Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Oktabr, 2026   |   21 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:02
Quyosh
06:20
Peshin
12:12
Asr
16:18
Shom
18:08
Xufton
19:22
Bismillah
02 Oktabr, 2026, 21 Rabi`us soni, 1448

Mutaasiblik

04.11.2025   11989   3 min.
Mutaasiblik

Islom dini faqat diniy ahkomlarga chegaralanib qolgan din emas, balki, u jamiyatning ma’naviyati va ma’rifatini shakllantiruvchi, kamolga yetkazuvchi hamda uning ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-ma’naviy talablarini qondiruvchi dindir. Ammo, ba’zi bir insonlar diniy ilmsizligi sababli hayotida ko‘plab muammolarga duch kelishi tabiy holdir. Mana shu muammolardan biri mutaassiblikdir.

Shariatimiz doimo mutaassiblikka qarshi bo‘lib, uning asl manbalari bo‘lgan Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bu bid’at ish juda qattiq qoralangan. Chunki, bu illat turli zamonlarda turli nomlar ostida dinimizga tasvirlab berib bo‘lmas darajada zarar yetkazib, bu hol hozirda ham har xil jarangdor nomlar va shiorlar ostida davom etmoqda. Biz ushbu yomon illatdan o‘zimizni himoya qilish uchun, avvalo, mutaassiblik nima ekanligi, dinimizda peshvo bo‘lgan ulamolar unga qanday ta’rif berganini quyida keltirib o‘tamiz.

Mutaassiblik – biron e’tiqodga yoki dunyoqarashga o‘ta berilganlik, o‘z fikrida qat’iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o‘zini haq deb bilishdir. Hozirgi zamon tili bilan buni “fanatizm” ham deyiladi. Mutassib kishi ko‘r-ko‘rona xoh to‘g‘ri, xoh noto‘g‘ri bo‘lsin o‘ziga ma’qul bo‘lgan bir fikrda mahkam turib, o‘zini fikrini haq, boshqalarning fikrini nohaq deb e’tiqod qilgan holda o‘z fikrini amalda ko‘rsatishga harakat qiladi.

“Kashshofu istilohotil funun” kitobida: “Mutaassiblik – garchi dalil ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir”, deb ta’riflangan. Ulamolardan Alloma Taftazoniy: “Mutaassiblik – haq zohir bo‘lsa ham uni tan olmaslikdir”, deb aytgan. Shayx Alovuddin Buxoriy: “Dalil zohir bo‘lganda, aqidasi haqni tan olishdan to‘sadigan kishi mutaassib hisoblanadi”, deb ta’rif bergan. Sodrush shari’a Ubaydulloh ibn Mas’ud al-Mahbubiy esa: “Bilingki, bid’at ikki ishning biridan paydo bo‘ladi; birinchisi mutaassiblikdan, ikkinchisi ahmoqlikdan. Bir inson aqli joyida bo‘lgan holida qalbidagi aqidasi buzuq bo‘lgani bois haqni tan olmasdan katta ketsa, ana shu kimsa mutaassib bo‘ladi”, deb aytgan ekan. Alloh taolo bunday kimsalarga tahdid qilib Niso surasining 15-oyatida: “Kim o‘ziga hidoyat ravshan bo‘lgandan keyin Payg‘ambarga xilof qilsa va mo‘minlarning yo‘lidan boshqa yo‘lga yursa, ketgan tomonga qo‘yib qo‘yamiz va jahannamga kiritamiz. U qandoq ham yomon joy!”, deb aytgan. Shuningdek, mutaassib kishi jamiyat ichida tarafkashlik va bo‘linish yuzaga chiqishiga ham sababchi bo‘ladi. Bu ham muqaddas dinimizda qoralangan ishlardan hisoblanadi. Alloh taolo Oli Imron surasining 103-oyatida aytadi: “Barchangiz Allohning arqoniga (Qur’onga) bog‘laningiz va bo‘linmangiz!”.

lamolar mutaassib kimsaning uchta belgisi bor deb aytishgan;

- doimo amallarning eng qiyinini oladi;

- o‘zi yurgan yo‘lni faqat shu haq yo‘l deb e’tiqod qiladi;

- unga qarshi chiqqan barchani zalolatda deb hisoblaydi.

Har bir iymon-e’tiqodli insonnning burchi yer yuzida farovonlik va osoyishtalikni qaror toptirib, buzg‘unchilik va fasod ishlarga qarshi kurashmoqdir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinda, e’tiqodda qay darajada bo‘lish zarurligini ko‘rsatib: “Ishlarning yaxshisi – uning o‘rtachasidir”, degan muborak hadislari bilan musulmon kishini qanday umrguzaronlik qilishini ham belgilab berganlar.

Azizbek Boqiyev,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ohod xabarlardan foydalanishdagi zamonaviy muammolar

02.10.2026   8295   18 min.
Ohod xabarlardan foydalanishdagi zamonaviy muammolar

Aqida ilmi insonga e’tiqodni dalillar bilan o’rganib, qat’iy ishonish darajasiga ko’tarilishni o‘rgatadi. Natijada esa, inson har bir amalini ixlos bilan, niyat qilib savob-u ajrga  erishishini bilib amal qiladi. Aqida ilmida aqidaviy masalalardan tashqari, aqidaviy hukmlar qanday olinishi ham o’rganiladi. Albatta, hukmlarni olishda xabarlardan keng foydalaniladi. Xabar mavzusining o‘zi keng qamrovli bo’lib, u aqida, fiqh va axloq ilmlarida dalil bo’lishda muhim ahamiyatga ega. “Xabar” so’zi hadis ilmida “hadis”ning sinonimi sifatida ishlatiladi. Aqida ilmida esa, “xabar” kalimasi “hadis” ma’nosida va o’zining lug’aviy ma’nosiga ko’ra “so‘zlash yoki yozish tariqasida aytib beriladigan narsa”ga ishlatiladi[1]. Moturidiya aqidaviy ta’limotida “xabar” “ma’rifatni hosil qiluvchi vosita” sifatida qo’llaniladi. Mazkur aqidaviy ta’limotning kitoblari “Narsalarning haqiqatini bilish va insonlarda ilmni hosil qiluvchi vositalar” nomli bahs bilan boshlangan[2]. Unda xabarlar ikki turga: mutavotir va ohod xabarga bo’linishi aytiladi. 
 

Mutavotir xabar zaruriy ilmni, ya’ni tafakkursiz, o’z-o’zidan hosil bo’ladigan ilmni hosil qiladi[3]. Mutavotir xabarni eshitgan insonda o’z-o’zidan “ilm” hosil bo’ladi. Bu xabar turini eshitgan inson “yo’q, bunday narsa mavjud emas” deb inkor qilsa, aqlli insonlar qatoridan chiqariladi. Ilm esa, yaqin (qat’iy ishonch) ni ifoda qiladi. Quyida mutavotir va ohod xabarlari qanday xabar ekani yoritiladi.


Mulla Ali Qorining “Sharhu nuxbatil fikar”ga yozgan sharhida “mutavotir xabar”ni shunday ta’riflagan:

المتواتر المفيد للعلم اليقيني واليقين هو الإعتقاد الجازم المطابق، وهذا هو المعتمد أن الخبر المتواتر يفيد العلم الضرورية وهو الذي يضطر الإنسان إليه بحيث لا يمكن دفعه

Mutavotir (xabar) yaqiniy ilmni ifodalovchidir. Yaqin esa, voqe’likka mos keluvchi, jazm qiluvchi e’tiqoddir. Asos gap shuki, mutavotir xabar zaruriy ilmni ifodalaydi. Uni inson botilga chiqarolmaydigan darajada qabul qilishga majbur bo’ladigan ilmdir. [4]


Demak, mutavotir xabar inkor qilib bo’lmaydigan, jazm (qat’iy ishonch) bilan tasdiqlanadigan ilm hisoblanar ekan. Qur’on va mutavotir yo’l bilan rivoyat qilingan hadislar shular jumlasidandir. Mutavotir xabar bilan aqidaviy hukm yoki aqidaviy masala sobit bo’ladi. Mazkur xabarning muqobilida “ohod xabar” bo’lib, u “zonn”i (kuchli gumon) ifodalaydi. Ko’pchilik ulamolar ohod xabar amalni vojib qilishini lekin, ilmni ifoda qilmasligini aytishgan.


Mulla Ali Qorining “Sharhu nuxbatil fikar”ga yozilgan sharhida ohod xabar haqida shunday deyilgan:

فإنهم قالوا: أحاديث الصحيحين التي ليست بمتواترة إنما تفيد الظن، فإنها آحاد، والآحاد إنما يفيد الظن على ما تقرر


Muhaqqiq ulamolar va ko’pchilik olimlar aytishadiki: ““Sahihayn[5]”dagi mutavotir bo‘lmagan hadislar “zonn”i ifodalaydi. Chunki ular ohod hadislardir. Ohod esa qaror topgan hukmga ko’ra zonni ifodalaydi.[6]


         Demak, ohod hadislar “ilm”ning muqobilida turadigan “zonn”i ifoda qiladi. Zonn deb, ishonchda ikki tarafdan ustunrog‘iga ishlatiladi. Ya’ni idrokning 70% - 99%  bo’lganiga mazkur so‘z ishlatiladi. Zonn shak va vahmdan ustun turadi.

Amaliy shar’iy ilmda ohod xabarning o’rni keng. Imom Buxoriy va imom Muslim o’z “Sahih”larida ohod xabarni qabul qilish joizligi va unga amal qilinishi haqida alohida bob yozishgan. Biroq aqidadagi hukm va qoidalar qat’iy ishonch darajasida tasdiqlashni talab qilgani uchun “yaqin” (qat’iy ishonch)ni ifodalaydigan xabar hujjat qilinishi kerak.


 “Aqida” so’zi qalb unga mustahkam, pishiq bog’langan narsaga ishlatiladi. Qalb bir narsaga mustahkam bog’lansa, unda hech qanday shak-shubha qolmasligi kerak. Oldingi mutakallimlar[7] ham “aqida ilmida ohod xabar hujjat bo’lmaydi” deb mana shu qalb unga mustahkam bog’lanishi kerak bo’lgan, dinning asli bo’lgan aqidani nazarda tutishgan. Ohod xabarlar aqida ilmida hujjat bo’lishi haqida bahslar ko’paygach yuqoridagi “ohod xabar aqidada hujjat bo’lmaydi” degan iboraga oydinlik kiritib, batafsil yoritishga ehtiyoj tug’ildi. Ohod xabar aqida ilmida hujjat bo’lishi borasidagi qarash egalari uch toifaga bo’linadi:


Birinchi toifa: ohod xabarni mutavotir xabar kabi Qur’on va sunnatda qat’iy sobit bo’lib kelgan deb qarovchilardir. Ularning qarashicha ohod xabar “ilm” ya’ni qat’iy ishonchni ifodalaydi. Ular o’z qarashlariga Rosulullohga xilof qilishdan qaytarilgan oyati karimalarni asosiy dalil qilib keltirishgan.  Shuning uchun ohod xabar hujjat bo’lgan masalani inkor qiluvchisini kofir, dindan chiqqanlikda ayblashadi.[8] Olimlarning “aqida faqatgina qat’iy dalil, oyat va mutavotir darajasiga yetgan hadis bilan sobit bo’ladi” degan gaplarini bid’at, shariatda asli yo’q gap, deb qarashgan. Salaflardan hech kim ohod xabar aqidani sobit qilmaydi, degan gapni aytmagan” deb da’vo qilishadi. Rosul alayhissalom o’z havoyi nafslaridan gapirmasliklari va barcha aytgan gaplari dindan ekani va Allohning vahiysi ekanligini oyatlar bilan hujjat qilishadi.[9] Biz ham Rosul alayhissalomning gaplari dindan ekanligiga, shariatdan iborat ekaniga va u kishi vahiydan o’zga narsani gapirmasliklariga taslimmiz. Dalillarning sobit bo‘lish va dalolat qilishdagi darajalaridan bexabar inson ularni eshitganda ishonib ketaveradi. Ilmli kishi esa, qoida va hukm chiqarib olishda asos bo‘lishga yaraydigan hujjat dalolat qilishda va sobit bo’lishda “qat’iy” bo’lishi lozimligini biladi. Aksincha, Qur’on va sunnatdagi lafz bittadan ko’p ma’noga dalolat qilsa yoki sobit bo’lishda qat’iy bo’lmay zonniy bo’lsa, u qoida yoki hukmni tark qilgan kishi dindan chiqqanlikda va kufrda ayblanmaydi. Qur’on va sunnatda kelgan lafzning bir ma’nodan ko’piga dalolat qilishi va qat’iy sobit bo’lmasligi olimlar ijtihod qiladigan, zonniy (qat’iy bo’lmagan)hukmlardir..


Xuddi shu ma’noni ta’kidlab zamondosh olimlardan Abdur Rohman Hasan Habannaka Maydoniy rohimahulloh zonni ifodalaydigan ohod xabarlarning aqidada hujjat qilinishi borasida uzil kesil “hujjat bo’lolmaydi” deyishdan yoki, “qat’iy hujjat bo’la oladi” deb aytishdan ehtiyot bo’lishga chaqirgan. “Shu sababdan, zonn (kuchli gumon)ga dalolat qiluvchi narsani mustahkam aqidaga aylantirish qiyin. Zonni ifodalovchi xabar bilan qat’iy e’tiqodni lozim qilishimiz durust bo’lmaydi. Yoki zonn bilan sobit bo’lgan narsaga e’tiqod qilmaydigan kishini kufrga chiqarishimiz durust bo’lmaydi”, deb ta’kidlagan.[10]


Ushbu birinchi toifa keltirgan dalillar o’rganib chiqilsa, oyat va hadislarni o’z qarashlari bilan tushunganliklarini guvohi bo’lish mumkin. Chunki oyatlardagi Rosululloh alayhissalomga xilof qilishdan saqlanish kerakligi, kim Allohning elchisiga xilof ish qilsa, unga og’ir azob bor ekanligi haqidagi oyatlar, ular tushunganidek dinning asli, rukn hisoblangan aqidaga sobit bo’lishida shubha ega xabarni dalil qilish lozimligini keltirib chiqarmaydi. Aksincha, Rosul alayhissalomning o’zlari ummatga har bir ishni o’z o’rniga qo’yishni o’rgatganlar. Bu yo’lni tushunishda  mujtahid olimlar peshqadamlardan bo’lishgan. Ular inkor qiluvchisi dindan chiqqan, kofir deb qaraladigan aqidaga ohod xabarni hujjat qilishmagan. Qat’iy hukm oyat va hadis lafzi qat’iy dalolat qilgan va qat’iy sobit bo’lgan narsadan olinadi.


Ikkinchi toifa: ohod xabar “zonn”i(kuchli gumon) ifodalashini aytuvchilar bo’lib, ular ahli sunna val-jamoaning ko’pchilik olimlari hamda muhaqqiq olimlardir[11]. Ular ohod xabar zonni ifodalagani uchun asl aqidaga hujjat bo’lmay, balki qat’iy dalil bilan sobit bo’lgan asl aqidaga qo’shimcha, to’ldiruvchi dalil sifatida qabul qilinishini aytishadi. Hamda aqidalarning ba’zisi zonniy (kuchli gumon) tasdiqlanishini aytishgan.


Hanafiy olim Kamol ibn Humom rohimahulloh aqida ilmida dalillar turiga qarab qat’iy va zonniy tarzda tasdiqlanishini aytgan. [12]


Islomning hujjati laqabi sohibi bo‘lgan Imom G’azzoliy “Kitab-ul-iqtisod”ning “Sam’iyot bobi”da dalillar turiga qarab tasdiqlanishini keltirgan. [13]


Ahli sunna olimlari ohod xabar qat’iy aqidani sobit qila olmasligining sababi darajasining mutavotirnikidan past ekanidaligini aytishadi. Qat’iy tasdiqni talab qiladigan narsaga qat’iy tasdiqni ifodalaydigan dalil hujjat qilinishi lozim. Shuningdek, zonniy tasdiqlanadigan narsaga zonniy bo’lib sobit bo’lgan dalilni hujjat qilish kerak. Shu o‘rinda bir savol tug’iladi: “Unda ohod xabar inkor qilinadimi?”


-Yo’q, ohod xabar inkor qilinmaydi. Chunki, bir kishi ohod xabarni inkor qilganda ishonchli roviyni, uning rivoyat qilishdagi aniqligini (zabt) va hatto Rosul alayhissalom va sahobiyni inkor qilgan yoki yolg’onchilikda ayblagan  bo’ladi. Buyerda gap “sahih ohod xabar” haqida ketyapti. Zotan mutavotir xabar yakdil qabul qilingan xabar bo’lib, unda roviylarining adolati va rivoyat qilishdagi aniqligi (zabti)ni o’rganishga ehtiyoj yo’q. Ohod xabarda roviylarning holatlari va matn dalil izlash orqali o’rganiladi va u maqbul[14] (qabul qilingan) va mardud[15] (rad etilgan), sahih va sahihmas kabi turlarga bo’linadi. Shundan kelib chiqib, ohod xabarga amal qilish vojib. Sahobalar roziyallohu anhum va ulardan keyingilar shu yo’lni tutishgan.

     
    U uchinchi toifa:
ohod xabar “yaqin”(qat’iy ishonch)ni emas, “zonn” (kuchli gumon)i ifoda qilgani uchun uni hujjat sifatida qabul qilmaydiganlar toifasidir. Ular Qur’oni Karimda “gumon” qoralanganini asos qilib aytishadi.

Ohod xabarlarni butunlay inkor qiluvchilar “qabr azobi ohod hadis bilan sobit bo’lgan. Ohod xabar gumonni ifodalaydi. Qur’oni Karimda Alloh taolo gumondan chetlanish kerakligini aytgan[16] deb, o’zlarining vahmlarini asosga ega deyishadi.

Shu o’rinda ohod xabar ifodalaydigan “zonn”ga batafsil kirishish o’rinli bo’ladi. Qur’oni Karimda “zonn” lafzi ikki xil ma’noda kelgan.

} ٱلَّذِینَ یَظُنُّونَ أَنَّهُم مُّلَـٰقُوا۟ رَبِّهِمۡ وَأَنَّهُمۡ إِلَیۡهِ رَ ⁠جِعُونَ{

“Ular, albatta, Robbilariga ro’baro’ bo’lishlari va albatta, Unga qaytib borishlariga ishongan zotlardir”.[17] 

Ibni Kasir rohimahullohning tafsirida يَظُنُّ kalimasi haqida shunday degan: “Arablar ba’zida يقين  (aniq ishonch)niظَنٌّا  deb ham nomlashadi, gumon, shakni ham ظَنٌّ deb atashadi degan. Bu xuddi ular zulmatni ham ziyoni ham bir kalima سُدفَة deb aytishlariga, yordam beruvchini ham, yordam so’rovchini ham, صَارِخا deb nomlashlariga o’xshaydi”, degan.[18]


Boshqa oyati karimada esa,

}وَمَا یَتَّبِعُ أَكۡثَرُهُمۡ إِلَّا ظَنًّاۚ إِنَّ ٱلظَّنَّ لَا یُغۡنِی مِنَ ٱلۡحَقِّ شَیۡـًٔاۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلِیمُۢ بِمَا یَفۡعَلُونَ{

“Ularning ko’plari gumonga ergashadilar, xolos. Albatta, gumon haq o’rnida hech narsa bo’la olmas”.[19]


Yuqoridagi oyatda esa ظَنّ kalimasi يقين ning ziddi bo’lib kelgan. Demak, “zonn”i “gumon” ma’nosini ifodalab gumon qoralangan deganlar “ishonch” ma’nosi ham borligidan bexabar ekanlar. Aqida ilmidagi idrokning “yaqin” (kuchli ishonch) darajasidan bir pog’ona quyi bo’lgan “zonn” (gumon) kalimasi bilan hech qanday asossiz paydo bo’lgan gumon boshqa-boshqa narsa ekanini anglash kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh ohod xabarni inkor qiluvchilarga raddiya berib shunday deganlar: ““Zonn” bilan “zonn” ning farqi bor. Ohod xabar aqidada hujjat bo’lmaydi, degan ilmsizlarning “zonni”  bilan Imom Buxoriy, imom Muslim rohimahullohlar kabi Islom ummatining ko’pchiligi tan olgan imomlar rivoyat qilgan sahih hadislarda naql qilingan “zonn”ing farqi bo’ladi, albatta”.[20]


Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, qat’iy yaqiniy dalil sobit qilgan ilmni qabul qilib unga iymon keltirish vojib. Bunday turdagi aqidani inkor qilgan kishi kofir bo’ladi. Bunday aqidaning qat’iyligi musulmonlar orasida keng tarqalgan bo’ladi. Ya’ni musulmon kishi odatda bilishi mumkin bo’lgan va bilmasligi uzr hisoblanmaydi aqida hisoblanadi. Masalan, namoz va ro’zaning farzligi, olamni Yaratgan Zotning yagona ekanligi, Yaratuvchi komil sifatlar bilan sifatlanganligi va nuqsonlardan pok ekanligini bilish kabi. Aqida yoki aqidaviy masala qat’iy ishonchli hujjat bilan sobit bo’lsa, uni qat’iy ishonch bilan tadiqlash lozim. Shuningdek, qat’iy bo’lmagan aqidaning dalili o’zini darajasida zonniy bo’ladi. Aqida ilmining “Sam’iyyot bobi[21]”dagi masalalarning sobit bo‘lishida ohod xabarlar ikkilamchi hujjat sifatida keltirilgan hamda zonniy masalalarga hujjat qilingan. 
 

Muxlisa NARZULLAYEVA, 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

xotin-qizlar masalalari bo‘yicha

bo‘lim mutaxassisi   

  

 


[1] Mo’jam al-vasit. Mo’jam al-lug’ot al- arobiyya. – Maktabat al-shuruq ad-davliyya, 2008. – B. 215.

[2] Muhammad Yosir ibn Azizurrohman al-Hanafiy. Tahzibul arvoh an-nafsiyya fi taysiri sharhul aqoidin Nasafiyya. - B. 28.

[3]O'sha manba: - B.  31.

[4] Imom Ali ibn Sulton Muhammad al-Haraviy al-Qori. Sharhu sharhi nuxbatul fikar. – Bayrut: Dor al-Arqam (nashr qilingan sanasi ko’satilmagan). –  B. 179.

[5] Sahihul Buxoriy va Sahihi Muslim

[6] Imom Ali ibn Sulton Muhammad al-Haraviy al-Qori. Sharhu sharhi nuxbat al-fikar. – Bayrut: Dor al-Arqam (nashr qilingan sanasi ko’satilmagan). – B. 220.

[7] Kalom ilmi ya’ni aqida ilmi bilan shug’ullanuvchi olimlar

[8] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Sunniy aqidalar. – Toshkent: Hilol nashr, 2015. – B. 57.

[9] Ahmad Mahmud Abdulvahhob Shinqitiy. Xobar al-vohid va hujjiyyatuhu. – Madina munavvara (nashriyot nomi ko’rsatilmagan),  2002. – B. 160.

[10] Ibni Hazm Andalyusiy. Al-ihkam fi usuli al-ahkam. Bayrut: Dar al-ofoq al-jadida, 2007. – J.I. – B. 97.

[11] Qarang: Imom Ali ibn Sulton Muhammad al Haraviy al Qori. Sharhu sharhi nuxbatul fikar. Bayrut: Dor al-Arqam (nashr qilingan sanasi ko’rsatilmagan),  –  B. 220.

[12] Doktor Ali Mahmud al-Ummari. Falsafatu ilmi al-kalam -Istanbul: Dor al-Irfon, 2020. – B. 21.

[13] Muhammad Abu Homid G’azzoliy. Kitob al-iqtisod fi al-e’tiqod. (nashr qilingan joyi va nashriyot nomi ko’rsatilmagan) 1-nashr. – B. 95.

[14] Roviydan xabarni qabul qilishda shart qilinadigan adolat va zabt sifatlarining bo’lishi

[15] Xabar beruvchining holati yashirin, ustun qiladigan narsa bo’lmagani uchun unda ixtilof qilingan kabi holatlar sababli xabar beruvchining rostgo’yligi ustun bo’lmagan xabar turi.

[16] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni Karim va o’zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi.-Toshkent: Sharq, 2011. – B. 527.

[17] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni Karim va o’zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi. – B. 7.

[18] Elektron resurs: https://quran-tafsir.net/katheer/sura2-aya46.html#p2

[19] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni Karim va o’zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi. – B. 213.

[20] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Sunniy aqiydalar. – Toshkent: Hilol nashr, 2015. – B. 58.

[21] G’ayb masalalari haqidagi bob.

Hadisi sharif