Shayx Navaviy (631-676)
Imom, hofiz, faqih, muhaddis Yahyo ibn Sharofiddin ibn Murriy ibn Hasan al-Hizomiy al-Huvroniy an-Navaviy ash-Shofe'iy Islom olamining mo''tabar olimlaridan sanaladi.
Kunyalari – Abu Zakariyo, laqablari Muhyiddin. Ammo Allohga tavozu' qilib, Muhyiddin[1] deb laqablanishni karih ko'rgan. Chunki din doimiy hayot va sobit bo'lgan narsadir, tiriltiruvchi kishiga muhtoj emasdir, deb aytardilar.
Imom Navaviy hijratning 631 yili muharram oyida Damashqdagi Navo shahrida dunyoga keldi. Yoshligidayoq Qur'oni karimni to'liq yod oldi. O'n to'qqizga kirganida otasi Damashqqa olib bordi va ilm tahsilini yanada kuchaytirish maqsadida “Ravohiya” madrasasiga joylashtirdi. U erda Ishoq ibn Ahmad ibn Usmon Mag'ribiy al-Maqdisiydan fiqh ilmi bo'yicha ta'lim oldi, Sheroziyning “Muhazzab” nomli kitobini o'qib chiqdi. Ishoq ibn Ahmad u zotning fiqh ilmidagi birinchi ustozi bo'ldi.
Imom Navaviy rahimahulloh har kuni 12 xil dars bilan mashg'ul bo'lardi. Orada tib bilan ham shug'ullanishga intilardi. Lekin Alloh taolo u zotni bu ilmdan burib qo'ydi. Balki Damashqdagi “Dor al-hadis al-Ashrafiya”da dars berishni nasib qildi.
Imom Navaviy rahimahulloh nihoyatda taqvodor, zohid kishi edi. Biror soatlarini Alloh toatidan boshqa ishga sarf qilmasdi. Kechalarini ibodat va kitob tasnif etish bilan o'tkazardi. Ibn Attor aytadi: “Navaviy barcha vaqtini ilm olish, unga amal qilishga sarflardi. Bir kecha va kunduzda faqatgina huftondan so'ng bir luqma taom va sahar vaqtida bir qultum suv tanovul qilar edi”.
Imom Navaviy juda ko'p kitob tasnif etdi. Ularning ayrimlari: “Sharhi Sahihi Muslim”, “Irshod”, “Taqrib va Taysiyr fiy ma'rifati sunanil Bashiyr an-Naziyr”, “Tahziybul asmo val lug'ot”, “Tibyan fiy odobi hamlatil Qur'on”, “Minhojut-Tolibiyn”, “Bustonil orifiyn”, “Hulosatul ahkom fiy muhimmoti sunani va qavoidil Islom”, “Ravzatut tolibiyn va umdatul muftiyn”, “Sharhul muhazzab”, “Riyozus solihiyn”, “Hulyatul abror va shiorul axbor fiy talxiysi da'vot val azkor”.
Ushbu hadis kitoblarini shayxlaridan eshitgan: “Jome' as-sahih al-Buxoriy”, “Sahihi Muslim”, “Sunani Abu Dovud”, “Jome' at-Termiziy”, “Sunani Ibn Moja”, “Sunani Nasoiy”, “Muvatto Molik”, “Musnadi Shofe'iy”, “Musnadi Ahmad”, “Musnadi Abu Ya'lo”, “Sahihi Abu Avona”, “Sunani Bayhaqiy”, “Sharhi sunna lil Bag'aviy”, “A'malul yovm val layla li Ibn Sunniy”, “Al-jomi' li odobir roviy vas somi' lilxatib Bag'dodiy”, “Ansob li Zubayr ibn Bakkor”.
Damashqda istiqomat qilganida fiqh, hadis, usul kabi ilmlarni quyidagi ustozlardan ta'lim olgan:
Imom Navaviy rahimahulloh hijriy 676 sananing 24 rajabida chorshanba kuni kechasi Navo shahrida vafot etdi va shu erga dafn qilindi.
Muftiy Ibrohim Desai rahimahullohning "Hadis ilmiga kirish" kitobidan olindi.
[1] Muhyiddin – dinni tiriltiruvchi degan ma'noni anglatadi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson yaralibdiki, xursandchilik bilan birga g‘am-tashvish, qayg‘u-alamlar ila yashaydi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, “g‘am-tashvish”, “qayg‘urish” kabi tushunchalar ikki xil bo‘ladi:
1. Tabiiy.
2. Orttirilgan.
Birinchisi haqida so‘z borganda, uni “sog‘lom tashvishlanish”, deb atashimiz mumkin. Boshqacha qilib aytganda, busiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Tashvishlanishning bu turi topilmaydigan kishilar hissizlik ketidan kasal bo‘lib qolishlari turgan gap.
Albatta, hayot tashvishlari benihoya – ishdagi muammolar, uydagi g‘am-tashvishlar, ota-onaga g‘amxo‘rlik, farzand tarbiyasi, olingan qarzlarni to‘lash, oilaviy kelishmovchiliklar, imtihonlar, kimdirlar bilan uchrashish... Bularning barchasi odamni tashvishlanish, bezovta bo‘lish va qayg‘urishga undaydi. Bunday ruhiy holatlar ishtahamizni bo‘g‘ib, asabimizni buzadi, uyqimiz qochadi, bir so‘z bilan aytganda, hayotning achchiq-chuchuklarini totib, o‘nqir-cho‘nqirlariga duch kelamiz. Vaqt o‘tishi bilan bu muammolar o‘z yechimini topadi, biz ham voqelikka rozi bo‘lamiz, ko‘nikamiz, tashvishlar ariydi, stresslardan xalos bo‘lib, xotirjamlikka erishamiz. Oradan biroz muddat o‘tib yana yangi muammolarga duch kelamiz, xullas, hayot shu tarzda davom etaveradi.
Deyl Karnegi aytadi: “Men o‘ttiz yetti yildan ko‘proq vaqt Nyu-Yorkda yashadim. Menda “bezovtalik” degan kasallik borligidan ogohlantirib qo‘yish uchun biror kishi eshigimni taqillatib kelgani yo‘q. Suvchechak kabi kasallik keltirib chiqaradigan asoratlardan bir necha ming barobar ko‘p zararlar ko‘rishimning asosiy sababi, ushbu bezovtalik kasalligi bo‘ldi. Ha, ha, rost! Hech bir kishi eshigimni qoqib, amerikaliklarning har o‘ninchisi xavotir, ortiqcha tashvishga sabab bo‘luvchi asab buzilishiga chalinganini aytib, ogohlantirgani yo‘q”.
Karnegi so‘zida davom etadi: “Kishi butun dunyo mulkini qo‘lga kiritgan taqdirda ham, faqatgina bitta yotoqda yota oladi, xolos. Kunda uch mahaldan ortiq ovqatni oshqozoni sig‘dira olmaydi. Shunday ekan, bu odam bilan yer ag‘darib yurgan dehqon orasida qanday farq bor? Aksincha, dehqon chuqurroq uyquga ketsa kerak, to‘g‘rimi? Bu kabi badavlat kishidan ko‘ra dehqon yeyayotgan taomidan ko‘proq lazzat ola biladi, uning ta’mini yaxshiroq his qiladi, shunday emasmi?!”,
Barselonalik mashhur doktor Marko Alvares o‘z tajribalari bilan bo‘lishib, bunday deydi: “Ma’lum bo‘lishicha, har beshta bemorimdan to‘rttasining kasalligi birorta a’zo ta’sirida emas, aksincha, qo‘rquv, bezovtalanish, tashvishlanish, asabiylashish hamda kishi o‘zi va hayoti o‘rtasidagi munosabat hamda muvozanatni yo‘qotganligidan bo‘ladi”.
Shoir Mansur bir she’rida bunday deydi:
Xohla boy bo‘l, xoh faqirlikni et iroda,
Hech iloj yo‘q g‘am bo‘lar albat bu dunyoda.
Har gal oshib borsa atrofingda ne’mating,
Qarshisida ortib borar g‘am ustiga ham g‘aming.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.