tarbiyalanayotgan shaxsning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishidan shubha qilsa, u holda tarbiya maqsadida o‘z qo‘l ostidagi shaxsning telefonini tekshirishiga ruxsat beriladi. Balki ular vaqti-vaqti bilan bolalar va ularga tegishli narsalarni nazorat qilib turishlari kerak, toki ular to‘g‘ri yo‘ldan og‘masinlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
- Avvalo, ijtimoiy tarmoqlarga kirishdan maqsadingiz shunchaki vaqt o‘tkazish, ermak emas, balki boshqalarga manfaat ulashish, ulardan manfaat olish, ilmni oshirish, yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish;
- Fahsh, harom, boshqalarga tegishli rasm va videolarini tarqatish tiyilish;
- Dinni, ulamolarni, shaxslarni, xalqlarni kamsitadigan, obro‘ to‘kishga qaratilgan maqola, rasm va videolarni post qilib qo‘ymang;
- Foydasiz tortishuvlarga kirishmang;
- Mish-mish aytuvchi, tarqatuvchi bo‘lmang! Ma’lumotlarni tarqatishdan oldin tekshirib, aniqlashtiring;
- Postlaringiz bilan odamlarga ilm-ma’rifat, yaxshilik ulashishga intiling va bu ishlarning barchasini Alloh taoloning roziligi uchun qiling;
- Yozayotgan, yuborayotgan, ulashayotgan har bir so‘zingiz oxiratda sizning zararingizga emas, foydangizga guvohlik beradigan so‘z bo‘lishiga diqqat qiling;
- Ijtimoiy tarmoqlardan me’yorida foydalaning! Ibodatni ado etish, oilaning nafaqasi, silai rahm, qo‘shniga yaxshilik qilish kabi zimmangizdagi mas’uliyatlaringizni unutib qo‘ymang;
- Postlarga “yoqdi” tugmasidan bosishdan oldin bu ish iymoningizga futur yetkazadimi yoki yo‘qmi, aniqlab oling! Gunoh bo‘lgan postlarga “yoqdi” tugmasini bosish iymonga salbiy ta’sir etadi;
- Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizni oxiratda Alloh taoloning huzurida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilarida xijolat bo‘lib qolmaydigan tarzda yuriting!
Norin tumani “Abu Iso at-Termiziy” jome masjidi
imom-xatibi Maxmudov Yosinxon.
Manba: @SOFTALIMOTLAR