Musulmonlar orasida turli ixtiloflarni qo‘zg‘ayotgan bemazhablarning faoliyatlari ham o‘ziga xos. Odatda, ixtilofni qo‘zigan shaxs odamlarga ko‘rinmaydi. Balki o‘z odamini yuborib, «falonchiga mana bu savolni ber, u unday desa, sen bunday degin» qabilida gap o‘rgatadi. Haligi odam uning aytganini qilib, musulmonlar ichida ixtilof qo‘zg‘aydi. Bu holat bir emas, bir necha kishidan, bir necha marta takrorlangandan keyin, ixtilof tarqalib, o‘z kuchini ko‘rsata boshlaydi. Ba’zi odamlar, biz noto‘g‘ri ish qilayotgan ekanmiz deb, ixtilofchiga yergashadi. Boshqalari shubhaga tushadi. Uchinchisi: «Shu paytgacha qilgan ibodatimiz nima bo‘ldi?» deydi va hokazo. Oxiri, odamlar orasida katta noxushlik sodir bo‘ladi.
Bu paytda ixtilofchilarning «mulla»si o‘zining yugurdaklariga yana boshqa bir ixtilofni o‘rgatib, ularni kishilar ichiga yuborishga tayyorlayotgan bo‘ladi. Yugurdaklar esa, o‘zlariga aytilgan, ixtilof qo‘zg‘ash uchun to‘qilgan safsatani to‘tiqushdek takrorlashga oshiqayotgan bo‘ladilar. Ammo asta-sekin ularning sirlari fosh bo‘lib, basharalari ko‘pchilik ichida namoyon bo‘lmoqda.
Muhtaram imom domlalarimizdan birlari masjidda namozxonlarga bir masalani bayon qilibdi. U kishining oldiga bir odam kelib: «Siz xato qildingiz, aslida bunday bo‘ladi», debdi. Domla: «Bu gapni qayerdan oldingiz?» desa, «kitobda bor», debdi. Imom domla: «O‘sha kitobni olib keling, o‘qib ko‘raylik», debdi. Haligi odam kitobni olib kelib, mazkur masala yozilgan joyini qo‘li bilan ko‘rsatibdi. Domla o‘qib ko‘rsalar, «Bu masalada mana bu gapni aytganlar ham bor», deb ixtilofchining gapi yozilgan va davomida: «Ammo bu gapning to‘g‘risi bunday», deb domlaning gapi yozilgan ekan. Domla: «Mana, men aytgan gap to‘g‘ri ekan-ku», deb ko‘rsatsalar, ixtilofchi: «Men o‘qishni bilmayman», der emish. Arab tilini bilmaydigan odam o‘sha tildagi kitobni ko‘tarib olib, olim odam bilan tortishgani kelibdi!
Keyinchalik, ma’lum bo‘lishicha, ixtilofchilarning «mulla»lariga ham ko‘rsatmalar chet eldagi xo‘jayinlaridan kelar ekan. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, dunyo musulmonlari orasida ixtilof qo‘zg‘ash ishlari xalqaro markazdan boshqarib borilmoqda. Endilikda ixtilofchi bemazhablarning «mulla»lariga markazdan faks, elektron pochtada yoki internet orqali ko‘rsatmalar kelmoqda. Ular mazkur ko‘rsatmalarni tarjima qilib, yugurdaklarni ko‘tarib olib, mo‘min-musulmonlar ichida ixtilof urug‘ini sochmoqdalar. Ushbu satrlarda zikr qilinayotgan ixtiloflar nafaqat O‘zbekiston, O‘rta Osiyo yoki MDH davlatlarida, balki butun dunyoda musulmonlarning boshini qotirmoqda. Biz «ixtilofchilar» va «Bemazhablar» deb atayotgan muxoliflarimiz kimlar?
© Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh. “Ixtiloflar sabablar yechimlar" kitobidan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘lim bir eshik. Barcha insonlar undan o‘tadi. Eh koshki, bu eshikka kirgandan keyin mening uyim qanaqaligi ma’lum bo‘lsa?!
Birodar! Qarang, qabrdagilar bir-birlariga juda yaqin yotishibdi. Lekin ular sirtdan yaqin qo‘shni. Aslida esa, bir-birlarining yoniga ham bora olmaydilar.
Usmon roziyallohu anhu qachon qabr yonidan o‘tsalar, shu darajada yig‘lar edilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketardi.
U kishidan: "Siz nega jannat va do‘zaxni esga olganingizda yig‘lamaysiz. Lekin qabrni ko‘rib yig‘laysiz?" deb so‘rashdi. U kishi shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qabr oxiratning ilk manzilidir", deganlar. Shunga ko‘ra, agar mayyit qabrdagi azobdan najot topsa, undan keyingi hayot oson bo‘ladi. Agar qabrdagi azobdan najot topa olmasa, u holda undan keyingi hayot qiyin bo‘ladi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men qabrdan ko‘ra daxshatliroq biror manzarani ko‘rmadim", deganlar.
Biz uchun bu qabrlarda ibrat yo‘qmi? Qarang, boy ham, faqir ham, zo‘ravon ham, kuchsiz ham, oq tanli ham, qora tanli ham, podshoh ham, fuqaro ham barcha barobar yotibdi. Ular dunyoga qaytishni xohlaydilar. Boylik jamlash yoki qasr qurish uchun emas, balki, koshki men bir namoz o‘qish uchun muhlat topsam, koshki bizga bir martagina "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa, deb, shu amallarni qilish uchun dunyoga qaytishni xohlaydilar. Lekin endi iloji yo‘q. Nomai a’mol yopilib bo‘ldi. Ruh jismdan chiqqan. Hayot muhlati tugab bo‘lgan. Endi har bir mayyit o‘z amalining garovi o‘laroq qabrida yotibdi...
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan