Odamlarga xitob qilayotganingizda eng chiroyli so'zlardan foydalanib, chiroyli tarzda gapiring. Zero, Alloh taolo marhamat qiladi: “Odamlarga yaxshi gaplar aytingiz”(Baqara surasi, 83-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Yarimta xurma bilan bo'lsa ham o'zingizni do'zaxdan saqlang. Agar kimki buni topolmasa, shirin so'z bilan!”.
Gapingiz orasida to'xtab-to'xtab, shoshmasdan gapiring, toki eshitayotgan odam maqsadingizni tushunsin, uning mag'zini chaqsin!
Oisha roziyallohu anhodan bunday deganlari rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xuddi sizlardek gapirardilar, lekin gap orasida to'xtalish(pauza) qilib gapirardilar va shu orqali o'tirganlar u zotning gaplarini yodlab qolishardi”.
Oisha onamiz yana shunday degan ekanlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday ohista gapirar edilarki, gaplarini sanashga ham imkon bo'lardi”.
Sizni tinglayotgan odamning fahmiga loyiq tarzda xitob qiling. U tushunadigan so'zlarni ishlatib gapiring. Yo'qsa yomon gumonga borib qoladi, ya'ni agar siz uning ilmiy saviyasidan yuqoriroq saviyada gapirib qo'ysangiz, u buni istehzo qilish, pastga urish deb o'ylab qoladi.
Kamgap bo'lishga harakat qiling. Iloji bo'lsa, savolga javob berish, nasihat qilish, amri ma'ruf, nahyi munkar qilish yoxud Allohga chaqirishdan tashqari holatlarda gapirmang. Zotan Alloh taolo marhamat qilib aytdiki: “Ularning ko'pgina maxfiy suhbatlarida yaxshilik yo'q, magar kim sadaqaga, yaxshilikka va odamlar orasida islohga amr qilsagina, yaxshilik bor. Kim o'sha ishni Allohning roziligi uchun qilsa, albatta, unga ulug' ajr berurmiz” (Niso surasi, 114-oyat).
Ko'p gapirib, Allohning zikridan g'aflatda qolmangiz! Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Allohning zikri bo'lmagan gaplarni ko'paytirmangiz. Chunki Allohni yod etmagan holda ko'p gapirish qalbni qoraytiradi. Allohdan eng uzoq banda qalbi qotgan (qoraygan) bandadir”.
Sergaplikdan, bekorchi va maqsadsiz gaplardan chetlaning! Zero Robbimiz taolo Mo'minun surasining 1-3-oyatlarida aytadi: “Batahqiq, mo'minlar najot topdilar. Ular namozlarida xushu' qiluvchilardir. Ular behuda narsalardan yuz o'giruvchilardir”.
Gapirishdan oldin gapingizni, uning oqibatini o'ylab olib, keyin gapiring. Maqsadingizni yaxshi qamrab olmasdan, aniqlik kiritib olmasdan turib gapirmang!
Bu haqida Alloh taolo aytadi: “Biror so'z aytmas, magar huzurida hoziru nozir borlar”(Qof surasi, 18-oyat).
Gapirayotgan odamingizning yuziga qarab gapiringki, unga bo'lgan e'tiboringizni his qilsin! Telefoningizni titib yoki o'ngga-chapga qarab gapirsangiz, bu uning parvosini ham kamaytiradi.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning Markaz ekspozitsiyasini boyitish va takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Milliy kutubxona, Islom sivilizatsiyasi markazi rahbar va xodimlari, akademik va professorlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda belgilangan 12 ta Ishchi guruh rahbarlari ishtirokida ekspozitsiyani ilmiy va innovatsion artefaktlar bilan boyitish masalalari, ularni tahlil va nazorat qilish tartiblari muhokama qilindi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida ekspozitsiyani tashkillashtirishda hamkorlik qilgan olimlarni moliyaviy rag‘batlantirish, Markaz kutubxonasini interaktiv usulda tashkil qilish bo‘yicha fikr almashildi. Ishchi guruh a’zolariga Markaz ekspozitsiyasini yaratishda loyiha rahbarlari va dizaynerlarning bir-biri bilan uzviy aloqalarini ta’minlash, yaratilgan ijodiy ishlarning mazmuni va xronologiyasiga alohida e’tibor qilish vazifalari qo‘yildi.
Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori:
Ilmiy kengash a’zolari loyihalar qay jarayonga yetgani va ularning umumiy nazoratini o‘z zimmamizga olishimiz kerak. Ishlarga tahlil va tanqid bilan qaramasak, samara bermasligi mumkin. Barchamizning maqsadimiz bir — Mamlakatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarni bajarish, ishonchlarini oqlash! Shuning uchun olimlar, soha mutaxassislari, mas’ul shaxslar bahamjihat bo‘lib fikr almashib turishimiz foydadan xoli bo‘lmaydi.
Umida Teshaboyeva, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori:
Markaz kutubxonasi bo‘yicha 26 ta loyiha ustida ish olib boryapmiz. Ularning 16 tasi mahalliy va 9 tasi xalqaro darajadagi loyihalardir. Avgustga qadar ishlarning ma’lum qismini tugallashni rejalashtirganmiz. Hozirda bizning loyihalarda muammo yo‘q. Ammo xorij bilan aloqalarni o‘rnatishda, ular bilan mahsulot almashinuvida Markazning yordami kerak bo‘ladi. Kutubxona uchun kerak bo‘lgan zarur texnikalar, moliyalashtirilish jarayonlarini ham aniq belgilab olish zarur. Shu tarzda ishlar ham samarali davom etadi.
Jannat Ismoilova, O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi direktori:
Jarayonlar qizg‘in kechmoqda. Ayni vaqtda biz loyihalar doirasida xalqaro hamkorlar bilan bog‘lanib, fikr almashishga kirishib ketganmiz. Xalqaro hamkorlar ham Markaz faoliyatiga katta qiziqish bildirib o‘tmoqda. Ayni kunlarda ular bilan shartnoma tuzish, istiqbolli rejalarni belgilab olish jarayonlari ustida turibmiz.
Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori:
Muhtaram Prezidentimiz joriy yilning 29 yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashriflari davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash doirasida tizimli ishlar olib borilyapti. Bugungi yig‘ilish zamirida ana shu maqsad ilgari surilmoqda. Darhaqiqat, Markaz, nafaqat, binoning mahobati bilan, qolaversa, mazmunan, nodir eksponat va boy kontentlari bilan ham haqiqiy megaloyihaga aylanishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz rahbari aytganidek, ushbu maskan mukammal markaz bo‘lishi kerak. Bu markaz Uchinchi Renessansning ilmiy poydevoriga aylanishi kerak. Bugungi kunda bizning oldimizga qo‘ygan asosiy vazifamiz Markazga tashrif buyuradigan har bir insonni boy tarixiy merosimiz bilan hayratga solish, buyuk kelajagimizga ishonch, yosh avlodlarda faxr va iftixor tuyg‘ularini shakllantirishdir. Maqsadimiz o‘tmish va kelajak o‘rtasida ko‘prik yaratish, tarixni oson tilda yoshlarga tushuntirib berish. Zero, Prezident mazkur maskanni tashkil etishdan ko‘zlagan maqsadi ham shu.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunga qadar birinchi bosqich uchun tanlab olingan 600 dan ortiq ilmiy va innovatsion ishlardan 400 tasi saralab olinib, ekspozitsiyaga taqdim etish uchun olimlar va mas’ullar rahbarligi ostida maxsus guruhlar shakllantirilmoqda.
Yig‘ilish so‘ngida, 800 dan ortiq loyihaning birinchi bosqichda amalga oshirish uchun saralab olinganlari doirasida amalga oshirilayotgan jarayonlar yuzasidan yozma ravishda hisobot berib borilishi aytib o‘tildi.