Alloh taolo insonni barcha mahluqotlar ichida eng ulug'i va afzali qilib yaratgan.
Bu haqda Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik”. (Isro surasi 70-oyat).
Demak, insonning yoshi ham, qarisi ham; erkagi ham, ayoli ham Alloh taolo o'zi aziz va mukarram qilgan zotlardandir.
Alloh taolo insonni aziz va mukarram qilishi bilan uni o'zining er yuzidagi o'rinbosari qilib qo'ydi.
Bu haqida Alloh subhanahu va taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
«Esla, vaqtiki Robbing farishtalarga: «Men (odamni) er yuzida xalifa qilmoqchiman», – dedi» (30-oyat)
Demak, Alloh subhanahu va taolo Odamni er yuzida o'zining xalifasi -o'rinbosari bo'lishini iroda qilgan.
Rasululloh sallolohu alayhi vasallam o'zlarining muborak hadisi shariflarida: “Mo'min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir” – degan ekanlar. Bu hadisning sharhida shunday deyiladi, “Farishtalarni Alloh taolo faqat toat-ibodat va ba'zi maxsus vazifalarni ado etish uchungina yaratgan. Shuning uchun ularda aql boru, lekin nafsu shahvat yo'q. Hayvonotda esa, nafsu shahvat boru, lekin aql yo'q. Ammo odamzodda aql ham bor, nafsu shahvat ham bor. Aql uni to'g'ri yo'lga, savobli ishlarga boshlasa, nafsu shahvat faqat nafsni qondirish, shahvoniy hirsni qoniqtirishga va buning uchun har qanday gunohu ma'siyat ishlaridan qaytmaslikka boshlaydi. Agar insonning aqli nafsu shahvatidan g'olib kelib, uning amriga muvofiq harakat qilsa, demak u farishtalardan ham ulug' maqomda yurgan bo'ladi. Bordiyu nafsu shahvati aqlidan g'olib kelib, ularning amriga muvofiq harakat qilsa, demak u hayvonlardan ham past martabada qolgan bo'ladi.”
Alloh taolo insonni o'zi yaratib, uni o'z ixtiyoriga tashlab qo'ymadi , balki insonni o'ziga ibodat , solih amallar qilish hamda insonlarni bir birlariga yaxshiliklar qilishga buyudi.
Bu haqida Alloh taolo Qur'oni karimning “Zoriyot” surasida shunday marhamat qiladi:
«Jin va insni faqatgina Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim.» (56--oyat).
Odamlar va jinlarning yaratilishidan yagona maqsad ularning Allohga ibodat qilishlari ekan.
«Ibodat» so'zi arab tilida bo'ysunish, o'zini past tutish, itoat etish va amrni bajarish ma'nolarini anglatadi. Demak, har bir ishda Allohga bo'ysunish, itoat qilish, Allohning amrlarini bajarish, huzurida o'zini past olish Allohga ibodat qilishni anglatar ekan.
Solih amal qilish - kishini ikki dunyoda yoqimli hayot kechirish baxt- saodatiga sabab bo'ladi . Alloh taolo bu xaqda shunday marhamat qiladi: "erkakmi yoki ayolmi— kimda kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa , bas , biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan go'zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz." ( Nahl surasi 97- oyat ) .
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam o'zlarining hadisi shariflarida o'z ummatlariga ularning bir-birlaridagi haqlarini o'rgatdilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Musulmonning musulmondagi haqqi oltitadir», dedilar.
«Ular qaysilar, ey Allohning Rasuli!? » deyildi.
«Qachon uchratsang, unga salom berishing, qachon seni da'vat (taklif) qilsa, unga ijobat qilishing, qachon sendan nasihat so'rasa, unga nasihat qilishing, qachon aksa ursa va Allohga hamd aytsa, unga yaxshilik tilashing, qachon bemor bo'lsa, uni borib, ko'rishing va qachon vafot etsa, janoza namozida hozir bo'lishing », dedilar».
Shunday ekan, har bir inson buni his qilib , Alloh taolo aziz qilgan insonlarni hurmat qilishi, yana o'z qadrini bilishi, Alloh taologa ko'p shukronalar qilib, uning buyruqlarini bajarib yashashi lozimdir.
Ayni kunlarda jannatmakon Vatanimizda inson omiliga bo'lgan e'tibor va g'amxo'rlik yangi bosqichga ko'tarildi. Hurmat-e'tibor, mehr-muruvvat, ikrom-e'zoz borasida esa asrlarga teng o'zgarishlarga ega bo'linmoqda. Bunga keyingi yillardagi mamlakatimizda inson va uning qadr-qimmatini yuksaltirish borasida ochiqlik hamda shaffoflikka asoslangan islohotlar amalga oshirilayotgani yaqqol misol bo'la oladi. Hususan, aholining kam ta'minlangan qatlamlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar ko'lami kun sayin kengayib bormoqda. Yana shuni ta'kidlash o'rinliki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O'zbekistonimizda olib borayotgan tarixiy ahamiyatga molik islohotlarii qatorida, Inson huquqlari kafolatlari kuchaytirildi, majburiy mehnat, shu jumladan, bolalar mehnati tugatilganligini alohida aytib o'tish joiz.
Ajoyib yurtda, tinchlik-omonlikda yashayapmiz. Ko'z tegmasin, bunga har qancha shukrona qilsak arziydi. Avvalo, inson qadri ulug'. Davlatimiz keksayu yoshga birdek e'tiborda.Bugungi kunda «Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun» tamoyillari asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquqiy va qonuniy manfaatlari ta'minlanayotgani Yangi O'zbekistonimizda keyingi yillarda olib borilayotgan insonparvarlik siyosati dunyo hamjamiyatida e'tirof etilayotgani barchamizni birday quvontiradi va barchamizning g'ayratimizga g'ayrat, shijoat qo'shadi.
Toshkent shahar Chilonzor tumani “Bo'ta buva” masjidi imom xatibi Mirsodiqov Z.
Bir yigit nonvoyning oldiga kelib: -– Amaki, singlimning qorni juda och. Lekin pulimiz yo‘q. Iltimos, unga bir dona non bering. Hech bo‘lmasa bir burda non bering. Pul topishim bilan to‘lab ketaman,– deya yolvora boshladi.
Nonvoy uning gapiga quloq tutay demasdi. Bola ham yolvorishdan to‘xtamay “singlim och, singlim och” derdi.
Oxiri nonvoy: – Bu yerga kelchi? Qani singling? Bu yerga olib kel, – dedi. Bola yugurgancha ko‘chaning narigi tomonida turgan singlisini chaqirdi.
Nonvoy: – Isming nima?, – dedi qizchaga.
Qizcha: – Maryam.
Sotuvchi: – Ochmisan?
Qizcha uyalibgina “Ha” dedi.
Nonvoy: – Men sizlarga ikki dona non beraman.
Yigitcha: – Yo‘q, amaki faqat bir dona so‘radim.
Sotuvchi: – Olaver, olaver uyalma – dedi.
Yigitcha: – Amaki rahmat. Pul topganimda albatta beraman deb xursand bo‘lgan holda ketdi.
Nonvoy: – Qachon sen va singling och qolsangiz darhol mening oldimga kelinglar, – deb yigitning qo‘liga ikkita non berdi.
Aka-uka, opa-singlingiz bormi? Ularning doim qadriga yeting. Ularning haqqiga duo qiling. Hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsa ham, hollaridan xabar oling. Vaqti soati kelganda ularni topolmay qolishingiz mumkin.
Akbarshoh RASULOV tarjimasi