Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Yanvar, 2025   |   21 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:43
Peshin
12:39
Asr
15:44
Shom
17:29
Xufton
18:46
Bismillah
21 Yanvar, 2025, 21 Rajab, 1446

Islomda tinchlik deganda nima tushuniladi?

2.03.2023   953   13 min.
Islomda tinchlik deganda nima tushuniladi?

Insoniyat yaratilganidan buyon ikki g'oya orasida yashab kelmoqda. Bir-biriga zid bu g'oyalarning biri bunyodkor, ikkinchisi vayronkor. Bunyodkor g'oya bilan insonlar katta yutuqlarga erishgan. U barqaror bo'lgan jamiyatda dunyo xalqlari bir-biriga bilan bag'rikenglik munosabatida bo'lganlar, hamjihatlikda hayot kechirganlar. Hatto qarindoshlik rishtalarini bog'laganlar.

Buning aksi bo'lgan vayronkor g'oya hamma vaqt jamiyatdagi tinchlik tamoyillarini buzib, millat va elatlar orasiga adovat va gina urug'larini sochib, urush alangasini yoqqan.

Vayronkor g'oya ulg'ayib kelayotgan yoshlar uchun xavflidir. Nafaqat yoshlar, balki jamiyatning har bir a'zosi tinchlikdan og'ishsa, beqarorlik yuzaga keladi.

Hozirgi kunda bir-biriga zid bo'lgan bu ikki tushunchani to'g'ri talqin qilish dolzarb masalalardan biri bo'lib qolmoqda. Vaziyat bu g'oyalarning ijobiy va salbiy tomonlarini insonlarga Qur'on va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida tushuntirishni taqozo etmoqda.

Qur'oni karimda musulmonlarni bunyodkor g'oyalarga targ'ib qiluvchi bir qancha oyatlar kelgan. Biz السِلْمُ [as-silm] – “tinchlik” lafzining turli ma'nolarda kelgani va Alloh taolo bu lafz bilan musulmonlarni jamiyatda tinchlik o'rnatishga targ'ib qilganiga to'xtalamiz.

﴿يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا ادْخُلُوا في السِلْم ِكافةً

“Ey iymon keltirganlar! Islomga to'lig'icha kiring!”[1].

﴿وَإِن جَنحُوا لِلسَّلْمِ فاجنح لها﴾

(Ey Muhammad) agar ular sulhga moyil bo'lsalar, siz ham unga moyil bo'ling”[2].

“السِلْمُ” lafzining o'zagi bo'lgan “السلام” [as-salom] lafzi Qur'onda olti o'rinda, ba'zida oxiratda mo'minlar kiradigan jannat, boshqasida salom berish ma'nosida kelgan.

﴿لهم دارُ السَلامِ عِندَ رَبِّهِمْ﴾

“Ular uchun Parvardigor huzurida tinchlik diyori (jannat) bordir”[3].

﴿وَلَقَدْ جَاءَتْ رُسُلُنَا إِبْرَاهِيمَ بِالْبُشْرَىٰ قَالُوا سَلَامًا ۖ قَالَ سَلَامٌ﴾

“Elchilarimiz Ibrohimga xushxabar keltirib, unga salom berdi, Ibrohim ham salom berdi”[4].

Demak, Alloh taolo mo'minlarga:

﴿يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا ادْخُلُوا في السلم كافة﴾

“Ey iymon keltirganlar, islomga to'lig'icha kiring!” deb, dinning barcha ahkomlarini qabul qilgan holda Islom diniga kirishni amr qilmoqda.

Bu tinchlik-omonlik dini ekani boshqa oyatlarda ham bildirilgan. Alloh taolo Quraysh ahliga tinchlik ne'matini minnat qilib:

 ﴿الَّذِي أَطْعَمَهُم من جُوعِ وَءَامَنْهُم مِّنْ خوف﴾

“U Zot ularni ochlik va xavfu xatardan xoli qildi”[5] dedi. Undan oldin:

﴿فَلْيَعْبُدُوا رَبَّ هَذَا الْبَيْتِ﴾

“Ular mana shu Uyning Parvardigoriga ibodat qilsinlar”, deb aytdi va ularga ibodat qilishni buyurdi. Bunda ikki ne'matni – to'kin-sochinlik va tinchlikni sabab qilib keltirdi. Chunki ibodat ne'mat beruvchiga shukr hisoblanadi.

Yana Alloh taolo:

﴿مقَامُ إِبْرَاهِيمَ وَمَن دَخَلَهُ، كَانَ آمِنًا﴾

“Unda maqomi Ibrohim – ochiq oyat-alomatlar bor. Unga kirgan odam (har qanday xavf-xatardan) omon bo'lur”[6], degan so'zi bilan musulmonlardan kim Baytul haromga kirsa, xavfu xatardan xoli bo'lishining xabarini beryapti. Bu jumla xabariy bo'lsa-da, ba'zilar unga inshoiy (talabni anglatish), ya'ni “Kim Baytul haromga kirsa, Allohga iymon keltirsin”, deb ma'no bergan. Ammo buni xabariy jumla deb tushunish foydalidir. Chunki oyatda avvalgi oyatlardagi kabi ijtimoiy tinchlik nazarda tutilayapti. Buni “السلم” ma'nosidan ajratib bo'lmaydi.

Bu o'rinda bizga ahamiyatli bo'lgani “السلم” lafzi bo'lib, u haqda mufassirlar quyidagi fikrlarni bildirgan.

Abu Mansur Moturidiy rahmatulloh aytadi: “Alloh taoloning

﴿ يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا ادْخُلُوا في السلم كافة ﴾

oyatidagi “السِلم” kasra o'qilsa islom dini nazarda tutiladi, agar “السَلم” deb fathalik o'qilsa, “sulh” ma'nosini beradi”[7].

Ali ibn Muhammad Movardiy bunday fikr bildirgan: “Oyatdagi “السلم”ga salaf ulamolari ikki xil ma'no bergan. Birinchisi: “Islomga kiringlar” ma'nosida. Bu Ibn Abbos, Mujohid va Zahhokning fikri. Ikkinchisi: “Toatga kiringlar”, ma'nosida bo'lib, u Robia va Qatodaning so'zi”[8].

Imom Zamaxshariy “Kashshof” tafsirida “السَلم”ni ikkinchi ma'no – “itoat qilish” ma'nosi bilan tafsir qilgan. Birinchi ma'noni qabul qilmagan[9].

Ibn Atiyya Andalusiy o'z tafsirida ikki ma'noni ham qabul qilgan. Birinchisi, islom dini bo'lsa, ikkinchisi, itoat ma'nosida[10].

Imom Tabariy aytadi: “Oyatdagi “السَلم”ni fatha bilan o'qiganlar bu lafzni kelishuv ma'nosiga burgan. Shunda ma'no: “Urushni tark qilib, sulh va kelishuvga hamda jizya olishga kirishinglar” bo'ladi”[11].

Yuqoridagi fikrlardan bu mufassirlarning barchasi bitta ma'noda ittifoq bo'lgani ayon bo'ladi. U ham bo'lsa, islom diniga kirish bo'lib, buning negizida bo'ysunish, sulh tuzish va kelishish ma'nolari yotadi. Bu ma'nolar bilan birinchi ma'no orasida hech ham qarama-qarshilik yo'q. Chunki islom dini bu ma'nolarning barchasini o'z ichiga qamrab oladi. Zero, sulh, itoat va kelishish السلم – “tinchlik” uchun xizmat qiladigan tamoyillardir.

Imom Roziy oyatdagi السلمni yuqoridagi oyatlarga bog'lab, mana bunday fikr bildirgan: “Alloh taolo bu suraning avvalida er yuzida buzg'unchilik, gina, adovat urug'ini sochadigan va kelajak avlodni parokanda qilish uchun yugurib-elib yuradigan munofiqlar haqida hikoya qilgan. Keyin musulmonlarni bu salbiy ishlardan qaytib, islom ta'limotiga muvofiq keladigan ijobiy ishlarga buyurib: “Ey iymon keltirganlar, islomga to'lig'icha kiring!” degan[12].

Demak, bu oyatda mo'minlar er yuzida buzg'unchilik qiladigan munofiqlar fe'lining aksini qilishga buyurilgan. Buning natijasi o'laroq, musulmon kishi o'zi yashab turgan jamiyatni isloh qilishga, odamlarga yaxshilik va xursandlik keltiradigan xayrli ishlarga intiladi. Vayronkor g'oyalardan yiroq bo'ladi.

Jumhur mufassirlar “السلم” so'ziga o'ch olishni tark qilish ma'nosini ham bergan. Bunga:

﴿وَخُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَهِلِينَ﴾

(Ey Muhammad) afvli – marhamatli bo'ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o'giring”[13] oyatini dalil qilgan.

Demak, mufassirlar “السلم” lafzi borasida ikkita aniq fikrdan, ya'ni islom va kelishuv ma'nolaridan chetga chiqmagan. “السلم”ni sulh deb tafsir qilgan ulamolar kelishuvdan keyingi sulhni nazarda tutgan. Eslatib o'tish kerakki, kelishuv, sulh va urushni to'xtatish islom ta'limotidir. Bunga Alloh taoloning Payg'ambar alayhissalomdan himoya so'ragan kishiga omonlik berishni ta'lim bergan oyati dalil bo'ladi. Alloh taolo aytadi:

﴿وَإِنْ أَحَدٌ مِنَ الْمُشْرِكِينَ اسْتَجَارَكَ فَأَجِرْهُ حَتَّى يَسْمَعَ كَلمَ اللَّهِ ثُمَّ أَبْلِغْهُ مَأْمَنَم﴾

(Ey Muhammad) agar mushriklardan birontasi sizdan himoya so'rasa, bas, uni o'z himoyangizga oling, toki u Allohning kalomini eshitsin. So'ng uni o'zi uchun tinch bo'lgan joyga etkazib qo'ying”[14].

Ma'lumki, Tavba surasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan tuzgan ahdlarini buzgan mushriklardan yiroq bo'lish haqida nozil bo'lgan. Shunday bo'lsa-da, Alloh taolo Payg'ambariga mushriklardan biri himoya so'rasa, Allohning kalomini eshitishi uchun uni himoyasiga olishni va tinch joyga etkazib qo'yishni buyurayapti. Zero, Islom insonlarni bag'rikeng bo'lishga chorlaydi.

Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko'rsatmalari ham bisyordir. Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Qo'li va tili bilan musulmonlarga ozor bermagan kishi haqiqiy musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Alloh yo'lida haqiqiy hijrat qilgan kishidir”[15].

Demak, islom insonlarni ahl, tinch-totuv bo'lib yashashga buyurib, er yuzida buzg'unchilik qilishdan qaytarmoqda. Tinchlik musulmon jamiyatlarining umumiy maqsadi bo'lib, shu orqali taraqqiyotga va farovon  hayotga erishiladi.

[1] Baqara surasi, 208-oyat.
[2] Anfol surasi, 61-oyat.
[3] An'om surasi, 127-oyat.
[4] Hud surasi, 69-oyat.
[5] Quraysh surasi, 4-oyat.
[6] Oli-imron surasi, 97-oyat.
[7] Tavilotu ahli sunna. Bosulum tahqiqi ostida. – Bayrut: Dar kutubil ilmiya, 2005. J. 2. – B. 102.
[8] Ali ibn Muhammad Movardiy. An-nuktu val'uyun. – Bayrut: Dar kutubil ilmiya, 2005. J. 1. – B. 267.
[9] Mahmud Zamaxshariy. Al-Kashshof. – Bayrut: Dar kutubil ilmiya, 2005. J. 1. – B. 252.
[10] Ibn Atiiyya Andalusiy. Al-muharrirul vajizu fi tafsiril kitabil azizi. – Bayrut: Dar kutubil ilmiya, 2002. J. 1. – B. 282.
[11] Abu Ja'far Muhammad ibn Jarir Taboriy. Jomi'ul bayon fi ta'vilil Qur'an. – Muassasatul risola, 2000. J. 4. – B. 253.
[12] Baqara surasi, 208-oyat.
[13] A'rof surasi, 199-oyat.
[14] Tavba surasi, 6-oyat.
[15] Imom Buxoriy rivoyati.

Otabek BAHRIYeV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fikrimiz to‘g‘ri, lekin xato bo‘lish ehtimoli ham bor...

20.01.2025   3368   5 min.
Fikrimiz to‘g‘ri, lekin xato bo‘lish ehtimoli ham bor...

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ko‘pchilikka ma’lum va mashhurki, fiqh ilmining bir necha xususiyatlari bor. Masalan, fiqh ilmining jazoning dunyoda va oxiratda bo‘lishi, shumul, ya’ni keng qamrovlilik, muruna, ya’ni moslashuvchanlik, sabot, ya’ni o‘zgarmas hukmlar, taysir, ya’ni ummatga yengillik qilish, xarajni, ya’ni mashaqqatni ketkazish kabi xususiyatlari bor.

Hanafiy fiqhining rivojlanish bosqichlari hamda unga nisbat beriladigan shubhalar haqida so‘zlashdan oldin ikki masalada qo‘shimcha qilishni lozim topdik.

Masalan, fiqh ilmining jazoning dunyoda va oxiratda bo‘lishi, shumul, ya’ni keng qamrovlilik, muruna, ya’ni moslashuvchanlik, sabot, ya’ni o‘zgarmas hukmlar, taysir, ya’ni ummatga yengillik qilish, xarajni, ya’ni mashaqqatni ketkazish kabi xususiyatlari bor. Ularni ko‘pchiligimiz bilamiz, ilgari bu mavzular haqida ko‘p eshitganmiz.

Shomillik, ya’ni qamrovning kengligi, deganimizning ma’nosi shuki, dunyoda hech bir qonun, hech qaysi nizom inson hayotini fiqhchalik to‘liq qamrab ololmaydi. Darhaqiqat, bandaning Alloh taolo bilan muomalasiga ham, o‘zi yashayotgan jamiyat bilan, jufti haloli bilan, oilasi bilan, qo‘ni-qo‘shnilari, yashayotgan davlati va hokazolar bilan muomalasiga ham aynan fiqh ilmi mezon qo‘yib berib, ushbu aloqalarni tartib-intizomga keltiradi. Ko‘rinib turibdiki, bunchalik keng qamrovli tarmoqni fiqhdan boshqa joydan topa olmaysiz.

Aslida to‘xtalib o‘tmoqchi bo‘lgan nuqta ushbu «shumul» xususiyati haqida emas, balki «muruna», ya’ni moslashuvchanlik va «sabot», ya’ni o‘zgarmas hukmlar borasida edi. E’tibor bergan bo‘lsak, fiqh qonuniyatlari qadimdan cho‘lu biyobon, sahrolarda ham, rivojlangan shaharlarda ham tatbiq etib kelinmoqda. O‘n asr oldin ham amalda qo‘llanilgan, hozirgi kunda ham qo‘llay olamiz. Mana shu xususiyat fiqhning «moslashuvchan»ligini sifatlab beradi, ya’ni fiqhdagi mana shunday ulkan moslashuvchanlik tufayli biz uni har qanday zamonda, har qanday makonda hayotga tatbiq qila olamiz.

Xo‘sh, fiqhdagi bu moslashuvchanlik, universallik qayerdan kelgan? Albatta, fiqhda turli-tuman ixtiloflar borligidan kelib chiqqan. Shunga ko‘ra, fiqh ilmi gohida «ixtilof ilmi» deb ham ataladi. Fiqhdagi ixtiloflarning bor bo‘lishi zaruriy narsadir. Bunda ixtilofning muayyan mazhab ichida bo‘lishi yoki mazhablararo bo‘lishining farqi yo‘q. Agar biz fiqhni birgina fikrdan iborat desak, ushbu yagona hukmni barchaga barobar tatbiq etmoqchi bo‘lsak, o‘zimizni katta qiyinchilikka duchor etgan bo‘lamiz.

Bugungi kunda tashaddud yo‘nalishi fiqhiy ixtiloflarga barham berishni, fiqhda yagona fikr bo‘lishi kerakligini yoqlayapti. Ularga qolsa, umuman, ixtilof degan narsa bo‘lmasligi kerak. Bu yo‘nalish tarafdorlari, masalan, hammada bir xil soqol, bir xil kiyim, barcha masalada bir xil hukm bo‘lishini xohlaydi.

Bizning bahsimiz asosan tashaddud, mo‘tadillik va tahallul yo‘nalishlari borasida bo‘ladi.

Yuqorida aytganimizdek, tashaddudchilar faqatgina bitta fikrni qabul qilishadi, ixtilof bo‘lishini inkor qilishadi.

Ahli sunna val jamoa sifatida bizning qoidamiz bunday: «Fikrimiz to‘g‘ri, lekin xato bo‘lish ehtimoli ham bor. Bizdan boshqalarning fikri noto‘g‘ri, lekin to‘g‘ri bo‘lish ehtimoli ham bor».

Qoidamiz shu. Hanafiy mazhabi vakili sifatida men ham: «Mening fikrim to‘g‘ri», deyman. Bu 99 foiz yoki 99,9 foiz to‘g‘ri degani bo‘ladi. Lekin «Mening fikrim haq!» demayman, «Mening fikrim to‘g‘ri», deyman. Shunda garchi 1 foiz yoki 0,1 foiz bo‘lsa ham, mendan boshqalarning fikri ham to‘g‘ri bo‘lish ehtimoli bor bo‘ladi. Mana shu ehtimol meni boshqalarning fikrini to‘g‘ri qabul qilishga, ular bilan hamjihatlikda yashashga undaydi. Shundagina men mazhablar o‘rtasidagi juz’iy ixtiloflarni to‘g‘ri qabul qila olaman. Shundagina mazhablar orasidagi ixtilof o‘sha maqtalgan ixtilof bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, fiqhning universalligi aynan mazhablar o‘rtasidagi juz’iy ixtiloflarning borligidan kelib chiqqan. Buning samarasi shuki, agar hanafiy mazhabimizdagi bir masalaga amal qilish vaziyat sababli torlik qilib qolsa, masalan, shofe’iy mazhabidan foydalanib turishimiz mumkin. Misol uchun, haj oylarida yoki Ramazon oyida Masjidul Haromda namoz o‘qiyapsiz, deylik. Bu vaqtlarda u yerda juda katta izdihom bo‘ladi, olomon nihoyatda tirband bo‘ladi. Faraz qilaylikki, oldingizdagi safda yoki yoningizda ayol kishi namoz o‘qiyapti, siz esa namozga iqoma aytilayotgani uchun boshqa joyga o‘ta olmadingiz. Bu holatda bizning mazhab qoidasiga ko‘ra, namozingiz durust bo‘lmay qoladi. Lekin boshqa mazhab bo‘yicha durust bo‘laveradi. Demak, boshqa mazhabga ko‘ra namozingiz durust bo‘lishiga imkon bor ekan. Ko‘rinib turibdiki, ixtilof bizga torchilik paytida kengchilik berdi, biz undan foydalandik.

Xuddi shuningdek, har bir mazhab ichida ham bir qancha ichki ixtiloflar bor. Masalan, bir masala bo‘yicha mazhabboshilar tomonidan uch

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

Jaholatga qarshi ma'rifat