Savol: Namozdan keyingi ixtiyoriy zikrlarda qa'dada o'tirgan holatni o'zgartirmay o'qish kerakmi yoki oyoqni boshqachasiga o'zgartirib o'tirsa ham bo'ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Namozdan keyinga zikrlarni kishi o'ziga qulay holatda o'tirib olib qilaveradi. Chunki bu borada biror taqiq yo'q. Asosiysi, zikrlarni qalb huzuri bilan qilsa, bo'lgani. Boshqa ixtiyoriy zikrlarda ham hukm shunday.
Biroq Imom Termiziy Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Bomdod namozidan keyin, oyog'ini yiqqan holida qoldirib, gapirmasdan oldin o'n marta “Laa ilaha illallohu, vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu, yuhyi va yumiytu va huva a'la kulli shayin qodiyr” desa, unga o'n hasanot yozilur, uning o'n xatosi o'chirilur, uning o'n darajasi ko'tarilur. O'sha kuni u barcha yoqimsiz narsadan himoyada bo'lur va shaytondan saqlanur. O'sha kuni uni gunoh ham tutmas, magar Alloh taologa shirk keltirmagan bo'lsa”, deganlar.
Kim bomdod namozidan keyin oyog'ini yozmasdan mazkur zikrlarni aytsa ushbu fazilatlarga ega bo'ladi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati