Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Zotdor qo‘yimiz bor. Dumbasi kattaligi uchun kestirmoqchi edik. Veterinar oshiqchasini operatsiya qilib, kesib berar ekan. Hayvon tirik bo‘ladi va yana yashab ketadi. Bismillahni aytib kesib beradi. Dumbaning kesilgan qismini yeyish hukmi nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tirik hayvondan kesib olingan a’zoni, garchi “bismillah” aytib kesgan bo‘lsa ham yeyish halol emas. Chunki Abu Voqid al-Laysiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida ular tuyalarning o‘rkachlarini yorar va qo‘ylarning dumbasini kesib olar edilar. Bas, u zot: “Tirik holdagi hayvondan kesib olingan narsa, o‘limtikdir, yeyilmaydi”, dedilar” (Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyati). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Eng avval salom berish.
Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Eng yashi amal qaysi?” deb so‘rashdi. Shunda U zot alayhissalom: “Taom ulashishing hamda tanigan-tanimaganingga salom berishing”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bir kishi keldi va “Assalamu alaykum”, deb salom berdi. U zot unga javob qaytardilar va “O‘nta”, dedilar. Keyin yana bir kishi kelib, “Assalamu alaykum va rohmatulloh”, dedi. U zot unga ham javob qaytardilar va “Yigirmata”, dedilar. So‘ngra yana bir kishi keldi-da, “Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh”, dedi. U zot unga javob qaytargach, “O‘ttizta”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
2. Ko‘rishgan kishi bilan xayrlashayotganda ham salom berish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizlardan birortangiz bir majlisga kelsa, salom bersin, qaytmoqchi bo‘lsa, yana salom bersin. Birinchi salom ikkinchisidan haqli emas” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati). Ya’ni, ikkinchi salomning ahamiyati birinchinikidan kam emas.
3. Tabassum bilan ro‘baro‘ bo‘lish.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Yaxshi amaldan biror narsani arzimas sanama, hatto birodaring yuziga ochiq chehra bilan yo‘liqishni ham” (Imom Muslim rivoyati).
4. Ikki qo‘l bilan ko‘rishish
“Ikki musulmon bir-birlariga yo‘liqib, qo‘l berib ko‘rishar ekan, ular hali ajralmay turib, albatta, ularning gunohlari mag‘firat qilinadi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
5. Go‘zal so‘z so‘zlash.
Alloh taolo marhamat qiladi: “odamlarga shirinso‘z bo‘ling...” (Baqara surasi, 83-oyat)
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshi so‘z sadaqadir”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD