Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hukmronlik vakolatlarining ikki ko'rinishi mavjud:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa vakolatlarini tahlil etish uchun, yana bir savolga javob berish kerak bo'ladi.
Sunnatni tan olmaydigan toifalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Qur'on oyatlarini sharhlash va hukmlarni bayon qilish bo'yicha vakolatlari u zot alayhissalomning hayotlik, sahobalarga murojaat va ularni boshqarayotgan vaqtlari bilan chegaralanadi. Shu sababli, payg'ambarlik vakolati faqat ularga tegishli va ulardan keyingi avlodlarga tegishli hisoblanmaydi.
Keling, o'zimizga savol beraylik: haqiqatdan ham payg'ambarlik vakolatining vaqt chegaralari bormi yoki u abadiymi?
Juda ko'p dalillarga ko'ra, musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga rahbarga itoat etgandek bo'ysunishlari kerak emas. Balki payg'ambarga itoat etgandek itoat etishlari lozim. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vakolatlari rahbarlik bilan cheklanganda, haqiqatda uning hukmronligi bilan chegaralangan bo'lardi.
Yana bir savol. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir millatga yoki ma'lum davrga mos edimi yo u zot alayhissalomning elchilik vazifalari butun insoniyatga va to Qiyomatga qadar davom etadimi? Keling bu savolga javobni Qur'ondan qidirib ko'raylik.
قُلۡ يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ إِنِّي رَسُولُ ٱللَّهِ إِلَيۡكُمۡ جَمِيعًا ١٥٨
"Ayting (ey, Muhammad!): Ey, odamlar! Men sizlarning barchangizga (yuborilgan) Allohning rasuli (elchisi)dirman" (A'rof surasi, 158-oyat).
وَمَآ أَرۡسَلۡنَٰكَ إِلَّا كَآفَّةٗ لِّلنَّاسِ بَشِيرٗا وَنَذِيرٗا وَلَٰكِنَّ أَكۡثَرَ ٱلنَّاسِ لَا يَعۡلَمُونَ ٢٨
"(Ey, Muhammad!) Biz Sizni, haqiqatan, barcha odamlarga xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi bo'lgan holingizda (payg'ambar qilib) yubordik. Lekin odamlarning aksariyati (bu haqiqatni) bilmaslar" (Saba' surasi, 28-oyat).
وَمَآ أَرۡسَلۡنَٰكَ إِلَّا رَحۡمَةٗ لِّلۡعَٰلَمِينَ ١٠٧
"(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz" (Anbiyo surasi, 107-oyat).
تَبَارَكَ ٱلَّذِي نَزَّلَ ٱلۡفُرۡقَانَ عَلَىٰ عَبۡدِهِۦ لِيَكُونَ لِلۡعَٰلَمِينَ نَذِيرًا ١
"Olamlar (insonlar va jinlar)ga ogohlantiruvchi bo'lishi uchun O'z bandasi (Muhammad)ga Furqon (Qur'on)ni nozil etgan zot barakotli (buyuk)dir" (Furqon surasi, 1-oyat).
وَأَرۡسَلۡنَٰكَ لِلنَّاسِ رَسُولٗاۚ وَكَفَىٰ بِٱللَّهِ شَهِيدٗا ٧٩
"Sizni odamlarga payg'ambar qilib yuborganmiz. Guvohlikka (esa) Alloh (O'zi) etarlidir" (Niso surasi, 79-oyat).
يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ قَدۡ جَآءَكُمُ ٱلرَّسُولُ بِٱلۡحَقِّ مِن رَّبِّكُمۡ فََٔامِنُواْ خَيۡرٗا لَّكُمۡۚ وَإِن تَكۡفُرُواْ فَإِنَّ لِلَّهِ مَا فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۚ وَكَانَ ٱللَّهُ عَلِيمًا حَكِيمٗا ١٧٠
"Ey, odamlar! Payg'ambar sizlarga Robbingizdan haq narsa (Islom)ni keltirdi. Bas, iymon keltiringiz. (Shunda) o'zingiz uchun yaxshi bo'lur. Bordi-yu, inkor etsangiz, bas, osmonlaru Yerdagi narsalar Allohnikidir. Alloh bilim va hikmat sohibidir" (Niso surasi, 170-oyat).
Yuqoridagi besh oyatni sharhlashga hojat yo'q. Ushbu oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ma'lum bir jamoaga emas balki, butun insoniyatga payg'ambar bo'lib yuborilganliklari, u zot alayhissalomning payg'ambarliklari vaqt yoki zamon bilan chegaralanmasligi ta'kidlanadi.
Oltinchi oyatda esa, butun insonlarga Payg'ambar alayhissalomga iymon keltirish buyurilyapti. Qiyomatga qadar keladigan insonlarning barchasi o'z payg'ambariga iymon keltirmog'i shartdir.
Qolaversa, Qur'oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi payg'ambar ekanliklari va u zot alayhissalomdan keyin boshqa payg'ambar kelmasligi alohida ta'kidlangan:
مَّا كَانَ مُحَمَّدٌ أَبَآ أَحَدٖ مِّن رِّجَالِكُمۡ وَلَٰكِن رَّسُولَ ٱللَّهِ وَخَاتَمَ ٱلنَّبِيِّۧنَۗ وَكَانَ ٱللَّهُ بِكُلِّ شَيۡءٍ عَلِيمٗا ٤٠
"Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasiga ota emasdir, balki u Allohning elchisi va payg'ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir" (Ahzob surasi, 40-oyat).
Bu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg'ambarlar zanjirining oxiri ekanliklari aniq ko'rsatilgan. Ilgari, ba'zi xalqlarga payg'ambarlar yuborilgan boshqa payg'ambarlar ularga ergashgan. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin payg'ambar bo'lmagan va bo'lmaydi.
Shunday qilib, Nabiy alayhissalomning payg'ambarliklari to qiyomatga qadar barcha xalqlarga tegishlidir. Payg'ambarimiz buni quyidagicha izohlaydilar.
كَانَتْ بَنُو إِسْرَائِيلَ تَسُوسُهُمُ الأَنْبِيَاءُ كُلَّمَا هَلَكَ نَبِىٌّ خَلَفَهُ نَبِىٌّ وَإِنَّهُ لاَ نَبِىَّ بَعْدِى وَسَيَكُونُ خُلَفَاءُ فَيَكْثُرُونَ
"Banu Isroilni anbiyolar boshqarar edi. Har safar biror nabiy o'lsa, uning o'rniga bir nabiy qolardi. Albatta, mendan keyin nabiy yo'q, faqat xalifalar bo'ladi. Ular ko'p bo'lishadi",(Imom Buxoriy rivoyati).
Agar payg'ambarlik muddati vafot etish bilan chegaralanganda, kelajakdagi insonlar payg'ambar boshqaruvisiz qolgan bo'lishardi. Zero, Alloh taolo hech qachon bandalarini payg'ambarsiz qoldirmagan. Bundan Payg'ambar alayhissalom barcha xalqlarga abadiy elchi bo'lganlariga shubha yo'qligi ma'lum bo'ladi.
Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg'ambarlik vakolati haqiqiy emasligini va bugungi kunda musulmonlar unga bo'ysunishga va unga ergashishga majbur emasligini ko'rsatadigan birorta asos yo'q.
Yana bir muhim dalil. Birinchi bobda ta'kidlaganimizdek, Alloh taolo ilohiy kitobni Rasulsiz yubormagan. Payg'ambarlar kitobni o'rgatishlari va tushuntirishlari kerak. Payg'ambar alayhissalomning batafsil tushuntirishisiz farz namozini o'qish usuli haqida hech kim bilmasligini ham yuqorida isbotlab o'tildi.
Shu o'rinda yana bir savol tug'iladi: faqat Payg'ambar davridagi arablar bu tushuntirishlarga muhtoj bo'lishganmi? Makka arablari uchun Qur'on tili bizga qaraganda yaqinroq edi. Ular Payg'ambar alayhissalomga zamondosh bo'lishgan va Qur'on nozil bo'lishining barcha shartlarini yaxshi bilishgan. Ular Payg'ambarning og'zidan Qur'oni karim oyatlarini oldilar va matnni to'g'ri tushunish uchun barcha shart -sharoitlar bilan yaxshi tanish edilar. Biroq, ular Payg'ambarimizning tushuntirishlariga muhtoj edilar. Ho'sh, qanday qilib XIV asrdan keyin, bu afzalliklardan mahrum bo'lgan odamlar, Payg'ambarning izohlariga muhtoj bo'lmasin?
Biz arab tili va Qur'on uslubini bilish darajasida emasmiz, chunki ular Qur'oni karim nozil bo'lgan va ular ishtirok etgan sharoitda hech qachon bo'lmaganmiz. Agar ularga Qur'onni sharh, tafsir qilishda Payg'ambarimiz qanchalik kerak bo'lgan bo'lsa, biz undan ham ko'ra ko'proq muhtojmiz.
Agar Qur'oni karimning qudrati vaqt chegarasi bo'lmasa, uning oyatlari jamiki xalqlarning hamma avlodlari uchun majburiy bo'lsa, Rasulullohning payg'ambarliklari ham barcha makon va zamonlarga tegishli sanaladi.
Qur'oni karimda nafaqat Makka va Madina arablariga, balki barcha iymon keltirganlarga Payg'ambarlarga itoat qilish buyuriladi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَ ٥٩
“Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg'ambarga va o'zlaringizdan (bo'lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).
Agar Allohga itoat hamisha Payg'ambarga bo'ysunish bilan birgalikda kelgan bo'lsa, demak, uni bir-biridan ajratib bo'lmaydi.
Agar Alloh Robbimiz bo'lsa, Uning hukmronligi abadiy bo'lsa, Payg'ambarning vakolati ham barcha zamonlarda davom etadi. Qur'oni karim Alloh va Rasulini ajratishdan ogohlantiradi:
إِنَّ ٱلَّذِينَ يَكۡفُرُونَ بِٱللَّهِ وَرُسُلِهِۦ وَيُرِيدُونَ أَن يُفَرِّقُواْ بَيۡنَ ٱللَّهِ وَرُسُلِهِۦ وَيَقُولُونَ نُؤۡمِنُ بِبَعۡضٖ وَنَكۡفُرُ بِبَعۡضٖ وَيُرِيدُونَ أَن يَتَّخِذُواْ بَيۡنَ ذَٰلِكَ سَبِيلًا ١٥٠ أُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡكَٰفِرُونَ حَقّٗاۚ وَأَعۡتَدۡنَا لِلۡكَٰفِرِينَ عَذَابٗا مُّهِينٗا ١٥١
"Allohga va payg'ambarlariga kufr keltiruvchilar, Alloh bilan payg'ambarlari o'rtasini uzishni xohlovchilar, biriga ishonamiz, biriga ishonmaymiz, deb o'rtacha yo'l tutuvchilar, ana o'shalar haqiqiy kofirlardir. Kofirlarga esa xor etuvchi azobni tayyorlab qo'yganmiz" (Niso surasi, 150-151 – oyatlar).
Binobarin, Payg'ambar alayhissalomning buyruqlariga bo'ysunish iymonning ajralmas qismidir. Uni rad etish – bu ulkan xatoga yo'l qo'yishdir.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism, 8-qism, 9-qism, 10-qism, Davomi bor...
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.
Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!
Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.
Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».
Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.
Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.
Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi