Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Padari buzrukvorim Mavlono muftiy Muhammad Shafe’ Usmoniy quddisa sirruh Pokiston muftiy A’zami edilar. U kishining butun hayotlari o‘qish va o‘qitish ila o‘tdi. Dorul ulum Devbandda ta’lim oldilar va o‘sha yerda ta’lim berdilar. U yerdagi «Dorul ifto»ning bosh muftiysi bo‘ldilar.
Bir kuni: «Men qachonki, bir joyga ketayotgan bo‘lsam va qayerdadir voiz va’z aytayotgani, nasihat qilayotganini ko‘rsam, qanchalik shoshmayin, bir muddat bo‘lsa ham, uning gapini eshitish uchun to‘xtayman. Ehtimol, Alloh taolo uning tiliga men uchun foydali bo‘lgan narsani joriy qilib qo‘yar», dedilar.
Bu gapni kim aytyapti? Pokiston muftiy A’zami huzuriga ertayu kech odamlar din o‘rganish uchun keladigan, hatto ulamolar muammolarini hal qilish uchun murojaat qiladigan inson aytyapti! Ilm talabi mana shudir. Vaholanki, odatda, va’z aytayotgan voizlar yoshi kichik, u kishining shogirdlari yoki shogirdlarining shogirdlari bo‘lar edi. Lekin «Shoyad uning og‘zidan men bilmagan va menga foydasi bo‘lgan biror narsani Alloh taolo eshittirsa», degan maqsadda biroz bo‘lsa-da, kutib turar edilar».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
Hazrat Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh aytadilar:
“Ayolning duolari ila insonning farzandlari dinida baraka bo‘ladi. Bu nozik jihatni yodda tuting! Siz ko‘rasizki, bir necha buyuk dindor odamlar bo‘ladilar. Magar, xarakterlari juda yomon va og‘ir bo‘lgani sababli, ayollariga doimo yomon muomala qilaveradilar. Shu sababli ularning farzandlari dindor bo‘lmaydi. Endi, bular o‘zlari katta olimlar, muftiylar. Lekin farzandlari benamozligidan tashvishda bo‘ladilar”.
Bir voqea
Mening oldimga bir kuni bir katta muftiy janoblari farzandini olib keldi va: “Hazrat, men o‘g‘limni hadis davralariga qatnashtirdim. Uning haqqiga duo qiling. U farz namozlarni o‘qimaydi” dedi.
Men buni eshitib titrab ketdimki, bola hadis davrasiga qatnashgan, shundan keyin ham farz namozini o‘qimaydi...
Men unga: “Farzandingiz dindor bo‘lishini xohlaysizmi?” dedim.
U: “Ha, albatta” dedi.
Men: “Ayolingizning duolarini oling”, dedim. Shunda, u qahqaha otib kulib yubordi.
Men: “Siz buni oddiy narsa deb tushunmang. Men buni ulug‘larimizdan eshitganman va barakasini ko‘rganman. Siz ayolingizga mehr qo‘ying. Ayolingizning duolarini oling. Keyin, Alloh taolo farzandlaringizni qanday solih qilishini tomosha qiling” dedim.
Allohning qudratiki, ikki yildan keyin o‘sha muftiy hazrat yana keldi va “o‘g‘lim tarovehda xatmi Qur’onga o‘tdi” dedi.
Men: “Farz namozlarni o‘qimaydigan bola qanday qilib xatmi Qur’onga o‘tdi?" dedim.
U: “Hazrat! Siz aytgach, men ayolimga mehr qo‘ydim va unga “farzandlarimizning solih bo‘lishi uchun duo qil” dedim. Alloh taolo uning duosini qabul qildi va farzandlarimizni solih qildi” dedi.
Ota-onaning duolar ila moddiy rizqda baraka bo‘ladi. Ustozning duolari ila fayzda baraka bo‘ladi. Ayolining duolari ila insonning farzandlari solih bo‘ladi.
“Taaba manzil sirf devane gaye” kitobidan
Abdulqayyum Komil tarjimasi