Saudiya Arabistoni Ikki muqaddas masjid ishlari bo'yicha Bosh boshqarmasi BMTning “Butunjahon gumanitar yordam kuni” munosabati bilan “Masjid xizmatchilari – insoniyat elchilari” dasturini ishga tushirdi, deya xabar beradi islam.ru Saudiya matbuot agentligiga tayanib.
Dastur Makka va Madina shaharlaridagi ikki muqaddas masjid va boshqa joylarda keksalar va imkoniyati cheklangan insonlarga o'z ibodatlarini bajarishda yordam berayotgan ko'ngillilarni e'zozlashga qaratilgan.
Odatda, bunday ko'ngilli insonlar ziyoratchilar uchun nogironlik aravachalarini bepul etkazib berishadi va har dushanba va payshanba kunlari iftorlik tarqatishda ishtirok etadilar.
Boshqarmaning ijtimoiy, ko'ngillilar va gumanitar masalalar bo'yicha vakili Shayx Holid bin Fahad Al Shalaviyning aytishicha, Saudiya Arabistoni butun dunyo bo'ylab muhtojlarga yordam berish uchun o'z hayotini xavf ostiga qo'ygan ishchilar va ko'ngillilarga hurmat bajo keltirish uchun “Jahon gumanitar yordam kunini nishonlamoqda”. Shuningdek, bu yoshlarning ogohligini oshirib, yordam ishlariga jalb qilishga undaydi, deydi u.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yilning 22-23 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Toshkent shahri, viloyat vakilliklari boshchiligida 2 119 ta masjidda tozalash va obodonlashtirish ishlari tashkil etildi.
Xonaqohlar, tahoratxona va qo‘shimcha binolarda tozalash ishlari olib borilib, mo‘min-musulmonlar ibodat qilishlari uchun yaxshi sharoitlar hozirlandi. Ramazon oyi davomida masjidlarni toza va shinam saqlash, ovoz kuchaytirgichlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash choralari ko‘rildi.
Mutasaddi tashkilotlar va yong‘in xavfsizligi idoralari bilan hamkorlikda Ramazon tadbirlarini o‘tkazish uchun masjid binolarining texnik holatlari o‘rganilib, favqulodda holatlar bo‘lib qolgan taqdirda fuqarolarni ko‘chirish rejasi, elektr, gaz jihozlari sozligi va boshqa jihatlardan o‘rganildi.
Hashar davomida masjid, ziyoratgoh va qabristonlar chiqindilardan tozalandi, ekin yerlariga ishlov berildi, daraxtlar butalib, taglari oqlandi, ariqlar tozalandi. Manzarali, mevali daraxt hamda gul ko‘chatlari o‘tkazildi.
Jumladan, 43 000 tupga yaqin gullar, mevali va manzarali daraxtlar ekildi, ular atrofidagi 31 ming 700 metr ariqlar tozalandi. 21 ming 290 tup daraxt oqlanib, shakl berildi. Bu ishlarga 530 ta texnika jalb qilindi. Obodonlashtirish ishlarida imom-xatiblar boshchiligida masjid xodimlari, hay’at a’zolari va namozxonlardan jami 20 mingdan ziyod kishi faol ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati