Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

Muvaffaqiyat dushmanlari hamjamiyati

06.01.2024   671   4 min.
Muvaffaqiyat dushmanlari hamjamiyati

Bobomiz Odam alayhissalom zamonlaridan beri mavjud bo'lgan bir jamiyat bor. Unga la'nati iblis asos solgan, boshqaruv majlisiga ham o'zi raislik qilgan va unga a'zo bo'lish uchun qabih shartlar qo'ygan: makkorlik, ayyorlik, gij-gijlash, odamlarni tafriqaga solish, hiqdu-hasad, adovat, yomon ko'rish va hokazo…

Sahih hadisda quyidagicha keladi: “Iblis tong otganda askarlarini erga tarqatadi va aytadiki: “Kim bugun bitta musulmonni yo'ldan ursa, unga toj kiyg'azaman”. Keyin haligi askari borib kelib aytadi: “Hotinini taloq qilmaguncha qo'ymadim, yarashib ketishiga sal qolgandi”. Yana boshqasi: “Ota-onasiga oq qildirdim, sal qolsa ularga yaxshilik qilib qo'yardi”. Yana bittasi kelib: “Men bir musulmonni shirk keltirishga olib bordim”, desa iblis “Sen, aynan sen!” deydi. Keyin yana bittasi kelib: “Men bitta musulmonni vasavasa qilib tinch qo'ymadim, oxiri u odam o'ldirdi”, deydi. Shunda iblis: Sen, aynan sen!”, deydi va unga toj kiydiradi”.

O'sha zamonlardan beri bu jamiyat a'zolari, makr-hiylalarining turi ko'payib bormoqda.

Hatto shunday odamlar chiqdiki, la'nati iblisga o'zlarini nisbatlash ila faxrlanadilar. Ba'zilari makkorlik bobida shu darajaga etganki, iblisga dars beradi, shayton ham ularning oldida ip echolmaydi. Shunaqalardan bittasi maqtanib she'r yozgan ekan:

Bo'lgan vaqtim shaytonga askar

Yuragimga xo'p quvonch to'ldi

Kunlar o'tib, yillar aylanib

Iblis mening askarim bo'ldi!

Ho'sh, ular nega bunchalik harakat qilishadi, bu aldovlarning boisi ne?

Sababi iblis va uning askarlari haqida An'om surasining 112-oyatida:

“Shuningdek, har bir Payg'ambarga insu jin shaytonlarini dushman qilib qo'ydik. Ularning ba'zilari ba'zilarini g'ururga ketkazishlari uchun latif kalomlarni tanlarlar”, deyilgan. Ular Allohning bandalaridan hech kimning muvaffaqiyat qozonishini xohlashmaydi, Allohning buyrug'iga bo'ysunilishini istashmaydi. Hech kim maqbul amallarga, Allohning tavfiqiga musharraf bo'lmasin deyishadi. Ular har qanday muvaffaqiyatga, har qanday yaxshilikka dushmandir.

Ularning loyihasida quyidagi bandlar bor:

Yaxshi amallar qiladigan odamni amalidan qoldirish;

Yomon amal qiladigan odamni yomonlikka odatlantirish;

Makru-hasadning barcha vositalarini ommaga yoyish;

Har qanday ezgu amallarni yo'qqa chiqarish;

Haqiqatlarni o'zgartirib yuborish va chiroyli gaplar bilan odamlarni aqldan ozdirish;

Odamlar qalbiga o'zaro g'illu-g'ashlik, adovatni yoyish;

Sovg'a-salomlarni bekor qilish, bid'at-xurofotlarni yuzaga keltirish.

Bu jamiyat hatto turli axborot vositalariga ham daxl qilmoqda, internet saytlarida odamlarni o'z domiga tortmoqda. Maqsad – a'zolarni ko'paytirish, insoniyatni gunoh-ma'siyat botqog'iga yanada botirish. Har bir ijod, har bir iqtidor, har qaysi ishdagi muvaffaqiyat va har qanday mutaxassislik – bu jamiyat a'zolarining xo'ragidir...

Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Indoneziya OAV O‘zbekiston olimlarining Jakartaga ilmiy safarini yoritdi

09.07.2025   2045   4 min.
Indoneziya OAV O‘zbekiston olimlarining Jakartaga ilmiy safarini yoritdi

O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi, Musulmonlar idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi mas’ul xodimlaridan iborat ilmiy guruhning Indoneziyaga tashrifi ushbu mamlakatning yetakchi bosma va elektron nashrlari tomonidan keng yoritildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

 

Jumladan, Indoneziyaning "CNN Indonesia" axborot agentligi "O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziyaga tashrif buyurdi" sarlavhali maqolani e’lon qildi. Unda Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universitetida "Movarounnahrdan Janubi-Sharqiy Osiyoga: hadis ilmlari va intellektual aloqalar" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tgani va mazkur anjumanda O‘zbekistondan yetakchi olimlar ishtirok etgani ma’lum qilingan.

 

"Tadbir ilmiy muloqot shaklida tashkil etilgan bo‘lib, uning doirasida Imom Buxoriy merosini o‘rganish, Mavarounnahr ulamolarining Indoneziya orollarida islom dinini tarqatishda tutgan o‘rni, hadisshunoslik yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi", – deb yozgan axborot agentligi.

 

O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan qator tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasida islomiy ma’rifat, ta’lim, diniy bag‘rikenglik va tarixiy merosni asrab-avaylash sohalarida aloqalarni yanada mustahkamlashi ta’kidlangan.

 

Maqolada xabar qilinishicha O‘zbekiston ilmiy-ma’rifiy doiralari vakillari Indoneziya xalq manfaatlari va huquqlarini himoya qilish vaziri Muxaymin Iskandar, ekologiya vaziri o‘rinbosari Dias Xendrapriono, Ulamolar Kengashi va "Nahdatul ulamo" tashkiloti rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

"Businessreview" veb-sayti "Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universiteti hamkorligi diniy mo‘tadillik va islom ta’limi tizimini mustahkamlaydi" sarlavhali maqolani e’lon qildi.

 

 Nashrda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi va Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universiteti hamkorligida Indoneziya poytaxtida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilgani qayd etilgan.

 

 Materialda yozilishicha, anjumanda Mavorounnahr tarixi, Imom Buxoriy merosi, Markaziy Osiyo ulamolarining Indoneziyada islom ta’limotini tarqatishda tutgan o‘rni kabi mavzular muhokama qilindi.

 

Ushbu mamlakatdagi "Aspirasi Nusantara" elektron nashri Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari "Nahdlatul ulamo" tashkiloti faoliyati bilan tanishgani haqida yozdi. Ma’lum qilinishicha, shu yil 2 iyul kuni O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomov Indoneziyadagi eng yirik tashkilot "Nahdlatul ulamo" rahbariyati bilan uchrashdi.

 

"Nahdlatul ulamo" tashkiloti qoshidagi Ilmiy markaz rahbari Abshor Abdullo Imom Moturidiy ta’limoti sunniy kalom ilmida mo‘tadil, aql va mantiqqa tayanadigan yo‘nalish ekanini qayd etdi" – deb yozgan elektron nashr.

 

Tomonlar ta’lim sohasida aloqalarni kengaytirish, talabalar almashuvini amalga oshirish va ziyorat turizmi yo‘nalishida dasturlar ishlab chiqish kabi mavzularda fikr almashdilar.

 

Indoneziyaning "Jakarta Merdeka" onlayn portali esa "Bogor Botanika bog‘ida do‘stlik daraxti ekildi" sarlavhali maqolani e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Bogor shahridagi Indoneziya Milliy Botanika bog‘ida daraxt ekish marosimida ishtirok etgani va Indoneziya ekologiya vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv o‘tkazgani ma’lum qilingan.

 

 "Vazir o‘rinbosari Dias Xendrapriono Imom Buxoriy to‘plagan hadislar orasida tabiatni asrashga oid nasihat va tavsiyalar ko‘p ekanini ta’kidladi. Bu esa islom ta’limotida ekologik bilim va ong asosiy o‘rin tutishining yaqqol dalilidir", – deb yozilgan "Jakarta Merdeka" maqolasida. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati