G'arb xalqlaridagi ayrim odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hokimiyatlari faqatgina aqidaga oid masalalar bilan chegaralanishi kerak degan da'voni qilishadi.
Ularning fikriga ko'ra, Nabiy alayhissalomning boshqaruvlari iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy ishlarga tegishli bo'lmasligi kerak. Bordiyu Nabiy alayhissalom bu yo'nalishlarda biror ko'rsatma bergan bo'lsalar, buni Payg'ambar sifatida emas, balki shaxsiy tavsiya o'laroq aytganlar. Va ummat bunday ko'rsatmalarga amal qilishi majburiy emas emish.
Ushbu buzuq da'volarini isbot qilish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarga “Sizlar dunyongiz ishini biluvchiroqsiz” deb aytgan hadislarini keltirishadi.
Avvalo, shuni unutmaslik kerakki, hadisni dalil qilib keltirishda uni to'liq berish talab etiladi. Aks holda, noto'g'ri tushunishga, xato tasavvurga olib keladi.
Islom boshqa dinlar kabi ayrim ta'limot va ibodatlar bilangina chegaralanmaydi. Islom dini kishilar turmush tarzini ham tartibga soladi, har kim hayotini o'zi istaganicha erkin qurib yashashiga izn berilmaydi. Shu bois, ayrimlar Payg'ambar hokimiyatini faqat ba'zi ta'limot va ibodatlar bilan chegaralashga intiladi.
Bu zamonaviy qarash qattiq adashish (yanglishish)dan o'zga narsa emas. Islom boshqa dinlardan farqli o'laroq faqat ta'limot va ibodatlardan iborat emas. U ilohiy mavzularga to'liq javob bera olganidek siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yo'nalishlardagi muammolarga ham aniq javob bera oladi. Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱسۡتَجِيبُواْ لِلَّهِ وَلِلرَّسُولِ إِذَا دَعَاكُمۡ لِمَا يُحۡيِيكُمۡ ٢٤
“Ey, iymon keltirganlar! Sizlarni tiriltiruvchi narsa (ilm olish) uchun chorlaganlarida, Allohga va Rasulga (labbay deb) javob qilingiz!” (Anfol surasi, 24-oyat).
Alloh taolo va Uning Rasuli mo'minlarni hayotga chaqirmoqda. Bundan kelib chiqib dunyoviy ishlarni Alloh va Rasuliga aloqadar emas degan da'voni qanday tushunish mumkin?
Kim Qur'oni karimni batafsil o'rgansa unda oldi-sotdi, sherikchilik, meros, oilaviy masalalar, siyosiy mavzular, jang va sulhga oid muammolarning echimiga mavjudligiga guvoh bo'ladi.
Agar Islom faqat ibodat va ta'limotlar bilan chegaralanib qolganida, Qur'oni karimda yuqorida zikr qilingan mavzularning echimi keltirilmagan bo'lardi.
Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va huquqiy muammolar echimi to'liq qamrab olingan va bu mavzularga oid qator kitoblarda yozilgan.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoviy ishlarda vakolatga ega bo'lmagan bo'lsalar, unda qanday qilib yuqoridagi kabi mavzular bilan puxta shug'ullanganlar deyish mumkin? Qur'oni karim hamda sunnatning bu borada (dunyoviy ishlarda)gi ko'rsatma va echimlari shu qadar bexato, aniq va qat'iyki ularni shaxsiy tavsiyalar deb tasavvur qilish mumkin emas.
Alloh va Uning Rasuliga itoat qilish haqidagi ko'plab oyatlarni yuqorida keltirib o'tdik. Bu itoat aynan bir mavzu bilan chegaralanmagan. Balki bu itoat to'liq taslim bo'lishga, hech qanday istisnosiz bo'yinsunishga dalolat qiladi.
Qur'on va Sunnat hamisha insoniyat tarixida tartibsizliklarning asosiy sababi bo'lgan va odamlar uning ta'siri ostida doimo shaytoniy istaklarning qurboni bo'lgan inson hayotining bu tirik tarmog'iga munosbat bildirmay qolmaydi.
Qanday bo'lmasin, Islom kishilar hayotining amaliy sohalariga aralashmasligi kerak degan fikr mutlaqo noto'g'ri ekani aniq. Keling bu xato qarashni da'vo qiluvchilar foydalanadigan “Sizlar dunyongiz ishini biluvchiroqsiz” hadisini tahlil qilaylik:
Madinalik musulmon arablar xurmo daraxtlari yaxshi hosil berishi uchun daraxtlarni changlashardi. Bu ish “ta'bir” deb atalardi. Bu ishlar Edvard Uil'yam Leyn[1] (1801-1876) (E.W. Lane) tomonidan qo'yidagicha izohlanadi: “Odamlar xurmo daraxtining ustigachiqib, ma'lum harakatlarni bajarib, daraxt shoxlarini bir-biriga kiritib changlatishadi”.
Buni ko'zingiz oldida turgandek tasavvur qiling va Imom Muslim “Sahih” hadislar to'plamida kelgan ushbu hadisni o'qing. Sahoba Tolha roziyallohu anhu bunday rivoyat qiladi.
وحدثنا إسحاق بن إبراهيم بن جبلة ، نا عبيد الله بن موسى ، أنا إسرائيل ، عن سماك ، أنه سمع موسى بن طلحة ، يحدث عن أبيه قال : مررت مع النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم في نخل ، فرأى قوما في رءوس النخل يلقحون النخل ، فقال : «ما يصنع هؤلاء ؟» قالوا : يجعلون الذكر في الأنثى قال : «ما أظن ذلك يغني شيئا» ، فبلغهم ذلك فتركوه ، فنزلوا عنها فبلغ ذلك النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال : «إنما هو ظن ظننته ، إن كان يغني شيئا فاصنعوه ، فإنما أنا بشر مثلكم ، وإن الظن يخطئ ، ولكن ما قلت لكم : قال الله تعالى فلن أكذب على الله عز وجل».
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga xurmolar ustida turgan qavmning oldidan o'tdim. Shunda, u zot: “Anavilar nima qilishmoqda?” dedilar.
“U(xurmo)ni changlatishmoqda, erkagini urg'ochisiga qo'shsa, changlanadi”, deb aytishdi.
U zot sollallohu alayhi vasallam: “Menimcha, undoq qilish biror foyda bermas, deb gumon qilaman”, dedilar.
Haligi odamlarga buning xabari berildi. Shunda ular changlatishni to'xtatdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bu haqda xabar berilganda: “Agar o'sha narsa ularga manfaat bersa, uni qilaversinlar. Albatta, men bir gumon qildim, xolos. Gumon ila meni tutmanglar. Lekin qachon sizlarga Allohdan gapirsam, uni olinglar. Chunki men zinhor Alloh azza va jallaga nisbatan yolg'on demasman”, dedilar»[2].
Anas roziyallohu anhuga ko'ra, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu hodisada “Siz dunyoviy ishlaringizni yaxshiroq bilasiz”, deganlar.
Umuman olganda, ushbu hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xurmo daraxtini changlash haqida hech qanday taqiqlovchi gap aytmaganlar. Payg'ambarimizning qilgan ishlari na bir buyruq, na bir qaytariq yo na bir diniy taqiq va na bir axloqiy muhokama edi. Hattoki u jiddiy bir gap emas edi. Faqatgina tavsiya edi, xolos. Bu haqda u zot alayhissalom birozdan keyin bunday deganlar: “bu ishning biror bir foydasi bor deb hisoblamayman”. Hech kim bu so'zlarni biror hukm sifatida qabul qilmaydi.
Shuning uchun, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam changlatayogan odamlarning oldiga borib tavsiyalarini aytmaganlar va bildirgan tavsiyalarini ularga etkazilishini amr ham qilmaganlar. Ular faqatgina boshqa odamlar vositasida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu mulohazalaridan xabardor bo'lganlar.
Bu tavsiya garchi buyruq bo'lmasada ammo Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari u zotga bo'lgan muhabbatlari sababli changlatishni to'xtatganlar. Payg'ambarimiz alayhissalom ularning changlatishni tark etishganlaridan xabar topganlarida aytgan gaplari xato tushunchaga sabab bo'lmasligi uchun ham so'zlarini sharhlaganlar.
Bundan shu ma'lum bo'ladiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning biror ishga qat'iy aytgan so'zlarigagina amal qilinishi shart sanaladi.
U zot alayhissalomning shaxsiy taxmin, tavsiyalari inobatga olinishi lozim, lekin shariatning bir qismi hisoblanmaydi.
Yuqorida aytib o'tilganidek, shariatda ko'zda tutilmagan oddiy kundalik ishlar borki, odamlar o'z bilimlari va tajribalariga qarab qaror qabul qilishlari mumkin. Masalan, cho'lda tuproqni o'stirishda qanday asboblar kerak? Dalalarni qanday o'g'itlash kerak? O'zini himoya qilish uchun qaysi qurolni ishlatish yaxshiroq?....
[1] Ingliz, arab tarjiymoni, sharqshunos, sayyohatchi.
[2] Ibn Moja. Sunan; Imom Ahmad. Musnad; Bazzor. Musnad.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism, 8-qism, 9-qism, 10-qism, 11-qism, Davomi bor...
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati