Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

Birovning telefoniga nazar solish mumkinmi?

30.06.2025   5349   1 min.
Birovning telefoniga nazar solish mumkinmi?

Savol: Birovning telefoni va undagi ma’lumotlarni ruxsatsiz ko‘rish mumkinmi? Chunki ba’zan avtobus, metro kabi ommaviy transport vositalarida ayrim shaxslarning shunday ishlar qilayotganiga guvoh bo‘lib qolamiz?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, birovning telefonidan uning ruxsatisiz foydalanish yoki undagi ma’lumotlarni o‘qish shar’an to‘g‘ri emas. Bu birovning uyiga ruxsatsiz mo‘ralash, xatiga ruxsatsiz qarash kabidir. Zero, bu ishlar Qur’on va hadislarda man etilgan.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam: “Kim birodarining maktubiga uning iznisiz nazar solsa, xuddi do‘zax otashiga nazar solgandek bo‘ladi”, deganlar (Abu Dovud rivoyati).

Ammo agar murabbiy (ota, ustoz va hokazo) qo‘l ostida tarbiyalanayotgan shaxsning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishidan shubha qilsa, u holda tarbiya maqsadida o‘z qo‘l ostidagi shaxsning telefonini tekshirishiga ruxsat beriladi. Balki ular vaqti-vaqti bilan bolalar va ularga tegishli narsalarni nazorat qilib turishlari kerak, toki ular to‘g‘ri yo‘ldan og‘masinlar. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Boshqa maqolalar

Yangi kun qachondan boshlanadi?

09.07.2025   2827   1 min.
Yangi kun qachondan boshlanadi?

Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi? 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.

Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.

Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.