Bugun, 8 dekabr kuni Makka shahridagi “Marmara” mehmonxonasida Bosh qomusimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan ayni kunlarda Makkai mukarramada toatu ibodatlar bilan bo‘lib turgan 240 nafardan ziyod ziyoratchilarimiz uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda Jidda shahridagi bosh konsul Sirojiddin Shamsuddinov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Ishchi guruh vakillari ishtirok etdi.
Mutasaddi vakillarimiz umra safarida bo‘lib turgan hamyurtlarimizni qomusimiz qabul qilingan kun bilan muborakbod etib, yurtimizda so‘nggi yillarda bo‘y ko‘rsatayotgan keng ko‘lamli islohotlar, erkinlik ne’mati, uni asrab-avaylash va qadrlash barcha yurt farzandlarining burchi ekanini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvda keyingi yillarda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada ham ulkan o‘zgarishlar ro‘y bergani, jumladan, umra ziyorati bir necha yuz ming nafarga, Haj kvotasi esa 15 ming nafargacha oshirilgani, ularga xizmat ko‘rsatish, mavjud sharoitlar havas qiladigan darajaga ko‘tarilgani, bunga hozirda umra amalini ado etayotgan hamyurtlarimiz bevosita guvoh bo‘layotgani qayd etildi.
Tadbirda ishtirokchilarni yaxshi tilak va duolar bilan qutlash barobarida bayram shirinliklari ham ulashildi. Ko‘taringki va samimiy ruhda o‘tgan tadbir ziyoratchilarda katta taassurot qoldirdi.
Alloh taolo yurtimizni tinch va farovon, xalqimizni xotirjam va baxtiyor aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Termiziy hikmatlari
Prezidentimizning joriy yil 7 iyuldagi “Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq shu yil noyabr oyida Termiz shahrida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda Surxondaryo viloyatida islom olamining eng taniqli olim va ulamolarini jamlaydigan anjumanga katta hozirlik ko‘rilmoqda.
– Viloyatda ulug‘ ajdodimiz tavalludlarining 1200 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda, – deydi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita kotibi Muzaffar Joniyev. – Ul zotning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari, allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashrga tayyor bo‘lib qoldi. Ilmiy merosiga oid turkum risolalarni chop etish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, Hakim Termiziyning hayoti va ilmiy merosini yoritib beradigan turli ko‘rgazmali axborot vositalari turkumi yaratilmoqda.
Manbalarda hadis va tasavvuf ilmining buyuk namoyandasi, yirik olim yozgan asarlardan 60 ga yaqini bizgacha yetib kelgani qayd etilgan. Asarlarida ilgari surilgan yoshlikdan ilm olishning ahamiyati, to‘g‘rilik, adolat, poklik, yuksak axloqiy fazilatlar qadr-qimmati hozirgi davrda ham oshib bormoqda.
Benazir alloma “Baduvv ush-sha’n Abu Abdulloh” asarida o‘zining hayot tarzini yoritgan. Ilm quchog‘iga kirib kelgan davrini “Sakkiz yoshda bo‘lganimda barchaning shafqatli va mehriboni bo‘lmish Alloh taolo o‘z inoyatini mendan darig‘ tutmadi, – deya boshlagan Hakim Termiziy. – Shayx menga ilm sirlarini o‘rgatib, tinmay ilm olishni targ‘ib qildi. Ish shu darajaga yetib bordiki, butun vujudim bilan saboq olishga intildim. Go‘daklik chog‘imdanoq o‘yin o‘rnini kitob mutolaa qilish mashg‘uloti egalladi. Shu tariqa yoshlikdan hadis ilmini o‘rganishni boshlagan edim. Yigirma yetti yoshda bo‘lganimda irfoniy ilmlarni chunon o‘rgandimki, qalbimda Alloh taolo uyi – Makkani ziyorat qilish ishqi uyg‘ondi. Safarga chiqish imkoni tug‘ilganidanoq, yo‘lga otlandim. Iroqda muhaddis sifatida tanildim. So‘ng Basraga, Basradan rajab oyida Makka sari yo‘l oldim. Sha’bon oyining oxirlarida Makkatullohga yetib keldim va Xudoning amri bilan haj oyigacha o‘sha yerda bo‘ldim.
Har erta tongda duo sehri bilan uyg‘onar edim. U yerda qalbim zamirida tavba qilish, ozmi-ko‘pmi dunyoviy molu mulkdan voz kechish hissi uyg‘ondi. Haj ziyoratini bajo etib, Vatanga qaytdim. Qalbim savob yo‘lini topgan edi...”.
El orasida hayotini ilmga bag‘ishlagan ulug‘ faylasuf va mutasavvif haqida o‘ta hissiyotli rivoyatlar ham yuradi. Ulardan birida aytilishicha, Hakim Termiziy ikki do‘sti bilan o‘qish ilinjida safarga otlanganida onasi shunday degan ekan:
– Ey farzandi arjumandim, men bir kimsasiz, notavon va zaifaman. Suyanchig‘im o‘zingsan, meni kimga tashlab ketmoqchisan?
Onaning bu so‘zlaridan o‘g‘lining qalbiga titroq tushib, safarni qoldiradi. Kunlarning birida u qabristonda o‘tirib, men bu yerda zoye qoldim. Erta-indin do‘stlarim olim bo‘lib qaytadi, deya afsus bilan yig‘layotganida bir nuroniy kelib, yig‘ining sababini so‘raydi. Yosh Hakim boshidan kechirganlarini so‘zlab beradi.
Uni tinglagan nuroniy “agar istasang, men har kuni senga saboq beraman va tezda olimlikda do‘stlaringdan o‘zib ketasan” deydi.
Shu zaylda Hakim Termiziy nuroniydan uch yil ta’lim oladi.
Rivoyatda ta’lim bergan ul zotning Xizr alayhissalom bo‘lgani ham taxmin qilinadi.
Hakim Termiziyning o‘zlari “men bu davlatga onam rizoligini qozonganim tufayli erishdim” degan ekanlar.
Buyuk mutafakkir, ulug‘ so‘fiy, hadisshunos va fiqh olimi islom olamida “Hakim” (donishmand, hikmat sohibi) unvoni va “Termiziy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri