Bir kuni boy ota o‘g‘li kambag‘allik nima ekanini tushunishi uchun uni faqir oilaga olib bordi. Ular o‘sha oilada bir necha kun yashab, so‘ng qaytib kelishdi. Ota o‘g‘lidan so‘radi:
– Bu qilgan safarimizdan qanday xulosalar chiqarding?
O‘g‘li bunday javob berdi:
– Bizda katta uy, ularda odiy. Lekin ularning bag‘ri keng ekan. Agar biznikiga kelib shuncha vaqt yashamoqchi bo‘lganlarida biz rozi bo‘lmasdik, menimcha. Biz kerakli narsalarni do‘kondan olamiz, ular aksarini o‘zlari yetishtirarkan. O‘zlari mehnat qilib yetishtirgani uchun isrof qilishmas ekan. Bizda uy ishlarini xizmatkor qiladi, ular esa bir-biriga yordam berisharkan. O‘zaro mehr-oqibatlari ham havas qilarli. O‘ylab qarasam, aslida ularmas, biz kambag‘al ekanmiz...
Ota bu javobni eshitib o‘ylanib qoldi. O‘g‘li bunday javob berishini kutmagan edi.
Aslida biz o‘zimizda bor narsaga emas yo‘q narsaga intilamiz olishga, erishishga xarakat qilamiz. Bizdagi bor narsa kimlar uchundir orzu ekanini unutamiz. Gohida qanchalik biz boy ekanimizni anglash uchun o‘z hayotimizga boshqacha nazar bilan qarashimiz kerak bo‘ladi.
Akbarshoh Rasulov
Bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga mav’iza qilib berdilar. Musulmonning musulmonga ehtiromi mavzusida qilingan go‘zal suhbat davomida Alloh taolo inson zotini azizu mukarram etib, borliqdagi barcha narsani insonga xizmat qildirib qo‘ygani, shunday ekan, insonlar ham o‘zaro ahl-inoq, mehr-muhabbatli, bir-birlariga doimo yordamchi bo‘lib hayot kechirishlari dinimiz amri ekani eslatib o‘tildi.
Ma’ruza asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflar keltirib o‘tildi. Jumladan, mashhur sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba atrofida tavof qilayotganlarini ko‘rdim. U zot Ka’baga qarab bunday der edilar: "Sen va sening hiding qanday ham go‘zal! Sen qanday ulug‘san va sening hurmating qanday buyuk! (Lekin) Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh nazdida mo‘minning hurmati sening hurmatingdan ham ulug‘dir" (Imom Ibn Moja rivoyati).
Musulmon kishining Alloh nazdidagi hurmati mana shunday baland ekan, o‘zaro hurmat-ehtiromi ham shunga monand bo‘lishi ta’kidlandi. Manfaatli suhbat yakunida butun dunyo musulmonlari, xususan, xalqimizning o‘zaro ahil-inoqligi bundan ham ziyoda bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati