Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446

12.03.2021 y. Amallarning qabul bo'lish shartlari

10.03.2021   4475   17 min.
12.03.2021 y. Amallarning qabul bo'lish shartlari

     بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

AMALLARNING QABUL BO'LISh ShARTLARI

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, musulmon kishi Alloh taologa manzur bo'ladigan va Uni rozi qiladigan amallarning barchasini go'zal holatda bajarishga harakat qiladi. “Solih (yaxshi) amal” iborasi Qur'oni karimda 200 dan ortiq marta va hadisi shariflarda esa juda ko'p o'rinlarda tilga olinganining o'zi dinimizning bu narsaga qanchalik katta ahamiyat berganini ko'rsatadi.

Solih amallar, ayrimlar o'ylaganidek, faqat namoz, ro'za, zakot, haj va boshqa ibodatlardangina iborat emas. Balki ular juda ham ko'p bo'lib, Alloh va Rasulini yaxshi ko'rish,  qarindoshchilikni bog'lash, qo'shnilik haqqini ado etish, etimlarga, kambag'allarga hattoki, jonzotlarga yashilik qilish va boshqa ko'plab yaxshi, xayrli, chiroyli, savobli va manfaatli amallarni ham o'z ichiga oladi. Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda quyidagicha marhamat qilgan:

 لَيْسَ الْبِرَّ أَنْ تُوَلُّوا وُجُوهَكُمْ قِبَلَ الْمَشْرِقِ وَالْمَغْرِبِ وَلَكِنَّ الْبِرَّ مَنْ آَمَنَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ وَالْمَلَائِكَةِ وَالْكِتَابِ وَالنَّبِيِّينَ وَآَتَى الْمَالَ عَلَى حُبِّهِ ذَوِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينَ وَابْنَ السَّبِيلِ وَالسَّائِلِينَ وَفِي الرِّقَابِ وَأَقَامَ الصَّلَاةَ وَآَتَى الزَّكَاةَ وَالْمُوفُونَ بِعَهْدِهِمْ إِذَا عَاهَدُوا وَالصَّابِرِينَ فِي الْبَأْسَاءِ وَالضَّرَّاءِ وَحِينَ الْبَأْسِ أُولَئِكَ الَّذِينَ صَدَقُوا وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُتَّقُونَ  

ya'ni: Yuzlaringizni Mashriq va Mag'rib tomonlariga burishingiz (ibodat qilishingizning o'zi to'la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg'ambarlarga imon keltirgan, o'zi yaxshi ko'rgan molidan qarindoshlariga, etimlarga, miskinlarga, yo'lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo'lida beradigan, namozni to'kis ado etib, zakotni to'lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og'ir-engil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshilik (ahli)dir. Aynan o'shalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan o'shalar taqvodordirlar (Baqara surasi 177-oyat).

Ko'rinib turibdiki, yaxshilikning turi ko'p. Ammo har birimizning ham amallarimiz, yaxshiliklarimiz Allohning huzurida maqbul bo'lyaptimi? Mo'min-musulmon kishining asosiy tashvishi mana shu bo'lishi kerak. Dinimizda amallar qabul bo'lishi uchun quyidagi shartlar topilishi kerak:

  1. Musulmon bo'lish, ya'ni Allohni yolg'iz deb bilib, Alloh va Rasulining ko'rsatmalariga itoat qilish kerak. Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi:

أُولَئِكَ الَّذِينَ كَفَرُوا بِآَيَاتِ رَبِّهِمْ وَلِقَائِهِ فَحَبِطَتْ أَعْمَالُهُمْ فَلَا نُقِيمُ لَهُمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَزْنًا

ya'ni: Ular Parvardigorlarining oyatlarini va U zot bilan muloqotda bo'lishni inkor etishib, butun ish (amal)lari behuda ketgan kimsalardir. Bas, Biz Qiyomat kunida ular (amallari) uchun hech qanday vaznni qoim qilmasmiz! (Kahf surasi 105-oyat).

  1. Amalni shariat qonun-qoidalariga muvofiq holda bajarish. Masalan, namoz o'qiguvchi kishi namozi durust bo'lishi uchun namozdagi farz kabi amallarni bajarishi va namozni buzadigan amallarni qilmasligi lozim. Aks holda namoziga nuqson etadi va namoz shariat qonun-qoidasiga muvofiq bo'lmaydi.
  2. Ixlos, ya'ni amalni faqat yolg'iz Allohning roziligi uchun qilish va undan dunyoviy manfaatni ko'zlamaslik kerak. Shuningdek, qilayotgan ishlarni birovlar ko'rishi uchun yoki eshitishi uchun yoxud qilgan amalidan faxrlanish kabi bajarilgan ishlarning savobini yo'qqa chiqaradigan illatlardan saqlanish zarur. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:

مَنْ كَانَ يُرِيدُ الْحَيَاةَ الدُّنْيَا وَزِينَتَهَا نُوَفِّ إِلَيْهِمْ أَعْمَالَهُمْ فِيهَا وَهُمْ فِيهَا لا يُبْخَسُونَأُولَئِكَ الَّذِينَ لَيْسَ لَهُمْ فِي الآَخِرَةِ إِلاَّ النَّارُ وَحَبِطَ مَا صَنَعُوا فِيهَا وَبَاطِلٌ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ

ya'ni: “Kimki dunyo hayoti va uning ziynatini istasa, u (kabi)larga amallari (savobi)ni shu (dunyo)da mukammal berurmiz va ular unda (dunyoda) ziyon qilmaydilar. Ana o'shalarga oxiratda do'zaxdan boshqa (narsa) yo'qdir. Qilgan (savobli) ishlari habata (barbod) va qilib yurgan amallari botil (zoye) bo'lur”  (Hud surasi 15, 16-oyatlar).

Bu oyati karimada savobli amallarni oxirat uchun emas, shu dunyoda obro' va shuhrat orttirish maqsadida qiluvchi riyokor kishilar uchun ogohlantirish bor (Tafsiri Nasafiy).

Muhtaram azizlar! Shu o'rinda biz ixlosni ketkazuvchi sifatlarni bilishligimiz juda muhimdir. Ularning birinchisi – riyodir. U amal va ibodatni bandalarning olqishi va maqtovlariga erishish uchun ularga ko'rsatib bajarishdir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تُبْطِلُوا صَدَقَاتِكُمْ بِالْمَنِّ وَالْأَذَى كَالَّذِي يُنْفِقُ مَالَهُ رِئَاءَ النَّاسِ وَلَا يُؤْمِنُ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ فَمَثَلُهُ كَمَثَلِ صَفْوَانٍ عَلَيْهِ تُرَابٌ فَأَصَابَهُ وَابِلٌ فَتَرَكَهُ صَلْدًا لَا يَقْدِرُونَ عَلَى شَيْءٍ مِمَّا كَسَبُوا وَاللَّهُ لَا يَهْدِي الْقَوْمَ الْكَافِرِينَ 

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Molini odamlar ko'rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o'xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo'qqa chiqarmang! U (riyokor) ustini tuproq qoplagan silliq qoyaga o'xshaydi; ustiga jala yoqqanda, (tuproq yuvilib,) sip-silliq toshning o'zini qoldiradi. Ular topgan (va sarflagan) boyliklaridan hech narsaga ega bo'la olmaydilar. Zotan, Alloh kofirlar qavmini hidoyat sari yo'llamagay” (Baqara surasi 264-oyat).

Demak, savobli ishni riyokorlik va odamlar ichida obro' orttirish niyati bilan bajarilsa, u Allohning nazdida qabul qilinmaydi, balki uning savobini ketkazib qo'yishi ham muqarrardir.

Riyoni ulkan gunohligi haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

إِنَّ أَخْوَفَ مَا أَخَافَ عَلَيْكُمُ الشِّرْكُ الْأصْغَرُ قَالُوا: وَمَا الشِرْكُ الْأصْغَرُ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَال: الرِّيَاءُ

رواه الامام أحمد

ya'ni: “Men sizlarda sodir bo'lib qolishidan qo'rqadigan narsamning eng yomoni – kichik shirkdir”. Sahobalar: “Yo Rasullulloh, kichik shirk nima?” – deb so'radilar. Rasululloh alayhissalom: “Riyo” – deb javob berdilar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Demak, ushbu hadisi sharifdan ma'lum bo'layaptiki, shirk ikki xil bo'ladi. Katta shirk va kichik shirk. Katta shirk hammamizga ma'lum. Ammo kichik shirk esa, amallarni Alloh rizosi uchun qilmay, balki odamlarga ko'rsatish, ular o'rtasida obro' topish yoki odamlardan ajralib qolishdan qo'rqib qilinishi riyo, ya'ni kichik shirk hisoblanar ekan.

Mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Riyo solih amalga aralashsa, uning ajrini yo'qqa chiqaradi. Kishi o'zidan faxrlanishi ham – riyo kabidir”.

Ikkinchisiamalni odamlar eshitishi uchun bajarishdir. U ham riyo kabi bo'lib, unday amal uchun savob berilmaydi, balki, Qiyomatda azobga duchor bo'ladi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam marhamat qilib, dedilar:

من سمع سمع الله به ومن يرائي يرائي الله به

(متفق عليه)

ya'ni:  “Kim odamlarga eshittirish uchun amal qilsa, Alloh uni eshittiradi. Kimki, ko'z-ko'z qilsa, Alloh uni ko'z-ko'z qiladi” (Muttafaqun alayh).

Keyingisiamallaridan mag'rurlanish, o'ziga bino qo'yishdir. Bu esa, inson o'ziga berilgan ne'mat yoki yaxshi amalni Allohdan ekanini unutishi va bularni o'z nafsidan deb bilishidir. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflari shunday deganlar:

ثلاث مهلكات: شح مطاع، وهوى متبع، وإعجاب المرء بنفسه

(رواه البزار عن أنس بن مالك رضي الله عنه)

ya'ni: Uch narsa halok qiluvchidir: itoat qilinadigan baxillik, ergashiladigan havoi-nafs va kishi o'z nafsi bilan faxrlanishi (Imom Bazzor rivoyatlari).

Imom Qurtubiy rahimahulloh aytadilarki: “Kishining o'z amali bilan faxrlanishi o'sha amalni mukammal deb bilib, Allohning ne'matini unutishidir”.

Ko'rinib turibdiki, bu amallar kamtarlik, tavozelik va hokisorlikka buyurgan shariatimiz ko'rsatmalariga zid bo'lishi bilan birga, amallarning savobini ketkazishga ham sabab bo'ladi. Shuningdek, ibodat, tavba va solih amallarni biror dunyoviy manfaat uchun qilish ham amalning savobini yo'qqa chiqaradi.

Muhtaram jamoat! Mav'izamiz davomida namozda qo'l bog'lash haqida suhbatlashamiz. Hanafiy mazhabimizga ko'ra, takbiri tahrima bilan namozga kirishgan kishi o'ng qo'lni chap qo'l ustiga qo'yib, qo'llarini bog'laydi va kindik ostiga qo'yadi. Bu amalni ulamolarimiz sunnat deydilar. Chunki, bu masalada kelgan hadisi shariflar aynan Hanafiy mazhabi tutgan yo'lni quvvatlaydi. Jumladan: Imom Buxoriyning ustozlari Imom Abdulloh ibn Muhammad ibn Abu Shayba rahimahulloh “Musannaf” kitobida quyidagi hadisi sharifni keltirganlar:

عن علقمة بن وائل بن حجر عن ابيه قال

رأیت النبی صلى الله عليه وسلم وضع یمینه علیٰ شماله فی الصلوٰۃ تحت السرۃ

ya'ni: Alqama ibn Voil otalari Voil ibn Hujrdan rivoyat qiladi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam namozda o'ng qo'llarini chap qo'llari ustiga qo'yib, kindik ostiga qo'yganlarini ko'rdim”.

Bu masalada Ali raziyallohu anhudan quyidagicha rivoyat qilingan:

ان من سنة الصلاة وضع اليمين علي الشمال تحت السرة

ya'ni: “O'ng qo'lni chap qo'l ustiga qo'yib, kindik ostiga qo'yish namozning sunnatidandir”(Imom Bayhaqiy va Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Hanafiy muhaddis Badruddin Ayniy rahimahulloh “Umdatul Qoriy”  kitoblarida shunday deydilar:

قول علي ان من سنة هذا اللفظ يدخل في المرفوع عندهم و قال ابو عمر في المنتقي و اعلم ان الصحابي اذا اطلق اسم السنة فالمراد به سنة النبي صلي الله عليه السلام

ya'ni: Hazrati Alining“namozning sunnatidandir” deganlari “marfu'” Payg'ambarimiz alayhissalom aytgan hadisi sharif ekanligini bildiradi. Abu Umar rahimahulloh “Muntaqo” kitobida: “Bilingki, agar sahoba “sunnat” so'zini mutlaq qo'llasa, bundan Nabiy sallallohu alayhi vasallamning sunnatlari iroda qilingan bo'ladi”, deganlar.

Badruddin Ayniy va Imom Navaviy rahmatullohi alayhimolardan boshqa muhaqqiqlar ham bir ovozdan “Falon ish sunnatdandir” degan istelohdan Nabiy sallallohu alayhi vasallamning sunnatlari murod ekanligini aytganlar (“Tazkiratul Huffaz” kitobi 48 sahifa). Yana bir rivoyatda aytiladi:

عن ابى جحيفة ان عليا رضى الله عنه قال: "السنة وضع الكف على الكف فى الصلاة تحت السرة (رواه الإمام ابو داود(

ya'ni: Abu Juhayfa raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ali raziyallohu anhu aytdilar: “Namozda qo'lni qo'lning ustiga qo'yib, kindik ostiga qo'yish – sunnatdir” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Bu hadisi sharif Imom Ahmadning "Musnad" kitoblarida ham keltirilgan. Hofiz ibn Hajar o'zining "Tajridu zavoidi musnad al-Bazzor" kitobida: “Agar hadisi sharif "Musnadi Ahmad"da kelsa, boshqa musnadlarga hojat yo'q”, degan (“E'lous sunan” kitobi).

Bizning diyorlarda ko'p asrlardan beri mo'min-musulmonlar Hanafiy mazhabiga ergashib kelganlar. Lekin afsuski, ko'pincha yuqoridagi hadisi shariflar va ulamolarimizning ijtihodlaridan bexabar ba'zi shaxslar qo'llarini mazhabimizda sunnat deyilgan ko'rinishdan o'zgacha bog'laydilar. Ularning ba'zi qo'l bog'lash holati umuman biror mazhabda uchramaydi. Masalan, o'ng qo'l bilan chap qo'lning tirsagini ushlab turish, qo'llarni bog'lab ko'krak ustiga qo'yish, biror mazhabda olinmagan. Vaholanki, to'rt mo''tabar mazhabdan chiqib amal qilinmaydi. Yoki bir amalni hanafiylardan, boshqasini shofe'iylardan olish durust emas. Buni ulamolar "talfiq" (ikki mazhabni aralashtirish) deydilar va bunday qilgan kishi harom amalni qilgan bo'ladi. Chunki mazhablardan nafsi havosiga yoqqan hukmlarini terib olish, shariatga emas, nafsiga ergashishdir. Bizning diyorimizda bu xatolar va ixtiloflarning echimi –  masalalarni Qur'on, sunnat va salafi solihin olimlar usulida hal qilgan Hanafiy  mazhabiga ergashishdir. Ma'lumki, Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh ham tobe'in – salaf ajdod olimlardan biri va ergashishga eng loyiq zotlardan. U zot bilan oxirgi asrlarda paydo bo'lgan oqim rahnamolarini aslo tenglashtirish mumkin emas. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh kabi salafi solih ulamolarga ergashmay, mazkur keyin paydo bo'lgan radikal oqim peshvolariga ergashadiganlar, mo'min-musulmonlar o'rtasida bitmas-tuganmas ixtiloflar chiqishiga sababchi bo'ladilar va bu ixtiloflarning gunohini ham o'z zimmalariga oladilar.

Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimizni farovon bo'lishini nasib aylab, Yurtimiz musulmonlarini ota-bobolarimizning yo'llari bo'lgan Hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodat qilib, tinch-totuv va ahl-inoq yashashga muvaffaq aylasin! Omin!

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Dinimizda qo'shnichilik haqlari” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Og‘ir judolik

4.01.2025   3636   6 min.
Og‘ir judolik

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Yosh Muhammad ulg‘ayib katta bo‘lganidan keyin yaqindagina onasi bilan shu tuyada kelishganini eslardi. Ummu Ayman uning ko‘zyoshlarini artib borardi. Go‘yo ortlaridan onasi kelib qoladigandek yosh Muhammad orqalariga o‘girilib qo‘yardi. Ummu Ayman uni bag‘riga olib, boshini silab-silab qo‘yganini sira-sira esdan chiqarmadi.
Ularni kutib olishga Abdulmuttalib chiqdi. Bo‘lgan voqeadan bexabar bobo oldiga yugurib kelgan nabirasining qayg‘uli yuzini ko‘rib hayratlandi. “Nima bo‘ldi, bolam, onang qani?” deb so‘radi. Go‘dak javob bermay yig‘layverdi. Abdulmuttalib taajjublanib turganida Ummu Ayman yo‘lda nima bo‘lganini aytib berdi. Qariya qattiq qayg‘uga tushdi.

Nur yuzli nabirasini bag‘riga bosib, ko‘zlariga termuldi. “Jonim bolam, endi ota-onang ham, bobong ham men bo‘laman. G‘am chekma, doimo sening yoningdaman”, deb ko‘nglini ko‘tardi.
Bobo bergan so‘ziga og‘ishmay amal qildi. U chindan ham bu nabirasini boshqalariga qaraganda boshqacha yaxshi ko‘rar, yonidan bir qadam jildirmas, hech kimga ishonmasdi. Har gal yuziga qaraganida goh o‘g‘li Abdullohni, goh kelini Ominani eslab, yig‘lab olardi. Odamlar haybati va salobatidan qo‘rqadigan Abdulmuttalibning uyiga faqatgina yosh Muhammad ijozatsiz kira olardi. Hali yosh bo‘lishiga qaramay, ba’zi narsalarda bobo undan maslahat so‘rar va gapiga quloq tutardi. Oldiga taom keltirishsa, nabirasi kelmaguncha ovqatga qo‘l cho‘zmasdi.

Kunlarning birida ajoyib voqea sodir bo‘ldi. Yog‘in kamligi sababli Makkada qurg‘oqchilik bo‘lib turardi. O‘sha yili ham shunday bo‘ldi. Hamma qattiq tashvishlandi, chorva mollari nobud bo‘lishidan xavotirga tushishdi. Chunki mollarga ozuqa qolmagandi. Odamlar Abdulmuttalibning uyiga kyolib: “Ka’baning Robbi bo‘lgan Allohga duo qilaylik, yomg‘ir yog‘dirsin. Biz bir necha kundan beri duo qilyapmiz, ammo ijobat bo‘lmayapti”, deyishdi.

Ertasi kuni butun qavm to‘planib tog‘ tomondagi tepalikka chiqdi. Kichkina Muhammad ham ular bilan chiqdi. Abdulmuttalib qo‘lini duoga ochdi: “Ey ushbu Ka’baning Egasi, Ibrohim alayhissalomning Rabbi bo‘lgan Alloh, bizga rahm et, ustimizga yomg‘ir yog‘dirgin”, dedi. Shu payt yonida turgan nabirasiga ko‘zi tushib aytdi: “Mana bu yetim nabiramning hurmatidan bizga yomg‘ir ato qilgin”. Bolaning ham qo‘lchalari duoga ochildi. Osmon musaffo, quyosh charaqlab turar, bir dona ham bulut ko‘rinmasdi. Ammo birdan uzoqdan bulut ko‘zga tashlandi. Abdulmuttalib hayratlanib samoga qaradi. Bulut bir zumda Makka ustiga yetib keldi. Chaqmoq chaqib, momaqaldiroqdan keyin yomg‘ir quya boshladi. Odamlar uylariga borguniga qadar butun ust-boshlari ho‘l bo‘lib ketdi.

Albatta bu voqeaning hikmatini hech kim bilmasdi. Faqatgina Abdulmuttalib berilgan bu ne’mat nur yuzli nabirasi sababli ekanini tushunib turardi.
Vaqt o‘tar, hamisha nabirasini yetaklab yuradigan Abdulmuttalib ham asta-sekin qarib, kuchdan qolib borardi. Bir kuni yosh Muhammad yana og‘ir sinovga duch keldi. Onasidan ayrilgach, bobosi Abdulmuttalibga qattiq o‘rganib qolgan edi. Endi shu mehribon bobodan ham ayrilish arafasida edi. Ota-onam ham, bobom ham siz deb suyangan tog‘idan judo bo‘lish oson emas. Albatta, bu sinovlarning barchasi Allohning irodasi ila sodir bo‘lardi.
Ajali yetganda har bir jonning vafot etishi aniq haqiqat. Alloh taolo hech bir bandasiga “Buning falon ishi bor ekan, tugatib olsin”, “Yetim bolasi bor ekan, katta bo‘lsin”, “Uzatiladigan qizi bor ekan, to‘yini ko‘rsin”, deb muhlat bermaydi.

Abdulmuttalibni ham ajal izlab keldi. Bir kuni bu dunyoni tark etishini yaxshi bilgan Abdulmuttalib nur yuzli nabirasidan ayrilishni istamasdi. Jon berish arafasida atrofiga olazarak boqib “Muhammadim qani?” deb so‘radi. Atrofdagilar sevimli nabirani oldiga olib kelishdi. Abdulmuttalib: “Kel, bolam, oldimda o‘tirsang, biroz yengil bo‘laman”, dedi. Bu nurli nabirasining qo‘llaridan o‘pib, hidlab, bag‘riga bosar ekan, chiroyli ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarni ko‘rib sabri chidamadi.
Qariya hamma farzandlarini to‘plab: “Men vafot etsam, bu nabiramga kim g‘amxo‘rlik qiladi?” deb so‘radi. Hamma amakilari yosh Muhammadni o‘zi bilan birga olib ketishni istadi. Chunki bu bola qayorga borsa, o‘sha yerga fayzu baraka yog‘ilishini yaxshi bilishardi. Abdulmuttalib bu gal nabirasidan so‘radi: “O‘zing nima deysan? Qaysi amaking bilan qolishni xohlaysan?” Go‘dak indamay o‘rnidan turib, halqa bo‘lib o‘tirgan amakilari orasidan Abu Tolibning quchog‘iga bordi. Shu tariqa qaror qabul qilindi. Demak, yosh Muhammad Abu Tolibni tanladi.

Abu Tolib otasi Abdulmuttalib kabi yosh Muhammadni ham, inisi Abdullohni ham juda yaxshi kurardi. Joni uzilayotgan Abdulmuttalib suyukli nabirasining sevikli o‘g‘li Abu Tolib bilan qolayotganidan ko‘ngli to‘ldi. Oxirgi nafasida ham yosh nurli nabirasi yuziga termilib turarkan, Abu Tolibga uni omonat topshirganini, aslo ozor bermaslik va mehrini ayamasligini vasiyat qilib olamdan o‘tdi.
Abdulmuttalibning vafoti butun Quraysh qabilasi, ayniqsa, hoshimiylar xonadoni uchun og‘ir judolik bo‘ldi. Salobatli, aql-farosatli va o‘z qavmi uchun jonini fido etishdan ham qaytmaydigan insondan ayrildilar. Abdulmuttalibning dafn marosimida butun qabila ishtirok etdi. Ular tobutni ko‘tarib ketishar ekan, yosh Muhammadning ko‘zlaridan tinmay yosh oqardi. Bu sinovlarning barchasi Alloh taolo tomonidan yosh Muhammadni payg‘ambarlikka tayyorlash uchun edi. Hammasi ummat, din, siz va biz uchun edi.

“Tasadduq, yo Rasululloh” kitobidan