16-26 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 84 nafar voiz imom-xatiblar uchun malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida 10 kun mobaynida notiq imomlar uchun “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” yo‘nalishida 72 soatlik o‘quvlar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida taniqli ulamolar, professor-o‘qituvchilar va sohadagi eng malakali ustozlar o‘z bilim va tajribalarini yetkazdilar.
Bugun, 26 iyul kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan imomlarga sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etib, diniy-ma’rifiy sohadagi yangilanishlar, imom-xatiblarga ko‘rsatilayotgan e’tiborni so‘zlash barobarida bugungi murakkab davrda imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini oshirib borishni zamonning o‘zi taqozo etayotganini ta’kidladilar. Shuningdek, masjid minbari, turli yig‘inlar va ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilishda imom-xatib e’tibor qiladigan muhim jihatlar, notiqlik odobi va yangi davr talablariga batafsil to‘xtaldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarining dolzarbligi, targ‘ibot-tashviqot ishlarida imom-xatiblarining o‘rni va kelgusidagi vazifalari haqida so‘zladi.
Voiz imom-xatiblarga muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan sertifikatlar topshirilib, xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ahli ilm va solihlarga muhabbat qiling va davralarida bo‘ling. Shoyad, shafoatlari yetsa:
Imom Shofeiy rahimahulloh aytadilar:
Solihlarni sevaman, garchi ulardan emasman,
Shoyad, ular orqali shafoatga erishsam.
Tijorati gunoh bo‘lganlarni suymasman,
Garchi ular kabi tijoratim(iz) bir bo‘lsa ham.
Yazid ibn Horun rahimahulloh aytadilar: “Muhammad ibn Yazid Vositiy vafot etgach, tushimda uni ko‘rdim va:
“Alloh sizga qanday muomala qildi?” deb so‘radim.
“U Zot meni mag‘firat qildi” dedi.
“Nima uchun?”, deb so‘radim. U bunday dedi:
“Juma kuni asr namozidan keyin bir majlisda edik. Abu Amr va Hasan Basriy rahimahumulloh ham kelib, duo qilishdi, biz “omin” deb turdik. Shu tufayli mag‘firat qilindik”.
Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh aytadilar: “Otam o‘n besh yoshga to‘lganimda menga: “Ortiq yosh bola emassan. Yaxshilik ortidan bor, shunda solih kishilar qatorida bo‘lasan”, dedilar. Shundan beri maslahatlaridan chiqmadim” (Ibn Javziy, Soydul Xotir).