Shu yilning 25-27 dekabr' kunlari Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida “Islomda ayollar va bolalar huquqi hamda ularni zo'ravonlikdan himoya qilish” mavzuida xalqaro anjuman bo'lib o'tdi.
Ushbu nufuzli tadbir Al-Azhar universitetining Ta'lim va aholishunoslik masalalari bo'yicha islomiy davlatlar markazi hamda O'zbekistondagi tegishli tashkilotlar tomonidan tashkil etildi. Hususan, unda O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamosi Hikmatulloh domla Toshtemirov, Idora Hotin-qizlar bo'limi mudiri Maryam Abdullayeva ham qatnashdi.
Anjumanda muqaddas Islom dinida ayollar va bolalar huquqlariga alohida ehtibor qaratilishi, xususan, bugungi kunda aksariyat davlatlarda bu normalar qonun darajasida mustahkamlab qo'yilgani ta'kidlandi. Qolaversa, ularning xavfsiz sharoitlarda istiqomat qilishi, munosib ta'lim-tarbiya olishi kafolatlab qo'yilgan.
Tashrif asnosida O'zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo'yicha qo'mita vakillaridan iborat delegatsiya a'zolari Al-Azhar universiteti raisi doktor Salama Dovud hamda Al-Azhar universitetining Aholishunoslik va xalqaro Islom tadqiqot markazi direktori doktor Jamol Abu Surur bilan uchrashdi.
Azhari sharif shayxi doktor Ahmad Toyyib boshchiligida faoliyat yuritayotgan keng qamrovli Al-Azhar universiteti dunyoda islomiy bilimlar yo'nalishida eng ko'p talabalarga ta'lim beradigan universitet bo'lib, bu dargohning eshiklari hamisha dunyoning turli burchaklaridan kelganlar uchun ochiq.
Universitet raisi doktor Salama Dovud delegatsiyani nufuzli markaz Al-Azhar universiteti qoshidagi Aholishunoslik va xalqaro Islom tadqiqot markaziga tashrif buyurganlari munosabati bilan qutladi. Doktor Ahmad Toyyibning ishtirokchilarga yo'llagan salomlarini etkazdi.
Ayollar va bolalarga nisbatan zo'ravonlik muammolariga qarshi kurashish hamda ularni hal qilish masalalariga bag'ishlangan 3 kun davom etadigan o'quv kurslariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Tinglovchilar ushbu malaka oshirish kurslarida Din asoslari fakul'tetining sobiq dekani Ibrohim Hudhud, Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot akademiyasi a'zosi, doktor Abdul Fattoh Avariy hamda Magistratura bo'limining sobiq dekani doktor Abdulloh Najjarning qimmatli ilmiy ma'ruzalaridan bahra oldilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati