Ayrimlar sunnatning o'tmishdan ishonchligi ekaniga shubha uyg'otuvchi fitna urug'larini tarqatishga intiladi. Ularning fikricha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlari qadimdan bugungacha barcha zamonlar va xalqlar uchun ahamiyatga ega bo'lsada, ammo ishonchli holda saqlanib qolmagan emish. Ular yana: "Qur'ondan boshqa biror hadis kitobi ishonchli tarzda saqlanib qolmagan. Turli to'plamlarda bir-biriga zid rivoyatlar bor. Qolaversa, ular hijriy III asrdan boshlab yozila boshlagan va biz dastlabki uch asr davomida yozilmagan xabarlarga ishonmaymiz", deyishadi.
Bu da'volarning barchasi asossizdir. Keling, ularni birma-bir tahlil qilib chiqaylik.
Payg'ambarga itoat qilish barcha musulmonlar uchun farz ekanligini tan olib, sunnatga qarshi bo'lganlar bir vaqtning o'zida hadislarni ishonchsiz deb e'lon qiladilar.
Bu qanday mantiqsizlik?! Alloh bizga Payg'ambarga ergashishni buyurgan, lekin amalda buning uchun hech qanday sharoit yaratmaganmi?
Alloh taolo bizga toqatimizdan tashqari biror narsani bajarishga amr qilganmi? Javobi aniq – yo'q.
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qilgan:
﴿لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا﴾
“Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas”(Baqara surasi, 286-oyat).
Alloh taolo asli bo'lmagan yoki nima ekanligi tushunarsiz bo'lgan bir ishni qilishga buyurishini tasavvur qilib bo'lmaydi. Agar Alloh bizga Payg'ambar sunnatiga amal qilishni buyurgan bo'lsa, demak, sunnat ishonchsiz emas va Alloh uni biz uchun ishonchli holda saqlagan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ﴾
“Albatta, zikrni Biz nozil qildik va albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz”(Hijr surasi, 9-oyat).
Alloh taolo bu oyatda Qur'onni saqlashga va'da bermoqda. Bundan Qur'on biror o'zgartirishsiz, buzilmagan holda avloddan-avlodga asl holatda saqlanib qolishi ma'lum bo'ladi.
Endi o'zimizga-o'zimiz “Bu ilohiy saqlash faqatgina Qur'on oyatlari bilan chegaralanganmi yoki ayni vaqtda uning haqiqiy ma'nolariga ham tegishlimi?” degan savolni beraylik.
Agar yuqorida isbotlangani kabi Qur'onni to'g'ri tushunish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sharhlari zarur bo'lsa, unda bu sharhlar ham saqlanmasdan faqat Qur'on lafzlarining o'zi saqlansa maqsadga qanchalik xizmat qila oladi?
Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi:
﴿بِالْبَيِّنَاتِ وَالزُّبُرِ وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ﴾
“Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o'zlariga bayon qilib berishing uchun zikrni nozil qildik. Shoyadki, tafakkur qilsalar”(Nahl surasi, 44-oyat).
Insonlar Qur'oni karim oyatlaridan faqatgina Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sharhlashlaridan foydalana oladilar. Shuning uchun ham, Alloh taolo Qur'onni o'zgarishsiz qoldirgan, uni Payg'ambarimiz tomonidan noto'g'ri sharhlash va izohlashga yo'l qo'ymagan. Rasulullohning sharhlashlari ham ilohiy himoyada va uni hech kim o'zgartira olmaydi.
Shuning uchun, agar kimdir Payg'ambar tomonidan Qur'oni karimni sharhlash zarurligini tan olsa, ammo bu sharhlashlar bugungi kunda mavjud emas deb aytsa mantiqsizlikdir. Yana bu ilohiy hikmatning inkor qilishga teng bo'ladi. Agar Yaratuvchi sunnatni zarur degan bo'lsa, U uning saqlanishini ham ta'minlaydi.
Shuning uchun, ilohiy qonunni to'g'ri tushunish uchun zarur bo'lgan Payg'ambarimizning sunnatlari doimo o'zgarishsiz qoladi. Sunnatning sahihligi haqidagi barcha e'tirozlarni faqat shu sabab bilan rad etish mumkin.
Shunga qaramay, ummatning Payg'ambarimiz sunnatini saqlab qolish uchun ko'rgan choralari haqida qisqacha ma'lumot berishni lozim deb bilamiz.
Bu erda keltiradigan ma'lumotlarimiz keng qamrovli emas. Yagona maqsad – ba'zi asosiy dalillarni ajratib ko'rsatish, ularning ob'ektiv tahlili orqali sunnatning haqiqiyligi to'g'risida xulosa chiqarish imkonini berish.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism, 8-qism, 9-qism, 10-qism, 11-qism, 12-qism, Davomi bor...
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati