Joriy yilning 5 sentyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o'rta maxsus islom ta'lim muassasalarida yangi 2022-2023 o'quv yili boshlandi. Shu munosabat barcha ta'lim muassasalarida O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi hamda 2022-2023 o'quv yilining ochilishi munosabati bilan “Yangi O'zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida tadbirlar o'tkazildi.
Bunday tadbir Toshkent islom institutida ham bo'lib o'tdi. Uni Toshkent islom instituti rektori Uyg'un domla G'afurov ochib berdi. Shuningdek, 2022-2023 o'quv yilining ochilishi munosabati bilan o'qituvchi va talabalarni muborakbod etish uchun O'MI Ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi mudiri Salohiddin Sherxonov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy so'zga chiqib, yangi o'quv yilida barchaga muvaffaqiyat tiladi. Shu bilan birga ilmning fazli haqida so'z yuritdilar.
Tadbir so'ngida o'quv yilining barakali boshlanishi, talabalarning ilm yo'lida muvaffaqiyatlarga erishishlari hamda yurtimiz faravonligi va tinchligini Alloh taolodan so'rab duolar qilindi.
Bunday bayromona yig'ilish «Ko'kaldosh» o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida ham bo'lib o'tdi. Tadbirga O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari O'tkir Hasanboyev, Ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi mudir o'rinbosari Akbar Do'smatov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita Ta'lim bo'limi mas'ul xodimi Nusratullo Nodirov hamda talabalarning ota-onalari va faxriy ustozlar taklif etildi.
Tadbir davomida so'nggi yillarda diniy-ma'rifiy sohada erishilgan yutuqlar haqida so'z yuritilib, barcha din vakillariga bir xil sharoitlar yaratilgani, ajdodlarimiz asarlari avlodlarga etkazish uchun keng ko'lamda ishlar olib borayotgani ta'kidlandi. Ayniqsa, diniy ta'lim sohasida erishilgan yutuqlar birma-bir tilga olindi.
Shuningdek, yig'ilish so'ngida talabalik sharafiga muyassar bo'lgan yoshlarga pandu-nasihatlar berilib, Qur'oni karim tilovat qilindi va xayrli duolar o'qildi.
Qayd etish joizki, yangi o'quv yilining ilk darsi – O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yillik bayramiga bag'ishlangan “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhmurid va yaqinlariga «safar qilsangiz va yukingiz sizga bepul olib ketishingizga ruxsat bergan miqdordan ortiq bo‘lsa, albatta, ortiqcha yukning haqqini ado eting va keyin safar qiling», deya ko‘rsatma berar edilar.
Bir kuni u kishi safar qilish uchun vokzalga yetib keldilar. Poyezd kelishiga yaqin qolgan edi. Hazrat yuklarini olib, yuklar tortiladigan joyga yetib keldilar va navbatga turdilar. Tasodifan poyezdda birga ketadigan konduktor u yerga keldi va hazratni tanib qoldi. Darhol: «Hazrat, siz bu yerda nega turibsiz?» deb so‘radi.
Hazrat: «Yukimni torttirish uchun kelganman», dedilar.
Konduktor: «Sizga yukingizni torttirishga zarurat yo‘q. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Men siz bilan birga poyezdda ketaman. Ortiqcha yuk uchun haq to‘lashingiz shart emas», dedi.
Hazrat: «Siz men bilan birga qayergacha borasiz?» deb so‘radilar.
Konduktor: «Falon bekatgacha boraman», dedi.
Hazrat: «Keyin u yog‘iga nima bo‘ladi?» deb so‘radilar. Konduktor: «U bekatda boshqa konduktor keladi. Men unga bu hazratning yuklari, deb aytib qo‘yaman», dedi.
Hazrat: «U konduktor men bilan birga qayergacha boradi?» deb so‘radilar.
Konduktor: «U uzoqqa ketadi. Undan ancha oldin sizning bekatingiz keladi», dedi.
Hazrat: «Yo‘q, men ancha uzoqqa ketaman, oxirat tarafga ketaman, qabrimga ketaman. Qaysi konduktor men bilan birga ketadi?» dedilar. Keyin: «Oxiratda mendan bir davlatga oid poyezdda yukning haqqini ado qilmay qilgan safaring va o‘g‘irliging hisobini ber degan talab bo‘lsa, u yerda qaysi konduktor menga yordam bera oladi?!» dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan