“Hoja Buxoriy” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi 1-kurs talabasi Anvar qori Sherqulov 30 pora Qur'oni karimni 7 soatda yoddan o'qib xatm qilib berdi.
Qur'oni karimni o'qish jarayonini ta'lim muassasasi Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifat bo'limi boshlig'i Muzaffar Qosimov va ustozlari Saidmuhammad qori Muhibulloyev, Hikmatullo qori Hamidov, Olloyor Omonov va Asilbek qori Islomov kuzatib bordi.
Hatm yakunida Muzaffar domla Qosimov xayrli duo qilib berdi. Anvarjon qoriga ta'lim muassasasi mudiri O'tkir domla G'uzarov hadya sifatida 7 000 000 (million) so'mlik sertifikat va qimmatbaho sovg'alarni topshirdi.
Ma'lumot: Qur'oni karimda 114 ta sura, 6 236 ta oyat va taxminan 1 015 030 nuqta, belgi, 323 670 harf va 77 934 ta so'z bor. Qur'on sahifalanishiga ko'ra 30 pora (juz, qism)dan iborat bo'lib, mushafning har 10 varog'i bir pora hisoblanadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Ma’ruf ibn Fayruz al-Karxiy rahimahulloh aytadilar:
“Dunyo to‘rt narsadan iborat: mol, so‘z, uyqu va taom. Mol tug‘yonga olib boradi, so‘z adashtiradi, uyqu esdan chiqaradi, taom shahvatga yetaklaydi”.
“Solihlar ko‘p, lekin ular ichida siddiqlar kam”.
“Alloh kimga yaxshilikni istasa, unga amal eshigini ochib, tortishish eshigini yopadi. Agar yomonlik istasa, amal eshigini yopib, tortishish eshigini ochadi”.
“Allohga tavakkul qil, toki U sening ustozing va shikoyat qiladigan Zoting bo‘lsin. Chunki insonlardan naf yo‘q”.
“Ko‘zlaringizni tiying, hatto urg‘ochi qo‘ydan ham”.
“Saxiylik — muhtoj paytda muhtoj narsani boshqa birovga berishdir”.
“Tungi ibodat mo‘min uchun qiyomat kunida nur bo‘lib, o‘ngu so‘lini yoritadi. Kunduzgi nafl ro‘za esa, bandani do‘zaxning issig‘idan uzoqlashtiradi”.
“Qiyomat kunida bir nido qilguvchi: “Ey Allohni madh qilganlar turinglar”, deb nido qiladi. Shunda, “Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar turishadi”.
“Avliyolarning alomati nima?” — deb so‘rashdi. “Alomatlari uchtadir: Alloh uchun g‘am chekadi, Alloh bilan mashg‘ul bo‘ladi va Alloh tomonga qochishadi”.
Dovud Toiyning do‘stlaridan biri menga: “Amalni tashlama. U seni Robbingning roziligiga yaqinlashtiradi”, dedi. Men undan: “Qaysi amalni?” deb so‘radim. U: “Robbingga doimiy itoat, musulmonlarga xizmat va ularga nasixat” dedi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV