O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari, taniqli ulamo Homidjon qori Ishmatbekovning navbatdagi dolzarb mavzudagi kitobi nashr etildi.
Muhtaram ustoz Homidjon qori Ishmatbekovning "Islom – ma'rifat dini" deb nomlangan yangi kitobiga muallif tomonidan eng dolzarb mavzularda yozilgan maqolalari jamlangan.
Kitobga kiritilgan maqolalar mavzusi hamda ularda ko'tarilgan masalalarning qiziqarli, ishonchli bayon etilgani, ochiq-oydin hujjatlar bilan dalillangani bilan ajralib turadi.
To'plamning ahamiyatli jihati, muallif ilm, olimlar, ramazon, tavba, mavlid, Rasulullohga muhabbat, Qur'on qissalari, sabr, duo, qurbonlik, zakot, sadaqa, oila, taloq, qiyos ilmi kabi mavzularni yoritishda Qur'oni karim oyatlari va hadisi shariflar, hikmatlar, ulamolar so'zlari ila daqiqlik bilan, atroflicha, tushunarli holda bayon etadi. Ushbu kitob o'quvchini hayotni ilmu ma'rifatsiz tasavvur qilib bo'lmasligini tushunib etishga undaydi.
Zero, ma'rifat – bandaning ikki dunyosini yorituvchi nur. Islomiy ma'rifat vositasida biz dunyo va oxiratimiz najoti sari yo'l topamiz. Shu ma'rifat orqali Robbimizni, Uning qudratini, maxluqotlarini taniymiz, ilohiy Kalomning hikmatini anglaymiz.
Ana shunday ma'rifatdan bahramand bo'lgan oriflar jamiyatida nafaqat insonga, balki hayvonotga, jamodotga, bir so'z bilan aytganda butun jonli va jonsiz mavjudotga go'zal muomalada bo'linadi. Chunki ma'rifatli insongina hayotdagi o'z o'rni va vazifasini anglaydi.
Alloh taolo ushbu yangi kitobni xalqimizga muborak, o'qiganlarga manfaatli aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Er-xotin uzoq vaqt birga hayot kechirishdi. Turmushlariga 30 yil to‘lgan kuni ayol ertalabki nonushta uchun non pishirdi. Aslida u bu ishini har doim qilardi. Ayol odatiga ko‘ra eriga nonning tepa qismini bermoqchi bo‘ldi. Biroz o‘ylanib turdi-da: “Bugun bir marta nonning tepa qismini o‘zimga olib, tag qismini erimga beraman. 30 yil mobaynida nonning tepa qismini yegim keldi. Endi bir marta odatga xilof qilsam bo‘lar”, deb o‘yladi. Eriga nonning tag qismini uzatdi. Erining nonning tag qismini olishi bilan quvonib ketdi: “Bugun qanday ham zo‘r sovg‘a berding. Men o‘zi yoshligimdan nonning tagini yeyishni yaxshi ko‘raman. Lekin menga ustini berganing uchun sen ham tag qismini yaxshi ko‘rsang kerak, deb doim tepa qismini yerdim”, dedi.
Xulosa shuki, birgalikdagi hayot davomida bir-birini avaylash, o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani boshqaga ham ilinish juda go‘zal fazilatdir.
Ramazon oyida saharlik va iftorlik paytlari shirin taomlar tayyorlab berayotgan onalarimiz, jufti halollarimizning haqlariga duo qilaylik. Tarovihlar, xatmlar so‘ngida o‘zimizga tilagan tilaklarni ularga ham ilinaylik! Zero, o‘ziga ravo ko‘rganini boshqaga ham ravo ko‘rmaguncha iymonimiz komil bo‘lmasligi haqida hadisi sharif bor.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha komil mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).
Akbarshoh Rasulov