Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyul, 2026   |   5 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:26
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:56
Xufton
21:28
Bismillah
19 Iyul, 2026, 5 Safar, 1448

Yaxshiyam borsan, qizim

29.12.2023   1273   3 min.
Yaxshiyam borsan, qizim

Qizim bolaligida men bilan yaqin munosabatda bo'lganiga qaramay, o'smirlik davriga kelib oramiz xiyla uzoqlashganini his qildim. Ora-orada bir-birimizni tushunmay, gapimiz kelishmay qoladigan bo'ldi. Keyin men buning sababi haqida o'ylab ko'rdim. Bildimki, qizim bilan etarlicha muloqotda bo'lib unga etarlicha vaqt ajratyapman-u, lekin unga etarlicha mehr bermayotgan ekanman.

Qizim bilan o'tirib gaplashib olmoqchi bo'ldim. Lekin yaxshilab o'ylab ko'rib bu fikrimdan qaytdim. Yaxshisi unga aytmasdan turib mehr beraman. Unga oldingidan ko'ra samimiyroq, iliqroq munosabatda bo'laman deb qaror qildim.

Har safar uydan chiqib ketishimdan oldin yoki uyga qaytib kelganimda qizimga tabassum qilib peshonasidan, yuzlaridan o'pib qo'yadigan bo'ldim. Qizim maktabidan qaytib kelganida kayfiyatim qanday bo'lishidan qat'i nazar tabassum bilan kutib olishni odat qildim. Qizimga “Sensiz uyimiz huvullab qoldi”, “Seni sog'inib qoldim, qizim” degan gaplarni aytishni kanda qilmadim. Ikkimiz oshxonada ish qilsak “Yaxshiyam sen borsan, qizim, sensiz qiynalib qolardim” deb uni xursand qilardim. Shu arzimagan ishlar qizimni menga tobora yaqinlashtirib bordi.

Bora-bora qizimga yaqinligim shu darajaga etdiki, hatto unga maktublar yozib kitob-daftarlarining orasiga yoki tushligi solingan idishga qistirib qo'yadigan bo'ldim. Bu ishni qizim maktabga borganida uni yaxshi ko'rishim bitilgan maktubimni o'qib xursand bo'lsin, kayfiyati ko'tarilsin deb qilardim.

Oradan bir oy o'tar-o'tmas qizimning menga munosabati tubdan o'zgardi. Endi u mening har bir gapimni jon qulog'i bilan eshitar, menga hadeb qarshilik qilavermas, jerkimas edi. Qolaversa, o'zining ichidagi gaplarini, dugonalariga ham aytmaydigan sirlarini yashirmasdan o'zimga aytadigan bo'ldi. Men esa bir tarafdan shuncha paytdan beri g'aflatda qolib, qizim bilan uzoqlashganim uchun u bilan muloqot qilish rohatidan bebahra qolganimdan afsus cheksam, boshqa tarafdan farzandim bilan oramizdagi masofani yaqinlashtirgan, oramizdagi to'siqlarni ko'targan Allohga hamd aytardim.

Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining

Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Safar oyida to‘y qilsa, safarga chiqsa bo‘ladi(mi?)

15.07.2026   8985   2 min.
Safar oyida to‘y qilsa, safarga chiqsa bo‘ladi(mi?)

Safar oyi qanday oy?

Safar oyi hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha (muharramdan keyingi) yilning ikkinchi oyidir.

Safar qanday ma’noni anglatadi?

Bu oy mevalar g‘arq pishib, barglar sarg‘aygan vaqtga to‘g‘ri kelgani uchun safar صفر – “sariq oy” deb nomlangan. Agar safar so‘zidagi “sod (ص)” harfi “sin (س)” bilan yozilsa “safarga chiqmoq”degan ma’noni anglatadi.

Safar oyi Islomdan oldingi johiliyat davrida.

Johiliyat davrida “Safar oyida yangi ish boshlab bo‘lmaydi, safarga chiqib bo‘lmaydi, oila qurib bo‘lmaydi” kabi shumlanishlar urf bo‘lgan. Hatto biror ishga kirishishdan oldin qush uchirib ko‘rishardi. Qush o‘ng tomonga uchsa, yaxshilikka yo‘yib, ishga kirishishar, chap tomonga uchsa, bu ishda yaxshilik yo‘q ekan, deb tark etishar, bordi-yu to‘g‘riga uchsa, qaytadan uchirib ko‘rishar edi.

Islom dini kelgandan keyin safar oyi – “Yaxshilik oyi” deb nomlandi. Rasululloh sollallohu alayhi vasalam: “Kasallik yuqishi yo‘q, boyqush yo‘q, nav’u yo‘q va safar yo‘q”, dedilar.

Safar oyi to‘g‘risidagi turli bid’at-xurofotlar rad etildi. Oylarning hammasi Alloh taoloning oylari ekani e’lon qilindi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safar oyini qanday o‘tkazganlar?

1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madina shahridagi “Masjidun Nabaviy”masjidlarini safar oyida qurganlar.

2. Qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anhoni Hazrat Ali roziyallohu anhuga safar oyida nikohlaganlar.

3. Aynan shu oyda safarga chiqib, Xaybar qal’asini fath qilganlar.

Demak, bu oyda yangi ish boshlash, oila qurish va safarga qilish joiz ekan.

Ammo, hozirgi kunda…

Afsuski, bugungi kunda ham “safar oyida ish boshlash, to‘y qilish, safarga chiqish xosiyatsiz” degan gaplar tez-tez uchrab turadi. Ularning hech qanday asosi yo‘q ekani Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari va sunnatlaridan ma’lum bo‘ldi.

Eng muhimi – bandaga yetadigan musibat biror oyga bog‘liq bo‘lmaydi. Balki har bir yaxshilik ham, yomonlik ham faqatgina Alloh taoloning izni bilan sodir bo‘ladi. Taqdirga iymon keltirish dinimizning asoslaridan biridir. Inson boshiga tushadigan barcha yaxshilik va yomonliklarni taqdirdan deb bilmog‘i lozim. Alloh taolo: (Insonga) biror musibat yetgan bo‘lsa, albatta, Allohning izni (irodasi) bilangina (yetur). Kimki Allohga iymon keltirsa, (U) uning qalbini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir” (Tag‘obun surasi, 11-oyat), deb marhamat qilgan.

Alloh taolo aqidamizni mustahkam, hidoyatida bardavom qilsin. Safar oyini barchamiz uchun xayrli va barakali bo‘lishini nasib etsin.

Davron NURMUHAMMAD