Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

Ustoz kim?

06.09.2022   3462   12 min.
Ustoz kim?

Rivoyat qilinishicha, odamzotning ko'ngliga uch narsa hech urmas, ya'ni inson 3 narsadan aslo bezor bo'lmas, doimo ardoqlar ekan. Birinchisi er uchun ayol, ayol uchun er. Chunki, ayol Odam Atoning qovurg'asidan, ya'ni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha a'zo yo'q. Hech kim biron a'zosidan voz kecholmagani kabi ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan. Ikkinchisiesa narsa – rizq-ro'zi, yashash omili bo'lgan non ekan. Mana necha ming-ming yillar o'tsa ham Odam Ato va Momo Havo ilk bor ta'mini tatib ko'rgan bug'doy hamon ularning avlodlari nasibasi bo'lib xizmat kilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non o'rnini bosolmasligi barchaga ayon. Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulug'  narsa bu kitobdir. Zero, Qur'ondagi dastlabki oyat «Iqra!»O'qing!») ekanligi, ulug' Payg'ambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'qishni o'rganib, Allohning so'zlaridan xabardor bo'lib, ularni xalqqa etkazgani, musulmonlar diliga singdirgani ma'lumdir.

Kitobning Muqaddasligi shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan o'sadilar, ma'nan sog'lom bo'ladilar, axloqiy kamol topadilar. Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy o'rinni yorug' olamning gultoji  – Inson, uning rizq-ro'zi Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining o'rin olishi bejiz emas.

Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrug'i «O'qing!» ekan,  demak Islom dini – eng avvalo ma'rifat dini ekan. «Ma'rifat» so'zi arab tilidan tarjima qilinganda «kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta'lim-tarbiya»; «maorif» degan ma'nolarni anglatadi.

Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi bo'lmish Qur'oni Karimning ettidan bir qismi faqat ilm mavzusiga doir masalalardan iboratdir.

Alloh taboraka va taolo O'zining Kalomi majidi – Qur'oni karimda va Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida ulug'lab e'zozlagan etti toifa insonlarni har bir mo'min-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:

1) ota;

2) ona;

3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-xunar o'rgatgan inson);

4) olim (faqat diniy yo'nalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning O'zidir);

5) Qur'oni karimdan xabardor kishi;

6) mo'ysafid odam;

7) adolatli rahbar.

Ma'lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o'rni beqiyos. Chunki, hammaga ma'lumki, insoniyatning eng birinchi Ustozi – bu ALLOH Taoloning o'zidir. Bunga quyidagi oyat misoldir:

“Alloh Odamga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni o'rgatdi. So'ngra ularni farishtalarga birma-bir ko'rsatib dedi: “Agar e'tirozingizda rostgo'y bo'lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!”  (Qur'oni karim Baqara surasi 31 oyat),

Musulmonlarning insonlar ichida eng buyuk ustoziPAYG'AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR!

Har bir inson zoti uchun esa eng birinchi ustoziuning OTA-ONASIDIR! Undan keyingisi esa xat qalamni o'rgatgan, oq-qorani tanitgan ustozlardir.

Shuning uchun ham har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam «Ustozlar va murabbiylar» bayram kunida ham eng birinchi bo'lib o'zining doimiy peshqadamlari bo'lmish o'z ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini ko'ngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand bo'lishga shoshiladi.  

O'zgalarga ilm o'rgatish, ma'rifat ziyosini tarqatish, nihoyatda savobli amaldur. Bunday ma'suliyatli vazifaga mutasaddi bo'lgan insonlarning darajasi ham buyukdir. Darhaqiqat, kishida ilm o'z-o'zidan paydo bo'lib qolmaydi. Albatta,  buning uchun ustoz zarurdir. Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulug' bo'lsa, ilm o'rgatish, yani ustozlik kilishining fazilati undan buyukdir.

O'qituvchi va murabbiylar ana shunday etuk mutaxassis yoshlarni tarbiyalab voyaga etkazadi. Dunyoda ming-minglab kasblar borki, ularning orasidagi buyuk kasblardan biri o'qituvchilikdir. Qur'oni Karim oyatlarida va Hadisi shariflarda ilmiga amal qiluvchi olimlar, ustozlarni hurmat, qilish, e'zozlash haqida juda ko'p ko'rsatmalar berilgan. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarning darajalarini yuqoriga ko'tarur. Albatta Alloh nima qilayotganlaringizdan xabardordur”. (“Mujodala” surasi (11- oyat.)

Ushbu oyati karima tafsirida Ibi Abbos (r.a) bunday deganlar: “Olimlarning darajasi ilmsiz insonlarning darajasidan 700 daraja yuqoridir. Har bir darajaning orasi 500 yillik masofaga tengdir”.

Yangi o'quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug' va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish bo'lmish – ilm olishga kirishdilar. Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg'ayishida, ilm olib, bilimli bo'lishlarida ko'p jihatlariga e'tibor berishni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.

Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma'rifatparvar, ulug'vor va donishmand xalqining Qur'oni Karim va hadisi shariflarga uyg'unlashib ketgan, hatto maqollari ham insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulug'lashga undaydi, ustozlarni hurmatlashga targ'ib etadi. Ustozning maqomini mutafakkirlarning mutafakkiri Alisher Navoiy hazratlari quyidagicha tavsiflaganlar:

“Haq yo'linda kim sanga bir harf o'rgatmish ranj ila,

      Aylamoq kerak oning haqqin yuz ming ganj ila”.

 

Yana bir shoir «Ustoz» haqida bunday qalam tebratadi:

Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy

Sayr aylamakni qildi ixtiyor.

Mulozimlar ila chiqdilar yo'lga

Va kichik bolaga keldilar duchor.

O'shanda Navoiy  otidan tushib,

O'sha yosh bolaga qilibdi ta'zim.

Mulozimlar hayron, a'yonlari lol

Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.

Bir a'yon qo'lini ko'ksiga qo'yib,

So'rabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?

Siz bolaga emas, balki u sizga qilib ta'zim,

Salom berishi dushvor!»

Navoiy debdiki, men ko'rgan bola

Ustozimbolaning bobosi edi.

Olislarda qolib ketgan damlarning

Uzoqlardan kelgan sadosi edi…

Ustozim men uchun otadan ulug',

Shuningchun bolaga qildim men ta'zim.

Ustozimdan qolgan nevarasiga

Salom bermasligimgunohu azim!

Halqimizda “Ustoz otadek ulug'!” va “Ustoz otangdan ulug'!” deb aytishlarida ham juda ko'p ma'nolar bor. Zero, bu ulug' hikmatlar elning necha ming elagidan o'tib,  keyin muomalaga qo'yilgan.

Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Alloh taolo Qur'oni karimda buyurgan, Janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida tavsiya etgan, o'tganlarimizni ruxlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon INOMOV, 

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ashuro ro‘zasining fazilati

04.07.2025   2898   2 min.
Ashuro ro‘zasining fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aslamlik bir kishiga odamlar ichida «Kim biron narsa yegan bo‘lsa, kunning qolganida ro‘za tutsin, kim yemagan bo‘lsa, u ham ro‘za tutsin, chunki bugun Ashuro kuni», deb jar solishga buyurdilar».

Ikki Shayx va Nasaiylar rivoyat qilishgan.

Rubayyi’ bint Mu’avviz ibn Afro roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashuro kuni ertalab Madina atrofidagi ansorlarning qishloqlariga odam yuborib, «Kim ro‘za tutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, ro‘zasini tugal qilsin. Kim og‘zi ochiq holda tong ottirgan bo‘lsa, kunining qolganini (ro‘za bilan) tugal qilsin», dedilar.

Shundan keyin biz uning ro‘zasini tutadigan va yosh bolalarimizga ham Alloh xohlaganicha tuttiradigan bo‘ldik. Masjidga borib, ularga yungdan o‘yinchoq qilib berar edik. Birortasi ovqat deb yig‘lasa, iftorgacha unga o‘shani berar edik».

Muslim rivoyat qilgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kunining hamda ushbu oy, ya’ni Ramazon oyining ro‘zasidan tashqari biror kunni boshqasidan afzal ko‘rib, ro‘za tutishga qasd qilganlarini ko‘rmadim».

Ikki Shayx rivoyat qilgan.

Izoh: Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon Ashuro kuni kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib turar ekanlar. Boshqa biror kunning ro‘zasini tutish uchun bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar.

Shuningdek, Ramazon oyini ham qachon kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib kutar ekanlar. Boshqa biror oyning ro‘zasini tutishni bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar. U kishining ummatlari, ya’ni bizlar ham shunday bo‘lishimiz lozim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharramdadir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘zidan oldingi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.