Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyul, 2025   |   16 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
05:00
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:35
Bismillah
11 Iyul, 2025, 16 Muharram, 1447

Ashuro ro‘zasining fazilati

04.07.2025   6482   2 min.
Ashuro ro‘zasining fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aslamlik bir kishiga odamlar ichida «Kim biron narsa yegan bo‘lsa, kunning qolganida ro‘za tutsin, kim yemagan bo‘lsa, u ham ro‘za tutsin, chunki bugun Ashuro kuni», deb jar solishga buyurdilar».

Ikki Shayx va Nasaiylar rivoyat qilishgan.

Rubayyi’ bint Mu’avviz ibn Afro roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashuro kuni ertalab Madina atrofidagi ansorlarning qishloqlariga odam yuborib, «Kim ro‘za tutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, ro‘zasini tugal qilsin. Kim og‘zi ochiq holda tong ottirgan bo‘lsa, kunining qolganini (ro‘za bilan) tugal qilsin», dedilar.

Shundan keyin biz uning ro‘zasini tutadigan va yosh bolalarimizga ham Alloh xohlaganicha tuttiradigan bo‘ldik. Masjidga borib, ularga yungdan o‘yinchoq qilib berar edik. Birortasi ovqat deb yig‘lasa, iftorgacha unga o‘shani berar edik».

Muslim rivoyat qilgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kunining hamda ushbu oy, ya’ni Ramazon oyining ro‘zasidan tashqari biror kunni boshqasidan afzal ko‘rib, ro‘za tutishga qasd qilganlarini ko‘rmadim».

Ikki Shayx rivoyat qilgan.

Izoh: Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon Ashuro kuni kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib turar ekanlar. Boshqa biror kunning ro‘zasini tutish uchun bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar.

Shuningdek, Ramazon oyini ham qachon kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib kutar ekanlar. Boshqa biror oyning ro‘zasini tutishni bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar. U kishining ummatlari, ya’ni bizlar ham shunday bo‘lishimiz lozim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharramdadir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘zidan oldingi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Boshqa maqolalar

Indoneziya OAV O‘zbekiston olimlarining Jakartaga ilmiy safarini yoritdi

09.07.2025   4075   4 min.
Indoneziya OAV O‘zbekiston olimlarining Jakartaga ilmiy safarini yoritdi

O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi, Musulmonlar idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi mas’ul xodimlaridan iborat ilmiy guruhning Indoneziyaga tashrifi ushbu mamlakatning yetakchi bosma va elektron nashrlari tomonidan keng yoritildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

 

Jumladan, Indoneziyaning "CNN Indonesia" axborot agentligi "O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziyaga tashrif buyurdi" sarlavhali maqolani e’lon qildi. Unda Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universitetida "Movarounnahrdan Janubi-Sharqiy Osiyoga: hadis ilmlari va intellektual aloqalar" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tgani va mazkur anjumanda O‘zbekistondan yetakchi olimlar ishtirok etgani ma’lum qilingan.

 

"Tadbir ilmiy muloqot shaklida tashkil etilgan bo‘lib, uning doirasida Imom Buxoriy merosini o‘rganish, Mavarounnahr ulamolarining Indoneziya orollarida islom dinini tarqatishda tutgan o‘rni, hadisshunoslik yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi", – deb yozgan axborot agentligi.

 

O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan qator tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasida islomiy ma’rifat, ta’lim, diniy bag‘rikenglik va tarixiy merosni asrab-avaylash sohalarida aloqalarni yanada mustahkamlashi ta’kidlangan.

 

Maqolada xabar qilinishicha O‘zbekiston ilmiy-ma’rifiy doiralari vakillari Indoneziya xalq manfaatlari va huquqlarini himoya qilish vaziri Muxaymin Iskandar, ekologiya vaziri o‘rinbosari Dias Xendrapriono, Ulamolar Kengashi va "Nahdatul ulamo" tashkiloti rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

"Businessreview" veb-sayti "Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universiteti hamkorligi diniy mo‘tadillik va islom ta’limi tizimini mustahkamlaydi" sarlavhali maqolani e’lon qildi.

 

 Nashrda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi va Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universiteti hamkorligida Indoneziya poytaxtida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilgani qayd etilgan.

 

 Materialda yozilishicha, anjumanda Mavorounnahr tarixi, Imom Buxoriy merosi, Markaziy Osiyo ulamolarining Indoneziyada islom ta’limotini tarqatishda tutgan o‘rni kabi mavzular muhokama qilindi.

 

Ushbu mamlakatdagi "Aspirasi Nusantara" elektron nashri Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari "Nahdlatul ulamo" tashkiloti faoliyati bilan tanishgani haqida yozdi. Ma’lum qilinishicha, shu yil 2 iyul kuni O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomov Indoneziyadagi eng yirik tashkilot "Nahdlatul ulamo" rahbariyati bilan uchrashdi.

 

"Nahdlatul ulamo" tashkiloti qoshidagi Ilmiy markaz rahbari Abshor Abdullo Imom Moturidiy ta’limoti sunniy kalom ilmida mo‘tadil, aql va mantiqqa tayanadigan yo‘nalish ekanini qayd etdi" – deb yozgan elektron nashr.

 

Tomonlar ta’lim sohasida aloqalarni kengaytirish, talabalar almashuvini amalga oshirish va ziyorat turizmi yo‘nalishida dasturlar ishlab chiqish kabi mavzularda fikr almashdilar.

 

Indoneziyaning "Jakarta Merdeka" onlayn portali esa "Bogor Botanika bog‘ida do‘stlik daraxti ekildi" sarlavhali maqolani e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Bogor shahridagi Indoneziya Milliy Botanika bog‘ida daraxt ekish marosimida ishtirok etgani va Indoneziya ekologiya vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv o‘tkazgani ma’lum qilingan.

 

 "Vazir o‘rinbosari Dias Xendrapriono Imom Buxoriy to‘plagan hadislar orasida tabiatni asrashga oid nasihat va tavsiyalar ko‘p ekanini ta’kidladi. Bu esa islom ta’limotida ekologik bilim va ong asosiy o‘rin tutishining yaqqol dalilidir", – deb yozilgan "Jakarta Merdeka" maqolasida. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati