Ma'lumki, Islom olamining ahli sunna toifasi ichida to'rtta fiqhiy mazhab bo'lib, ular Hanafiy, Molikiy, Shofe'iy va Hanbaliy mazhablaridir. Agar islom tarixiga nazar tashlansa, bu mazhablarning kelib chiqishidan oldin ham turli mazhab va yo'nalishlar bo'lgan. Lekin u mazhablar muayyan shaxs nomi bilan emas, balki shahar va mintaqa aholisi nomi bilan atalgan. Masalan, Madinaliklar mazhabi, Makkaliklar mazhabi va hokazo. Imom Molik rahmatullohi alayh o'zlarining mashhur “Muvatto” (ommabop) kitoblarini yozilish tarixini zikr qilganlarida shunday degan edilar: Halifa Abu Ja'far al-Mansur bilan hajda uchrashib qoldik, shunda u menga: “Men bilan sizdan boshqa olim qolmadi, men siyosat bilan mashg'ulman.
Siz odamlarga sunnat va fiqhni bayon qiluvchi bir kitob yozing. Faqatgina, unda Ibn Abbosning ba'zi masalalardagi ruxsatlarini, Ibn Umarning ba'zi masalalardagi qattiqqo'lligini va Ibn Mas'udning ba'zi masalalardagi nodir so'zlarini kitobga kirgizishdan saqlaning, uni ommabop qilib yozing” – dedi. Kitob ta'lif qilinib, Abu Ja'far al-Mansurga taqdim qilinganda, u Imom Molikka: “Men bu kitobingizni Ka'baga osib qo'ymoqchiman, uni butun Islom olamiga tarqatib, ixtiloflarga chek qo'yish uchun odamlarni yolg'iz shu kitobga amal qilishlariga majbur qilmoqchiman” – dedi. Shunda Imom Molik: “Yo'q, unday qilmang, chunki sahobalar er yuzi bo'ylab tarqalib ketganlar. Ular men kitobga kiritgan Hijoz aholisining hadislaridan boshqa hadislarni ham rivoyat qilishgan. Odamlar o'sha hadislarni ham olganlar. Siz ularni o'z hollariga qo'ying” – dedilar.
Barcha hadis kitoblarida keltirilgan ushbu mashhur voqea asrlar davomida faqihlarimizni yangidan-yangi ilmiy cho'qqilarga, izlanishlarga chorlashi bilan birga, Qur'oni karim oyatlari, boshqa hadislar bilan bir qatorda fiqh ilmiga hujjat va dalil bo'lib kelmoqda. Keyinchalik zabardast ulamolar tomonidan sahobiy va tobeinlarning fatvolari jamlanib, ularni tahlil qilish orqali yangi mazhablar vujudga keldi va bu mazhablar mazhab sohibining nomi bilan atala boshladi. Hususan, Kufada Hanafiy, Madinada Molikiy, Misrda Shofe'iy va Bog'dodda Hanbaliy mazhablari paydo bo'ldi. Tarix nuqtai nazaridan qaralsa, bu to'rt mazhab ham bir-biri bilan bog'liq, mazhab egalari o'zaro bevosita yoki bilvosita bir-birlariga ustoz yoki shogird bo'lishgan. Masalan, Abu Hanifa Imom Molik bilan ko'rishgan, Imom Molik Imom Shofe'iyga ustozlik qilgan, Imom Shofe'iy esa Abu Hanifaning shogirdi Muhammad ibn Hasan bilan bevosita munozaralar qilgan. Shuningdek, Imom Shofe'iy Ahmad ibn Hanbalga ustozlik qilgan. Lekin shunga qaramay, har bir mujtahidning mazhab tuzishda o'ziga xos ilmiy yo'nalishi bo'lgan.
Mazhablar o'z tarixiy taraqqiyotining barcha bosqichlarida dinning yaxlitligi, musulmonlarning hamjihatligi, o'zaro inoqligi va birligini ta'minlashda eng muhim omil sifatida kurashib kelgan. U musulmonlar orasidagi har qanday firqachilikka qarshi bo'lib, qavmning diniy e'tiqod belgilari bo'yicha guruhlarga bo'linish g'oyasini hech qachon tan olmagan. Garchand turli oqim va firqalar har doim islom dini yaxlitligini buzishga urinib kelgan bo'lsada, hech qachon buning uddasidan chiqolmaganlar. Bu muvaffaqiyatning zamirida ham shu ahli sunna ulamolari keltirgan dalil va asoslarning mustahkam va to'g'riligi asos bo'lib xizmat qilgan. Musulmonlar ommasiga ushbu haqiqatlarni tushuntirib berish bemazhablik avj olgan hozirgi davrda ayniqsa muhimdir.
Mazhablar Qur'oni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida ijtihod qilib, sahobiy va tobeinlar fatvolariga muvofiq ravishda topilgan Alloh roziligiga erishtiruvchi, haqiqiy to'g'ri yo'ldir. Alloh taoloning eng oxirgi va mukammal, qiyomatgacha boqiy qoluvchi, barcha zamon va makonlarda insoniyatga ikki dunyo saodat yo'lini ko'rsatib beruvchi din Islom ekanini yaqindan anglaymiz. Mazhablar to'la ma'noda birlik, birdamlik, birodarlik ramzi ekanini anglab olmog'imiz darkor.
Abdulloh Rahmonov O'MI Samarqand viloyati vakilligi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Fiqhiy kitoblarda Makkai Mukarramadagi yigirma bir joyda qilingan duolar mustajob bo‘lishi haqida yozilgan va salafi solihlardan naql qilingandir. Madinai Munavvarada ham duo qabul bo‘ladigan ko‘plab joylar bor. Duo qilishga e’tibor qaratish lozim bo‘lgan o‘rinlar quyidagilardir:
1. Baytullohni ilk ko‘rgan paytda;
2. Tavof qilayotgan paytda;
3. Multazamga osilgan paytda;
4. Rahmat tarnovining ostida;
5. Baytullohning ichida;
6. Zamzam suvini ichayotganda;
7. Maqomi Ibrohimning yonida;
8. Safo tog‘ining ustida;
9. Marva tog‘ining ustida;
10. Sa’y qilayotganda;
11. Arafot maydonida;
12. Muzdalifa maydonida;
13. Mino maydonida;
14. Tosh otgandan keyin jamarot oldida;
15. Hatimning ichida (Fathul qodirda);
16. Rukni yamoniyning oldida;
17. Savr g‘orida;
18. Hiro g‘orida;
19. Dorul Arqam joylashgan joyda;
20. Xadicha roziyallohu anhoning makonlari joylashgan joyda;
21. Mud’o maqomi, ya’ni Masjidul Haramdan Jannatul mu’allo tomon ketishda joylashgan joyda (G‘uniyatun-nosik);
22. Madinai Munavvaradagi Riyozul jannada;
23. Oisha roziyallohu anhoning ustunlari yonida;
24. Abu Luboba ustunlari yonida;
25. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mehroblarida;
26. Suffada;
27. Fath masjidida;
28. Qubo masjidida;
29. Masjidul qiblataynda (Ikki qibla masjidida);
30. Masjidul ijobada.
Ushbu joylarga kelish nasib qilgan har bir kishi Alloh taologa tazarru’ ila dunyo va oxiratdagi murodlarini so‘rashi lozim. Bunday o‘rinlarda samimiy duolar qilib olishdan g‘aflatda qolmaslik kerak.