Dunyoda Islom dinidek inson hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan biror-bir ta'limot yo'q. Alloh taoloning bu haq dini musulmon kishining har qanday holatda ham qanday qilib yo'l tutsa dunyo va oxiratiga manfaat bo'lishini belgilab bergan. Bu narsalarni ba'zan Alloh taoloning O'zi muborak kalomida bayon qilgan bo'lsa, ba'zida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tillari bilan u zotning hadisi shariflarida bayon qilib berilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlarining ko'plab hadislarida ummatning boshiga qiyomatgacha tushadigan fitnalar haqida xabar berganlar.
Doctor Abdulaziz Doxon o'zlarining “Ahdas va ahodisu fitnatil haroj” nomli kitoblarida fitna to'g'risidagi hadislarni jamlab, ulardan quyidagi ma'nolarni chiqarib olganlar:
1) Fitna Alloh taoloning bu ummat va boshqa ummatlar ichida qiyomatgacha bo'ladigan sunnatidir. U zulmatli tun kabi ko'r, soqov, kar bo'lib, uning ichiga kirgan odam dunyo va oxiratda halok bo'ladi. Undan qo'lini tiygan kishilar esa najot topadi. Alloh kimga ilm, taqvo, rushd bermagan bo'lsa, unda inson o'z o'rnini yo'qotib qo'yadi.
2) Fitna haqidagi hadislarda musulmonlar o'rtasidagi urushlar shubhasiz, bo'lishi aytilgan. Buni inkor qilib bo'maydi. Lekin kelgusida bu urushlarni bartaraf etish, musulmon o'lkalarda sodir bo'lgan paytda fitna olovlarni o'chirish uchun ham bu urushlarni sababini bilish lozim bo'ladi.
3) Alloh taoloning bu ummatga rahmatlaridan biri, bu dunyoda ularning gunohlariga kafforot berishi. Urush va fitnalar ularning gunohlari uchun kafforotdir.
4) Fitna haqidagi ba'zi hadislarda bu fitnalarning katta qismi mashriq tarafdan paydo bo'lishi ochiq-oydin aytilgan. Voqe'likda ham xuddi shunday bo'ldi. Chunki birinchi bo'lib fitnaning harakatlari Kufa va Basrada paydo bo'ldi. Jamal fitnasi ham aynan shu erda bo'lgan edi.
5) Fitnalar paytida bir qavmlar o'z dinlarini arzimas dunyo matosiga sotdilar va havoyi nafslariga berilib hukm chiqardilar. Sof islom ahli esa ularning yo'llarida g'aribga aylandi. Dinini mahkam ushlaganlar qo'llarida cho'g' tutgandek, o'zlariga etadigan musibatlarga din yo'lida sabr qildilar.
6) Fitnalar paytida Alloh taolo bir toifa insonlarni saqladi. Ular fitnaga aralashmadilar. Qo'llarini musulmonlarning qonlari bilan bo'lg'amadilar. Balki isloh uchun harakat qildilar.
7) Fitnalar paytida til qilichdan ko'ra xatarli qurolga aylandi. Fitna va balolarni aynan til vujudga keltirdi.
8) Fitnalar paytida ilm kamaydi. Bu naarsa ulomolarning o'limi bilan yoki ularning sukut qilishi yoxud sog' qolishlari uchun insonlardan ajralib chiqishlari bilan yoki bo'lmasa, ba'zi sabablarga ko'ra, insonlar ulardan ajralib qolishlari bilan bo'ldi. Ana shunday paytda insonlar o'zlariga johillarni rais qilib oldilar. Natijada, ular ilmsiz fatvo berib o'zlari ham adashdilar va boshqalarni ham adashtirdilar.
9) Alloh taolo fitna haqidagi hadislarda O'z Rasuli sollallohu alayhi vasallamga u zotning ummatlarini ochlik bilan halok qilmasligi, dushmanlarni qudrati qancha bo'lishidan qat'iy nazar, ummatni ularga doimiy bo'ysindirib qo'ymasligini kafolatini bergan. Lekin Alloh taolo Rasulullohga bu ummat o'zaro ixtilof qilmasligini kafolatini bermagan. Tashqi dushmanlar aynan mana shu eshikdan ummat ichiga kirdilar. Chunki ummat o'zoro ixtilof qilsa, bir-birlari bilan urush qilsa, ularning quvvatlari zaiflashadi-da, dushmanlar uni egallashi uchun imkon tug'ilardi.
TII Modul' ta'lim shakli bitiruvchisi,
Horazm viloyati, Shovot tumani Yusuf Hamadoniy jome masjidi imom-xatibi Shermuhammad Boltayev
Haj safariga borish, Ka’batullohni ziyorat qilish har bir mo‘min-musulmonning orzusi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik sababli vatandoshlarimiz emin-erkin haj amallarini ado etish baxtiga muyassar bo‘lishmoqda.
19 may kuni navbatdagi ziyoratchilar Makkai mukarramaga zamonaviy avtobuslarda yetib keldi.
Hamyurtlarmizni muhtasham Soncrete al-Sahhab mehmonxonasida saudiyalik mutasaddilar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, Jidda shahridagi bosh konsul Sirojiddin Shamsuddinov va bosh konsulxona xodimlari tomonidan katta ehtirom ila kutib olindi.
Alloh taoloning mehmonlariga risoladagidek xizmat ko‘rsatish, ularga qulay sharoitlarni yaratib berish maqsadida barcha imkoniyatlar hozirlandi. Muborak safar mobaynida har bir tadbirlar aniq reja asosida yuksak darajada amalga oshirilmoqda. Tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifatda tashkil etilgan.
Ziyoratchilar umra amalini bajarib bo‘lgach haj ibodati boshlanish sanasi, ya’ni Zulhijja oyining sakkizinchi kuniga qadar Harami sharifda toatu ibodatda bo‘ladilar.
Haq taolo hojilarning hajlarini mabrur, sa’ylarini mashkur, gunohlarini mag‘fur qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati