Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘lim bir eshik. Barcha insonlar undan o‘tadi. Eh koshki, bu eshikka kirgandan keyin mening uyim qanaqaligi ma’lum bo‘lsa?!
Birodar! Qarang, qabrdagilar bir-birlariga juda yaqin yotishibdi. Lekin ular sirtdan yaqin qo‘shni. Aslida esa, bir-birlarining yoniga ham bora olmaydilar.
Usmon roziyallohu anhu qachon qabr yonidan o‘tsalar, shu darajada yig‘lar edilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketardi.
U kishidan: "Siz nega jannat va do‘zaxni esga olganingizda yig‘lamaysiz. Lekin qabrni ko‘rib yig‘laysiz?" deb so‘rashdi. U kishi shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qabr oxiratning ilk manzilidir", deganlar. Shunga ko‘ra, agar mayyit qabrdagi azobdan najot topsa, undan keyingi hayot oson bo‘ladi. Agar qabrdagi azobdan najot topa olmasa, u holda undan keyingi hayot qiyin bo‘ladi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men qabrdan ko‘ra daxshatliroq biror manzarani ko‘rmadim", deganlar.
Biz uchun bu qabrlarda ibrat yo‘qmi? Qarang, boy ham, faqir ham, zo‘ravon ham, kuchsiz ham, oq tanli ham, qora tanli ham, podshoh ham, fuqaro ham barcha barobar yotibdi. Ular dunyoga qaytishni xohlaydilar. Boylik jamlash yoki qasr qurish uchun emas, balki, koshki men bir namoz o‘qish uchun muhlat topsam, koshki bizga bir martagina "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa, deb, shu amallarni qilish uchun dunyoga qaytishni xohlaydilar. Lekin endi iloji yo‘q. Nomai a’mol yopilib bo‘ldi. Ruh jismdan chiqqan. Hayot muhlati tugab bo‘lgan. Endi har bir mayyit o‘z amalining garovi o‘laroq qabrida yotibdi...
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
Nima uchun chumoli yer ostiga to‘plab qo‘ygan donlar yerdan o‘sib chiqmaydi?!
Olimlar tadqiqot olib borishlaricha, chumoli o‘ziga kerakli bo‘lgan don va urug‘larni yer ostiga to‘plab, jamg‘arganidan keyin uni ikkiga bo‘lib qo‘yadi. Chunki don va urug‘lik ikkiga bo‘lib qo‘yilsa, har qancha yer unumdor bo‘lmasin, u o‘sib chiqmaydi.
Lekin chumoli kashnich donini to‘rt bo‘lakka bo‘lganini ko‘rgach, olimlar taajjubga tushishdi.
Bu xususda kerakli tadqiqot olib borgach, quyidagi narsani kashf qildilar. Kashnich doni agar ikkiga bo‘linsa ham o‘sib chiqaverar ekan.
Lekin to‘rt bo‘lakka bo‘linsa o‘sib chiqmas ekan. Chumoliga bu narsani ta’lim bergan Alloh har qanday ayb nuqsonlardan pokdir.
"Parvardigorimiz barcha narsaga o‘z xilqati (shakli)ni ato etib, so‘ngra (uni) to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ygan Zotdir" (Toha surasi, 50-oyat).