Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Aprel, 2025   |   21 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:37
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
19 Aprel, 2025, 21 Shavvol, 1446

ShHT SAMARQAND SAMMITI – YaNGI UFQLAR POYDYeVORI

22.09.2022   2767   7 min.
ShHT SAMARQAND SAMMITI –  YaNGI UFQLAR POYDYeVORI

Munosabat

 Joriy yil 15–16 sentyabr' kunlari butun dunyoning diqqati ko'hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga qadaldi. Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar va hukumatlar rahbarlari, diplomatlar, siyosatshunoslar ShHTning navbatdagi 22-sammitida ishtirok etish uchun Sharq gavhari Samarqandda jam bo'lishdi.

Oynai jahon, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ShHT sammitini kuzata turib, bundan olti asr oldin Sohibqiron bobomiz Amir Temur yuritgan odilona siyosatning mantig'iy davomini ko'rdim.

Muhtaram Prezidentimiz ShHT sammitda nutq so'zlab, bunday dedilar: “O'zaro ishonch, adolat va hamjihatlikka talab global miqyosda tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish har qachongidan ham ko'proq talab etilmoqda”.

Darhaqiqat, yaxshilik uzra hamkorlik qilish muqaddas dinimizning ham talabidir. Alloh taolo Qur'oni karimda: «Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz!» (Moida surasi 2-oyat).

Ushbu oyatdagi yaxshilikdan murod uning har qanday ko'rinishidir. U bandalarning dunyo va oxiratdagi barcha manfaatini qamrab olgan. Unda bandalarning o'zlari va Parvardigorlari bilan bog'liq holatlari haqida so'z ketyapti. Chunki banda mana shu ikki holat va ikki majburiyatdan ayro emas. Biri o'zi bilan Alloh o'rtasidagi majburiyat bo'lsa, keyingisi o'zi bilan odamlar o'rtasidagi majburiyatdir.

Inson tabiatan ijtimoiy mavjudot bo'lgani uchun bu olamda yolg'iz hayot kechirishga qodir emas. Shu bois hayoti bardavom bo'lishi uchun ayrim masalalarda o'zgalar bilan hamkorlik qilishga majbur. Alloh taolo odamlar bir-birlari bilan hamkorlik qilishi uchun ularni turli millat va elatlar qilib yaratgan. Chunki o'zaro hamkorlik Odam bolalari orasidagi hayot tarzining eng yaxshisi hisoblanadi. Zero, u saodat, yutuq va faol ijodkorlik uchun asosdir.

O'zaro hamkorlikda ish yuritish yuksak ijtimoiy qadriyat bo'lib, muvaffaqiyat siridir. Shu orqali insonlar o'z maqsadlariga erishadi, jamiyat farovonlik va saodatda hayot kechiradi. Bunday jamiyatda mehr-oqibat, do'stlik va ahllik hukmron bo'ladi. Uning a'zolari farovon hayot, baxtli kelajak uchun o'zaro hamkorlikda va elkama-elka turib kurashadi. Yomonlik va zulmning tizginini tiyib qo'yadi. O'zaro hamkorlik tufayli har bir fuqaro o'zi yashab turgan xalq va jamiyatda qadr-qiymati va o'rni borligini his qilib yashaydi.

Ana shu jihatlarni bugun ShHTga a'zo davlatlarning hamkorligida yaqqol ko'rish mumkin. 3,5 milliarddan ziyodroq aholiga ega ShHTga a'zo davlatlar bugungi kunda har jihatdan mustahkam aloqa o'rnatishi tomonlar manfaatiga xizmat qiladi.

Musulmon kishi o'z birodari bilan hamkorlik qilar ekan, ikkisining harakatiga faollik qo'shiladi. Shu bois ko'zlangan maqsadga tez va ishonch bilan erishadi. Chunki hamkorlik vaqt va mehnatni tejaydi.

Ko'pgina hadisi shariflarda ham yaxshilik va taqvo ishlarida hamkorlikka targ'ib qilinganini ko'ramiz. Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu  alayhi vasallam: “Mo'minlar o'zaro rahmu shafqatda, mehru muhabbatda bir jasad kabidirlar, agar uning bir a'zosi og'rib qolsa, qolgan butun jasad bedorlik va isitma bilan og'riqqa javob beradi”; yana: “Allohning qo'li jamoat bilandir”; yana: “Mo'min mo'min uchun bir-birini tutib turadigan bino kabidir”, deb marhamat qilganlar.

Musulmonlar o'zaro hamkorlikda yashashi uchun Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu  alayhi va sallamning o'zlari barchamizga amaliy ibrat va namuna  bo'lib berganlar. U Zot barcha ishlarda, shodlikda ham, qayg'uli vaziyatlarda ham safdoshlari bilan birga bo'lganlar. Makka mushriklarining barcha tazyiqlari chog'ida haqiqiy iymon egalariga qo'shilib ozor-aziyat chekkanlar. Ilk masjid qurilishida ularga qo'shilib elkalarida g'isht, tuproq va tosh tashiganlar. Handaq jangi kuni el qatori er qaziganlar.

Hamkorlik yaxshilik va taqvo ishlarida bo'ladi. Ya'ni har bir inson ilmi va amali bilan boshqalarga yordamchi bo'ladi. Chunki odam yolg'iz o'zi hamma ishga ham qodir emas. Zero, Alloh taolo insoniyatni bir-biriga bog'liq va ko'makchi qilib yaratgan.

Borliqni yaratgan Alloh taolo insonlarning kuch-qudrati va imkoniyatlarini, iqtidori va ehtiyojlarini ham bir-biridan farqli qilib yaratdi. Shu bois kimdir kuchli, kimdir ojiz, birovi boy, boshqasi kambag'al. Hamma vaqt va hamma zamonlarda, har bir jamiyatda badavlat va qashshoq, olim va johil, kuchli va kuchsizlar tabaqasi mavjud bo'lgan. Shu bois insonlar o'zi yashab turgan jamiyatni saodatli qilishni istasa, bir-biri bilan hamkorlikda yashashi lozim.

O'zaro hamkorlikning samarasi jamiyat hayotida namoyon bo'ladi. A'zolari iqtisod, farzand tarbiyasi va ota-onaga mehribonlik borasida bir-biriga hamkor bo'lgan jamoa baxtli bo'ladi. Odamlari kambag'alga yordam, ilmsizga ta'lim, bemorga shifo, etimga kafillik beradigan, zulmga qarshi kurashadigan va fisq-fasod tarqalishining oldini oladigan jamiyat saodatga erishadi. Unda farovonlik, xotirjamlik barqaror bo'ladi. Fuqarolar o'rtasida mehr-oqibat keng tarqaladi.

Haqiqatan, ShHT sammitini kuzatib, bu tadbirda qabul qilingan qirqdan ziyod hujjatlar, kelishuvlar, memorandumlar – barchasi tashkilotga a'zo davlatlarning manfaatlariga birday xizmat qiladi, inshoalloh.

Muhtaram Yurtboshimiz o'z nutqlarida: “Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligi yo'lida mintaqaviy va global xavfsizlikni ta'minlash maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti yanada izchil rivojlanishiga hamda Tashkilotimiz nufuzining yuksalishiga munosib hissa bo'lib qo'shiladi”, deya ta'kidlaganlari tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlarini ruhlantirib, yangidan-yangi zafarlarga, muvaffaqiyatlarga undashi shubhasiz.

 

Ibrohimjon INOMOV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Do‘stning aybiga ko‘z yumiladimi?

18.04.2025   2599   2 min.
Do‘stning aybiga ko‘z yumiladimi?

Do‘stingiz sizga ayblaringizni aytishi, siz esa hushyor tortib, o‘zingizni o‘nglab olishingiz naqadar go‘zal!
Shu sabab Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Ayblarimni ko‘rsatib qo‘ygan kishiga Alloh rahm qilsin”, degan edilar.

Ulug‘lardan biri aytadi: “Har gal ko‘rishganingizda sizdan bir ayb topadigan birodaringiz, har safargi uchrashuvda qo‘lingizga bitta tillo tanga qistirib qo‘yadigan birodardan ko‘ra yaxshiroqdir”.

Darhaqiqat, ayblaringizni ko‘rsatib qo‘yadigan kishi sizni hadya va mol-dunyoga ko‘mib tashlaydigan kishidan yaxshiroqdir. 

Hotamul Asom aytadi: “Birodaringda birorta ayb ko‘rsang-u, uni berkitib, indamay qo‘yaverasang, shubhasiz, unga xiyonat qilibsan. Mabodo o‘zidan boshqaga aytadigan bo‘lsang, u holda g‘iybat qilibsan. Uning bu aybini yuziga solsang, do‘stligingni buzibsan. Shuning uchun ham unga yumshoqlik ila nasihat qil. Unga aybi nimada ekanini tushuntir. Biroq bu ishlarni odamlarning oldida qila ko‘rma!”.

Imom Shofe’iy aytadilar: “Birodariga maxfiy tarzda pand-nasihat qilgan kishi haqiqiy ma’noda nasihat qilibdi va uning obro‘sini saqlabdi. Kim birodariga oshkora (odamlarning oldida) nasihat qilsa, uni sharmanda qilibdi va obro‘sini to‘kibdi”.

Shoir aytadi:
Yolg‘iz paytim yomg‘ir ayla nasihating, 
Olamonda aslo bunday qila ko‘rma! 
Koyishdir ul jamoatda pand aytganing,
Quloq osmoqqa men hech rozi bo‘lmam!

Leonardo da Vinchi bunday degan: “Do‘stingga maxfiy holda tanbeh beravergin, biroq boshqalarning oldida uni maqtab qo‘y”.

Birodaringizning obro‘sini saqlang, zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kim bir birodarining obro‘sini himoya qilsa, Alloh taolo qiyomat kuni o‘sha kishidan jahannam azobini daf qiladi” . 
O‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladiki, do‘stingizdan ayrilmaslik uchun uning ba’zi kamchiliklarini kechirishingizga to‘g‘ri keladi. 

Shoirlardan biri shunday degan edi:
Do‘stsiz yashamoqdan xavfsirab doim,
Yumib o‘taman kamu ko‘stiga ko‘zim.


Xolid ibn Safvondan “Birodarlaringiz orasida qay biri sizga mahbubroq?” – deb so‘rashganida, u kishi: “Qoqilishimni kechiradigan, kamchiliklarimni qabul qiladigan va xatolarimni berkitadigani”, deb javob bergan ekan. 

Suqrot aytadi: “Do‘sting uchun o‘zingni qurbon qilishing juda ham oson, biroq bu qurbonlikka tom ma’noda haqli bo‘lgan do‘stni topish anchayin mashaqqatdir”. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.