Inson bu dunyoda jismonan sog'lom bo'lib yashashi uchun suv va havoga qanchalik muhtoj bo'lsa, ma'nan milliy qadriyatlarga, ma'rifatga shunchalik ehtiyoj sezadi.
Bu qadriyatlarning, ma'rifatning ildizi Islom ta'limoti bilan sug'orilgan bo'lsa, ikki karra saodatdir! Aksincha bo'lsa, qashshoqlikdan boshqa narsa emas.
So'nggi paytlarda internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda, bosma nashrlarda tarqatilayotgan xabarlar, maqolalarni o'qib, kishining hayrati oshadi. «O'rgimchak to'ri» shunchalar rivojlandiki, fikringiz bo'g'zingizdan tovush bo'lib chiqar-chiqmas, butun dunyoga tarqalib ketyapti. Bu – yaxshi, albatta: maqolani ko'rasiz, kuzatasiz, o'qiysiz, uqasiz va xulosa chiqarasiz.
Bugun mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari erkinligi va haq-huquqlari ta'minlanib, xalqning chinakam minbariga aylantirilayotgan bir paytda, asossiz «shov-shuvlar» ketidan quvib, o'quvchilarni chalg'itish, muqaddas dinimizning sofligiga putur etkazishni kasb qilib olayotganlar haliyam borligi kishini o'yga toldiradi.
Ming afsuski, so'nggi vaqtlarda ayrim noxushliklarni Islom shiorlari bilan bog'lab yoritish – «masjid bunday bo'ldi», «imom bunday qildi» deyish holatlari uchrayotgani kishini tashvishga soladi. Bulardan maqsad nima? Shunday nobakor yo'l orqali, ya'ni diniy qadriyatlar sha'niga putur etkazish evaziga arzonfurush maqola bilan ommaning e'tiborini jalb qilishdan kimga nima naf?...
Ho'sh, aslida tanqid qanday bo'lishi kerak?
Keling, ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiyning yozganlariga quloq tutaylik: “Majalla (oynoma) va jaridalar (ro'znoma)ning katta bir xosiyati tanqid, ya'ni saralamoqdur. Sarroflar aqchani, tujjorlar mato'ni saralaganidek, muharrirlar ham umumiy hol va maishatg'a taalluq nimarsalarni saralaydurki, boshqa so'z ila «tanqid» atalur”. («Oyna» jurnali, 1914 yil 32-son).
Tanqid o'rinli, asosli, jamiyatda urchigan illatlarga murosasiz bo'lish, inson manfaatlarini ta'minlash, muqaddas dinimiz sofligini asrash niyatida yozilgan bo'lsa, xalqning tahsiniga sazovor bo'lishi tayin. Biroq milliy qadriyatlarimizga tosh otish, muqaddas dinimiz shiorlarini obro'sizlantirishga bo'lgan har qanday urinish oqibati halokatlidir.
Ko'nglidan o'tgan fikrni aql tarozisiga solmay, mulohaza qilib pishitmay, dinimiz mezonlariga rioya qilmay, tayyor xom ashyo sifatida soxta obro' orttirish ilinjida maqolaga ko'r-ko'rona kiritib yuborish tanqid emas. Axborot tezligi asrida aytilgan gap – otilgan o'q. Borib tekkan, o'rnashgan joyini kuydirib yuborganidan so'nggina hushimizga kelamiz.
Ayrim maqolalarda keltirilgan faktlar masjiddan ancha olisda sodir bo'lgan esada, sarlavhaga «masjid» so'zi olib chiqilgan. Halqimiz «Allohning uyi» deya mehr ila ulug'lab, e'zozlaydigan, azizu muqaddas va tabarruk joyni inson aytishga ham uyaladigan so'zlar bilan yonma-yon ishlatishga hech kimning haqqi yo'q!!!
Qanday vazifada ishlashi yoki ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, Islom shiorlarini yomonotliq qilishga urinish xalq mutlaqo kechirmaydigan qing'ir ish va asrlar davomida esidan chiqarmaydigan narsa! Ayrim kishilar matbuot sohasidagi erkinlikni suiste'mol qilib, hurmat-ehtirom kabi insoniy tuyg'ular, sharqona odob-ahloq, milliy-diniy an'analar, o'lmas qadriyatlar va umumbashariy qonun-qoidalar kabi oliy mezonlarga rioya qilmayotgani – xavotirli holatdir.
Alloh taolo Qur'oni karimda: «U (inson) biron so'zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo'lgan bir kuzatuvchi (farishta u so'zni yozib olur)» (Qof surasi, 18-oyat), deb bayon qilgan.
Boshqa bir oyati karimada esa: «Ey mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz!» (Hujurot surasi, 6-oyat), deb marhamat qilinadi.
Ushbu oyati karimalardan jurnalistning aytganlari va yozganlarini kuzatuvchi farishtalar borligi, vaqt-soati etib «daftar ko'tarilganda», bugun yozganlari ertaga o'zlarining foyda yoki zararlariga hujjat bo'lishini tushunish uchun Islom ta'limoti shart emas, balki ota-onasidan olgan tarbiyasi (agar olgan bo'lsa) etib ortadi. Shunday ekan, har qanday noxush va bema'ni materiallarni odamlarni hayratga soladigan qilish uchun Islom shiorlariga qasddan bog'lashdan saqlanish kerak!
Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham muborak hadisi shariflarida: «Eshitgan narsasini gapiraverishi kishining gunohkor bo'lishiga kifoya» deyilgan.
Imom Muslim rivoyati.
Demak, eshitgan narsani yozaverish, bilib-bilmay dinimizni malomat qilaverish kechirilmas gunoh.
Hammani lol qoldiradigan yo keng ommani jalb etadigan material yozaman deya, arzon shuhratga uchib, Islom shiorlariga zarar etkazish – jurnalistika etikasiga ham, millatimiz axloqiga ham, muborak dinimiz ta'limotiga ham mutlaqo to'g'ri kelmaydi!
Har bir so'zimizni yozishga chog'lanar ekanmiz, ongimizda Alloh taolo va Uning Rasulining bizni ogohlantirgan kalomlari, ajdodlarimiz ibrati, Islom dini qadr-qimmati shakllansa, so'z aytish mas'uliyatini yanada teranroq anglagan bo'lar edik. Zotan, qalam ahllarining sharafli kasbida qo'lga kiritadigan yutuqlarini ta'minlovchi muhim omil shu aslida.
Shu o'rinda yana bir jihatni ta'kidlash kerak. Ommaviy axborot vositalariga oid qonun hujjatlarida ham biror-bir tashkilot yoki shaxs faoliyatiga oid xabarni tarqatishdan avval, uning to'g'riligi va haqqoniyligini tekshirish qayd etilgan. O'zbekiston Respublikasining «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi Qonunining (yangi tahriri) 5-moddasida: «Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo'ladi», deb alohida ko'rsatib qo'yilgan.
Halqimiz ardoqlaydigan mo''tabar maskanlarga shunday munosabatda bo'lish – yurtimiz tinchligiga raxna solish, xalq orasida fitna qo'zg'atish yoki «ko'rinmas kuchlar»ning nayrangiga uchishdan boshqa narsa emas. Bunday xatolar takrorlanmasligi uchun muqaddas dinimiz sha'niga putur etkazayotgan kimsalarga etti o'lchab, bir kesmasa, ishini Hudoning O'zi «to'g'rilab» qo'yishi mumkinligini eslaridan chiqarmasliklarini ta'kidlaymiz.
Bugungi «shuhrat»chaning ketidan quvib, «mish-mishlar»ga uchib, uydirma axborot tarqatayotgan, asossiz maqolalar yozib, dinimizni haqoratlayotgan mualliflar tutumida, fikru zikrida shaytoniy «men!» ustuvor. Ular «men»ini kibr bilan yo'rgaklab olishgan. Bundaylarni, avvalo, ogohlantirish zarur.
Halqimiz ardoqlaydigan mo''tabar maskanlarga, mo'min-musulmonlarimizga peshvo bo'lib turgan ustozlarimizga shu kabi munosabat bilan yondashish – yurtimiz tinchligiga raxna solish, xalq orasida fitna qo'zg'atish yoki «ko'rinmas kuchlar»ning nayrangiga uchish, deb hisoblaymiz.
Hulosa qilib aytish mumkinki, jannatmakon yurtimizda tug'ilib ham, muqaddas Vatanimiz tuprog'ida yashab ham, dono xalqimiz chin ixlos bilan e'tiqod qilayotgan dinda bo'lib ham, Islom dini qadriyatlari, sha'ni va qadr-qimmatini taratayotgan ulamolarimizni obro'sizlantirishga qaratilgan qiliqlar kimga bo'lsa ham umuman yarashmaydi!
Ibrohimjon Inomov,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bilim har bir inson uchun birdek zarurdir. Biroq u to‘g‘ri va tartibli olinmasa, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Keyingi vaqtda har kim o‘ziga kerakli ma’lumotlarni internet va ijtimoiy tarmoqlardan olgan holda o‘zi bilganicha ilm o‘rganish, tasdiqlanmagan xulosalarga rioya qilish holatlari ko‘payib ketdi. Bu illatlar esa o‘z navbatida haqiqiy bilimlar qadr-qiymatiga putur yetkazib qo‘ymoqda. Quyida ilmni ustozdan olish haqiqatiga oid ba’zi dalillarni keltirib o‘tdik.
Qur’oniy dalillar
1. Alloh taolo Qur’oni Karimda bilmaydiganlarga biladiganlardan so‘rashni buyurdi: «Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar» (Anbiyo surasi, 7-oyat).
2. Qur’oni Karim Alloh taolo tomonidan ummatning hidoyati va ilmi uchun nozil qilingan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tushuntirishlarisiz Qur’on ma’nolarini to‘liq va bexato anglab bo‘lmas edi. Alloh taolo Qur’oni Karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday marhamat qiladi: «(Biz payg‘ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» (Nahl surasi, 44-oyat).
Hadisiy dalillar
3. Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi. Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi. Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim bo‘ladi. Ularga xilof qilganlar zarar yetkaza olmaydi», dedilar (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
«Sahihu Buxoriy»ga sharh yozgan mashhur muhaddis Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh mazkur hadisni bunday izohlaydi: «Demak, ishonchli ilm faqat payg‘ambarlar (anbiyo) va ularning vorislaridan (ulamolardan) olingan ilmdir». Alloma Ayniy rahimahulloh ham ushbu hadisni shunday sharhlagan.
4. Alloma Shotibiy rahimahulloh bu fikrga urg‘u berib yozadi: «Buning dalili yana bir hadisdir: «Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Albatta, Alloh taolo bandalaridan ilmni birdaniga sug‘urib olmaydi. Balki ilmni ulamolarning jonini olish bilan tortib oladi. Nihoyat, birorta olim qolmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin ular so‘ralganlarida, johillarga xos ravishda fatvo berishadi. Natijada ular adashadilar va adashtiradilar», deganlarini eshitdim» (Buxoriy rivoyati).
Yana bunday yozadi: «Shunday ekan, ilm kaliti – uning ko‘tarib yuruvchilari ekaniga shubha yo‘q» («Adab al-ixtilaf», 174-bet).
5. Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh ushbu hadisning sharhida Imom Ahmadning «Musnadi»dan bir parcha keltiradi, unda bunday deyiladi: «Albatta, ilm ahlining tark etishi – aynan ilmning ketishidir» («Fathul-boriy»).
Payg‘ambarlar alayhimussalomdan misolar
6. Aytilishicha, Dovud alayhissalom payg‘ambar bo‘lgunlariga qadar Luqmon Hakimdan ko‘p ilmlar o‘rganganlar («Tafsir al-Qurtubiy»).
7. Luqmon Hakim o‘g‘liga bunday nasihat bergan: «O‘g‘lim, olimlarga yaqin va doimo ular bilan birga bo‘l. Albatta, Alloh taolo yerni yomg‘ir bilan tiriltirganidek, qalblarni hikmat bilan tiriltiradi» («Jomi’u bayonil ilm»; «Ma’olim irshodiya», 164-bet).
8. Muso alayhissalomning Hizr alayhissalomdan ilm olganlari ma’lum.
9. Yusha’ ibn Nun alayhissalom payg‘ambarlik kelishidan oldin uzoq vaqt Muso alayhissalomning yordamchisi vazifasini bajarganlar, ularning xizmatida bo‘lganlar.
Salafi solihlarning so‘zlari
10. Shuningdek, tobeinlar davrida kim biror ilmi borligini da’vo qilsa, undan bu ilmni kimdan olgani so‘ralgan (Muslimning «Sahih» asari kirish qismi).
11. Mashhur muhaddis Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh «Taqyidul ilm» asarida bunday yozadi: «Ko‘plab olimlar vafot etishlaridan oldin o‘zlarining ayrim kitoblarini yo‘q qilishdi va boshqalarga ham shunday qilishni buyurishdi. Ular bu kitoblar hukmlarni tushunmaydigan va kitobdan faqat tashqi ma’nolarni oladigan johillar qo‘liga tushib qolishidan qo‘rqib shunday qildilar».
Keyin bu ishni Imom Obid Salmoniy, Imom Sho‘ba ibn Hajjoj, Imom Abu Qiloba va Imom Iso ibn Yunus rahimahulloh kabilar qilganini aytib o‘tdi (61–62 betlar).
12. Imom Abu Hanifa rahimahullohga masjidda ilm majlisida o‘tirib, fiqhiy masalalar haqida bahslashayotgan bir guruh odamlar haqida xabar berilganida, u kishi: «Ularning ustozi bormi?» degan savollariga «yo‘q» degan javob bo‘lganda: «Bu odamlar hech qachon fiqhni egallamaydilar» deganlar (Shayx Muhammad Avvoma. «Adab al-ixtilaf», 164-bet va «Ma’olim irshodiya», 163-bet; «Al-Faqih val Mutafaqqih», 2-jild, 83-bet).
13. Bir kuni Imom Molik rahimahullohdan «Kishi ilm olishda olimlar bilan suhbatlashmasdan, faqat kitob o‘qib qanoatlansa ilm oladi-mi?» deb so‘rashdi. Imom Molik rad javob berdi va bunday dedi: «Ilm faqat uni yod olgan, olimlarga hamroh bo‘lgan, o‘z ilmiga amal qilgan va to‘g‘riso‘z halol kishidangina olinadi» («Adab al-ixtilaf», 165-bet; «Ma’olim Irshodiya», 163-bet).
14. Ibn Rushd rahimahulloh yozadi: «Qadim zamonlarda bilim odamlarning qalbida bo‘lgan. Keyin u kitoblarga o‘tkazildi, ammo kalitlar hali hamon odamlarning qalbida qolmoqda. Shu sababli, talaba, albatta, unga munozaralar va tushunish yo‘llarini ochadigan murabbiyga muhtoj» («Adab al-ixtilof», 174-bet; «Ma’olim irshodiya», 174-bet).
15. Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh yozadi: «Har bir talabaning qiyin savollarga javob olish uchun murojaat qilishi mumkin bo‘lgan ustozi bo‘lishi kerak» («Al-Faqih val-mutafakkih», 2-jild, 83-bet; «An-Nasiha yoki Ahlil-Hadis», 259-bet).
16. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: «Agar o‘quvchiga ilm sirlarini ochib (tushuntirib) beradigan olim bo‘lmasa, kitoblarning o‘zi hech qanday foyda keltirmaydi. Bu hammaga ma’lum haqiqat» («Adab al-ixtilaf», 178-bet).
Salafi solihlarning tutgan yo‘li
17. Imom Molik rahimahulloh aytadilar: «Ba’zi shogirdlar o‘ttiz yil davomida o‘qituvchilarining darslarida qatnashgan» («Adab al-ixtilaf», 171-bet).
18. Shunchaki bir necha darslarga qatnashish (bugungi kunda odatiy holga aylangan) «mulozama» – qat’iyatlilik hisoblanmaydi («Maolim irshodiya»dagi izohlar, 177-bet).
19. Hanafiy faqihi Ibn Nujaym rahimahulloh bayon qiladi: «Ilmga muntazam murojaat qilmasdan, doimiy izlanish va ustozsiz erishib bo‘lmaydi» («Adab al-ixtilaf», 172-bet).
20. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: «O‘z davrida mashhur bo‘lgan va omma tomonidan qabul qilingan har bir taniqli olimning o‘z davrida murojaat qiladigan ustozlari bo‘lgan» («Adab al-ixtilaf», 176-bet).
21. Ilm yo‘lidagi safarlar.
Bu yerda muhokama qilinadigan asosiy jihat, salaflarning ilm yo‘lida sarson-sargardonlikda o‘tkazgan uzoq muddatlaridir:
1). Imom Boqiy ibn Mahlad rahimahulloh ilm izlab ikki marta safarga chiqdilar. Ularning birinchisi 14 yil, ikkinchisi esa 20 yil davom etdi («Safohat min sabril ulama», 60-bet).
2). Imom Ibn Manda rahimahulloh 45 yilni uylaridan uzoqda o‘tkazdilar («Safohat min sabril ulama», 65-bet).
3). Imom Ya’qub ibn Sufyon Fasavi rahimahulloh: «Men 35 yildan beri safardaman», deganlar («Safohat», 61-bet).
22. Dunyo kezib ilm izlagan olimlar
Tolibi ilmlar safarlari chog‘ida birorta olim bo‘lgan hech bir shahar, qishloq yoki shaharchani e’tibordan chetda qoldirishmagan.
1). Ibn Javziy rahimahulloh Imom Ahmad rahimahulloh haqida bunday yozadilar: «Musnad»ini tuzishdan oldin butun (Islom) dunyosini uch marta kezgan («Said al-Kasir»; «Safahat min sabril ulama», 54-bet) .
2). Ibn Muqriy rahimahulloh aytdilar: «Sharqdan g‘arbga to‘rt marta safar qildim va o‘n marta Baytul Maqdisni ziyorat qildim» («Safohat min sabril ulama», 64-bet).
23. Faqat bitta ustoz emas!
Salaflar hech qachon bir-ikki ustoz bilan cheklanishmagan. Ularning muallimlari ba’zan minglab adadni tashkil qilgan.
1). Imom Buxoriy rahimahulloh: «Men 1080 ustozdan hadis yozdim», deganlar («Hadyu as-sariy», 670-bet).
2). Imom Ibn Hibbon rahimahulloh dedilar: «Taxminan 2 mingdan ortiq ustozdan hadis yozib oldim» («Tazkiratul-xuffoz», 3-jild, 921-bet).
3). Ibn Manda rahimahullohning 1700 nafar ustozi bor edi («Tazkiratul-xuffoz», 3-jild, 1032-bet).
4). Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh 4 ming ustozdan ilm olgan («Tazkiratul-huffoz», 1-jild, 276-bet).
5). Imom Abu Hanifa rahimahullohning birgina tobe’inlardan 4 ming nafar ustozi borligi xabarlarda kelgan (Ibn Hajar Haysamiy «Al-Xayratul-hison»; «Asorul-hadis», 176-bet).
6). Hofiz Iroqiy rahimahulloh Imom Qosim ibn Dovud Bag‘dodiy rahimahulloh haqida yozadi: «U zot: «6 ming shayxdan hadis yozdim», dedilar («Safohat»ga izoh, 64-bet).
24. Zamonamizning beqiyos muhaddisi Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh «Adabul ixtilof» kitobida alohida ta’kidlab bunday yozadi: «Ular (ulamolar) ustozi bo‘lmagan kishiga hech qachon e’tibor bermaganlar va bunday kishini hatto u bilan gaplashishga ham loyiq ko‘rmaganlar, chunki u xato qilishga moyil edi».
25. Abu Ja’far Dovudiy o‘z davrining nufuzli ulamolarining fikriga e’tiroz bildirganda, ular bunday javob berdilar: «Ovozingizni o‘chiring! Sizing ustozing yo‘q!» («Adab al-ixtilaf», 164-bet).
26. Shayx Avvoma rahimahulloh aytadilar: «Har bir insonning nasl-nasabi bor. Talaba o‘z bilimi uchun o‘qituvchilaridan olinadigan nasl-nasabga ham muhtoj. O‘qituvchisi bo‘lmagan kishi, kimligi betayin va nasl-nasabi noma’lum odam kabidir. Uning hech qanday qadri ham, vazni ham yo‘q» («Oltin qo‘llanma», Angliya, 8-bet; «Ma’olim irshodiya», 160-bet va «Adab al-ixtilaf», 164-bet).
Xatolarning kelib chiqish sababi
27. Muhammad ibn Sirin, Hakam ibn Atiyya va Voqiy ibn al-Jarroh rahimahulloh singari imomlar Bani Isroilning adashib ketishlariga asosiy sabab ota-bobolaridan qolgan kitoblardir, deganlar («Taqyid al-ilm», 61-bet).
28. Darhaqiqat, ilmlarning jamlanishi ham odamlarning ulamolar darslariga kam qatnasha boshlagani sabab bo‘lgani uchun Imom Avzoiy rahimahulloh aytdilar: «Ilm ilmli kishilarning og‘zidan chiqqanida ulug‘ edi. Lekin u kitoblarga ko‘chganida nuri (ilohiy nuri) yo‘qoldi» («Taqyid ul-ilm», 64-bet).
Boshqa rivoyatda bunday deyiladi: «...kitoblarga kirganida, unga huquqi bo‘lmaganlar unga yo‘l olishdi!» («Sunani Dorimiy», 467-hadis).
Eslatma! Yuqorida kelitirilgan ikki iqtibosdan maqsad kitoblarni o‘zboshimcha o‘rganish noto‘g‘ri ekanini isbotlash va kitoblarni bilimdon ustoz hamrohligida o‘rganish kerakligini tushuntirishdir.
29. Shayx Muhammad Avvoma aytadi: «Olimlardan ilm olmagan, ularning huzurida uzoq vaqt bo‘lmagan, odatlarini o‘zlashtira olmaydigan odamdan qanday hurmat kutish mumkin? Bunday odam olimlarning qadrini qanday tan oladi? Shuning uchun, bunday odamlarning olimlarni tanqid qilishi ajablanarli holat emas! Kimki ulamolar majlislariga qatnashsa, haqiqatdan ham ularni hurmat qila boshlashi kafolatlanadi» («Adab al-ixtilof», 172-bet; «Ma’olim irshodiya», 172-bet).
30. Alloma Ibn Hajar al-Haytamiy rahimahulloh aytadilar: «Kimki ilmni faqat kitobdan olgan bo‘lsa, o‘zgalarni yo‘ldan ozdiruvchilardan bo‘libdi» («Fatvo Hadisiya»; «Adab al-ixtilaf», 165-bet).
31. Imom ash-Shotibiy rahimahulloh yozadi: «Sunnatga qarshi bo‘lgan aksariyat buzuq toifa va guruhlarning hech qachon tayinli ustozi bo‘lmagan («Adab al-ixtilaf», 176-bet).
32. Imom Shofe’iy rahimahulloh aytadilar: «Ey birodarim! Ushbu oltita asossiz hargiz bilimga ega bo‘lmaysiz: Sabab, istak, qashshoqlik, sargardonlik, muallim va uzoq muddat ustoz nazorati ostida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar» («Adab al-ixtilof», 162-bet; «Ma’olim Irshodiya», 174-bet).
Xulosa
33. Bugungi kunda ayrim odamlarning diniy ilmlarni mustaqil ravishda o‘rganishi urf bo‘lmoqda. Eng yomoni, ba’zilar hech qanday ustoz yoki sohadagi malakali mutaxassisning nazoratisiz «fatvo» yoki «maqola»larini o‘qib olib, o‘zicha ilm tarqatmoqda.
Alloh taolo muhtaram ustozlarimizning umrini ziyoda qilsin, ularning ilmidan foydalanishimizga tavfiq ato etsin.
Davron Nurmuhammad
«Hilol» jurnali 5 (62) son