Inson har tong yangi kunni qarshi olar ekan uning ixtiyoriga 24 soat vaqt beriladi. Bu unga har kuni beriladigan 1.440 daqiqa yoki 86.400 soniyalik fursatdir. O'tayotgan vaqtimiz haqida tafakkur qilib ko'radigan bo'lsak, soat millarining "chiq-chiq"lari, aslida aziz umrimizning to'xtovsiz parchalanib ketayotgan onlari ekanini his etamiz. Ushbu onlar bizning yaxshi yo yomon amallarimizga guvoh bo'lib o'tib bormoqda.
Vaqt sen asrashing kerak bo'lgan eng qimmatli narsadir. Senda esa, u behuda o'tib ketkmoqda.
Dunyoga kelgan xar bir insonning umri vakt ko'rinishida to'xtovsiz o'tib boradi. Bu dunyodan ketish muddati etganda unga bo'ysunib, dunyoni tashlab ketishdan o'zga chora kolmaydi. Ketish vakti esa bugunmi, ertami kachon kelishi insonga noma'lum. Dunyo xayoti bir kundek bo'lib o'tib boradi. Chunki kechagi kun o'tib ketgan kun, ertangi kun esa xali kelmagan. Inson amal kiladigan asosiy kun esa bugunidir.
O'tayotgan xar bir laxza inson xayoti va umrining bir qismidir. U qiyomat kuni insonning foydasiga yo zarariga guvohlik beradi. Ulamolar o'tayotgan vaqt haqida bunday deganlar: “vaqt betaraf bo'lmaydi, yo senga qadrdon do'st yoki ashaddiy raqib bo'ladi”. Ya'ni o'tgan vaqt insonning yo foydasi, yo zarariga hujjat bo'ladi.
Ko'pchilikning vaqtga beparvo bo'lishiga asosiy sabab ularning hayotda maqsadi yo'qligidir. Inson dunyoga nima uchun kelgan, bir martagina beriladigan hayot ne'matini berishdan ko'zlangan buyuk hikmat nimada? Tabiiyki, bu savolga eng to'g'ri javobni insonni yaratgan, unga hayot ato etgan Zotning O'zi berishi mumkin. Mana, o'sha eng to'g'ri javob: «Jin va insonni Menga ibodat qilishlari uchungina yaratdim»(Zoriyot surasi, 56-oyat).
Hasan Basriy rahmatullohi alayh bunday deganlar: Boshlanayotgan har bir kun shunday nido kiladi: “Ey odam bolasi, men yangi kunman, sening amalinga guvohman, mendan foydalanib qol, agar o'tib ketsam, kiyomat kunigacha qaytmayman”.
Umrni qadr-qimmat va nafislikda hech narsa ila o'lchab bo'lmaydi. Agar ming yilni behuda sarflab, so'ng tavba qilib, sizga umringizning oxirida saodat nasib etsa, abadul-abad jannatda yashaysiz. Shunda (siz uchun) eng sharafli narsa oxirgi lahzadagi mana shu hayotingiz ekanini bilasiz. Vaqt eng mukammal ne'matdir. Unda hech qanday ayb yo'q. Aybdor undan foydalanmayotgan insonning o'zidir. Bahouddin Naqshband hazratlari bunday deb marhamat qilganlar: “Kim vaqtini zoye ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi, nafasning zoye bo'lishiga yo'l qo'ymang va undan ehtiyot bo'ling”.
Donishmandlardan biri shunday degan ekan: “Uch kunlik dunyoni bir kun deb hisobla. Bir kun o'tib ketdi, yana bir kuni keladimi, yo'qmi, Alloh biladi. Sen hozirgi kuningni g'animat bilib, harakatdan to'xtama”.
Oqil kishi vaqtga beparvo bo'lishi mutlaqo mumkin emas. Hasis odam mol-dunyoga ziqna bo'lganidek, musulmon kishi ham vaqti bekor ketishiga rozi bo'lmasligi kerak.
Mo'min ikki havotir orasida bo'ladi: tez o'tib ketgan kecha va hali kelmagan erta orasida, kechada Alloh taoloning nima qilganini (ya'ni undan amallarini qabul etgan yo etmaganini) bilmaydi, ertaga Alloh taoloning nima hukm qilishini bilmaydi.
Shunga ko'ra banda o'zi uchun o'zidan foydalanib qolsin, oxirati uchun dunyosidan foydalanib qolsin, qarishidan oldin yoshligidan foydalanib qolsin, o'limidan oldin hayotidan foydalanib qolsin.
Vaqt bu inson ega bo'lgan eng nafis, eng bebaho ne'matdir. Bu “Vaqt oltindek qimmatlidir” degani emas, balki “Vaqt oltindan qimmatlidir” deganidir. Chunki vaqt bu hayotdir, hayotning esa oltindan qimmatli ekani hech kimga sir emas. Qolaversa yo'qotilgan oltinu boyliklarni yana qayta qo'lga kiritish mumkin, yo'qotilgan vaqtni esa aslo qayta qo'lga kiritib bo'lmaydi. Bu haqda bunday deyilgan:
Yoqutlar topilar vaqtlar bilan
Vaqtlar topilmas yoqutlar bilan.
Ha, vaqt sotib olsa bo'ladigan mato emas, balki insonga faqat bir marta beriladigan imkoniyatdir. Alloh taolodan o'tkazayotgan kunlarimizni xayr-barakali qilishini, bugunimizni kechamizdan, ertamizni esa bugunimizdan afzal qilishini so'raymiz. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo barchamiz samimiyat bilan istiqomat qilmoqdamiz alhamdulillah, Allox taolo bu ne'matini bizga bardavom qilsin.
Manbalar asosida Ho'jaobod tumani "Yetti chinor" jome masjidi imom-noibi
Muhammad Quddus Abdulmannon tayyorladi.
Munosabat
Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni xursandchilik ayyomi – Qurbon hayiti bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Mamlakatimizda Qurbon hayiti nafaqat diniy, balki umummilliy bayram sifatida ham keng nishonlanadi. Zero, ushbu kunda yurtdoshlarimiz bir-birini hayit bilan samimiy tabriklab, o‘zaro sovg‘alar ulashadi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, xayriya ishlari amalga oshiriladi.
Shu ma’noda, ushbu qutlug‘ bayram insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi bo‘lish bilan birga, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlik kabi fazilatlarni ham o‘zida mujassam etadi.
Yurtimizda hayit bayramini munosib kutib olish va o‘tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning ko‘p asrlik an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun barcha zarur tayyorgarliklar ko‘riladi, mamlakatimizning barcha hududlarida tom ma’noda bayram shukuhi hukm suradi.
Kezi kelganda yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham katta islohotlar amalga oshirilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilib, soha faoliyati samaradorligi yangi bosqichga chiqarilayotganini alohida qayd etish lozim.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillarda yurtimizning har bir go‘shasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi yakuniga yetib bormoqda, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi qad rostlamoqda.
Yaqinda Prezidentimiz ushbu majmuaga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, zarur ko‘rsatmalar berdi. Zero, bu davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra bilishi, ulug‘ ajdodlarga yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.
E’tiborga sazovor jihatlardan yana biri shuki, Prezidentimiz qo‘ng‘iroq qilib, hojilarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Bundan hojilarimiz behad mamnun bo‘ldi, e’tibor va ehtiromdan xursand bo‘lgan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh bilan duo qildilar.
Arafot maydonida, duolar mustajob bo‘ladigan ayni onlarda Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigini katta hayajon bilan eshitdik. Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, duolar qildik.
Ayniqsa, tabrikda hojilarimiz alohida eslab o‘tilgani ziyoratchilarimizni cheksiz quvontirdi.
Barcha yurtdoshlarimiz qatori hojilarimiz ham ushbu tabrikdagi olijanob g‘oya va tashabbuslarga befarq emasligini izhor qildi.
Tabrikdagi “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob g‘oya barcha jabhalardagi islohotlarning asosi ekanini alohida e’tirof etish va hojilarimizning tashabbuslari ham ushbu g‘oyaga hamohang ekanini qayd etish lozim.
Bu Arafot maydonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hojilarimizning murojaatida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, mazkur murojaatda hojilarimiz yurtga qaytgach, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi Renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Prezidentimizga ko‘makchi bo‘lamiz, deb va’da berdi.
Shuningdek, Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarni targ‘ib etish borasida faol bo‘lishni aytib o‘tdi.
O‘z navbatida, hojilarimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish, xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish kabi tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga ahd qildi.
Aziz yurtdoshlar! Shubhasiz, ushbu shukuhli kunlar tom ma’noda barchamiz uchun katta bayram, xursandchilik onlaridir. Mo‘tabar manbalarda saodatli damlarni shodu xurramlik bilan o‘tkazish bo‘yicha ko‘p tavsiyalar kelgan. Ulamolarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, deyishadi. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatishga shoshilishimiz lozim.
Ushbu fazilatli kunlarda muborak manzillarda turib, ona Vatanimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovon hayot, farzandlarimizga baxtu saodat so‘rab, duolar qilmoqdamiz!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy